«Tundan tonggacha»: salkam yarim milliard so‘mlik qarzdorlik qayerdan keldi?
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari kechasiyam ishlashmoqda. Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018-yildagi 22-sonli qarori talablariga muvofiq vaqti-vaqti bilan (asosiysi, kutilmaganda) tungi 00-00 dan soat 06-00 gacha «Tundan tonggacha» reydlari o‘tkazilmoqda.
Byuroning Furqat tuman bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan tumandagi «Turdalixon to‘ra bog‘i» fermer xo‘jaligiga qarashli issiqxonada energiya resurslaridan foydalanishning qonuniyligini tunda borib o‘rganishganda gaz hisoblagichdan tashqari, gaz tarmog‘iga yashirin holatda ulanib, noqonuniy foydalanayotganligi aniqlangan.
Avvaliga hammasi joyidaga o‘xshadi: hujjatlar bor, gaz hisoblagich ham bir me’yorda ishlab turibdi. Lekin o‘n ming tuplab pomidor va bodring ko‘chatlari yetishtirilayotgan issiqxonada tabiiy gaz uchun to‘lanayotgan mablag‘ bir xonadon iste’molini tashkil qilayotgani shubha uyg‘otmay qolmadi.
Holatga aniqlik kiritish uchun gaz hisoblagich o‘chirildi. Biroq, buni qarangki, kotyollarda yonayotgan tabiiy gaz o‘chmadi!
Ma’lum bo‘ldiki, issiqxona ortidan o‘tgan gaz tarmog‘iga yashirin ravishda yer ostidan «yo‘l ochilib», ulanib olingan ekan!
Xullas, issiqxona tarmoqdan to‘liq uzildi, aniqlangan holatlar bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Gaz ta’minoti korxonasi mutaxassislari qayta hisob-kitob qilishganida qarzdorlik 482 mln. 529 ming so‘mni tashkil qildi.
Bu yog‘i nima bo‘ladi? Zarar to‘lansa, jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaydi. Aks holda, «ish» ochilib, zarar undirilishidan tashqari, issiqxona egasining jinoiy javobgarlik masalasi ham hal etiladi-da.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter