Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tovarlarni olib o‘tishning yangi normasi bojxona organlarida korrupsiyani avj oldiradimi?

Tovarlarni olib o‘tishning yangi normasi bojxona organlarida korrupsiyani avj oldiradimi?

Foto: «Xabar.uz»

2018-yilning 1-iyulidan e’tiboran mamlakatimiz hududiga maishiy texnika buyumlari, ofis texnikalari va ayrim turdagi tovarlarni olib o‘tish tartibi yanada takomillashgani haqida xabar bergan edik.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu mavzu keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kimdir bunga ma’muriy cheklov sifatida qarasa, yana kimdir mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti uchun foydali ekanligini ta’kidlamoqda. Chunki har bir fuqaro o‘z xonadoni ehtiyojlari uchun zarur buyumlar va texnikalarni xarid qilishni istaydi.

Qo‘shni davlatlar yoki xorijdan qaytayotgan yurtdoshlarimiz temir yo‘l yoki avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekistonga kirib kelar ekan, ushbu tovarlarning ro‘yxati bilan qiziqishi tabiiy, albatta.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi «Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o‘tish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 463-son qaroriga asosan, endilikda temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 1000 AQSh dollari miqdorida hamda avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda esa — 300 AQSh dollari miqdoridagi quyidagi tovarlarni 1 kalendar oy davomida 1 donadan bojxona to‘lovlarisiz olib kirish mumkin.

Bular har bir xonadon uchun zarur bo‘lgan sovutgich, muzlatgich, konditsioner, kir yuvish mashinasi, changyutgich, gaz plitasi, elektr plita, televizor, mikroto‘lqinli pech, duxovkali pech, elektr go‘sht qiymalagich, dazmol, fen, oshxona kombayni, telefon apparati, shu jumladan, qo‘l telefoni, kompyuter texnikasi, printer va ko‘p funksiyali ofis qurilmasi, planshet, noutbuk, oshxona idishi (bir to‘plam) kabi tovarlardir.

Shuningdek, boshqa har bir nomdagi tovar (masalan, oziq-ovqat, kiyim kechak, kanselyariya, xo‘jalik mollari)dan 2 kg., ammo umumiy og‘irligi 10 kg.dan oshmaydigan tovarlardan bojxona to‘lovlari undirilmaydi.

Jismoniy shaxslar tovarlarni bojxona to‘lovlari to‘lamasdan olib o‘tishning miqdoriy normalari jismoniy shaxs O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlaridan belgilangan davrda birinchi marta o‘tishida qo‘llaniladi. Bunda bojxonachilar chegara xizmatlari organlari tomonidan jismoniy shaxsning pasportiga qo‘yiladigan belgidagi sanaga asoslanishadi. Ro‘yxatda qayd etilgan har qanday tovar belgilangan norma va davriylikdan ortiq olib o‘tilganda esa o‘rnatilgan tartibda bojxona to‘lovlari undiriladi.

«Agar ushbu ro‘yxatga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan maishiy texnika buyumlarini har kuni xarid qilmaymiz. Tabiiyki, bu turdagi sifatli mahsulotlar xonadonimizga yillar davomida beminnat xizmat qiladi. Xo‘sh shunday ekan, joriy qilingan bu tartibdan kim bezovta bo‘lyapti, degan haqli savol tug‘iladi. Buning javobi ham hech kimga sir emas aslida», deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabarida.

Yurtimizga asosan avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali kirib kelayotgan ayrim shaxslar davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulayliklarni suiiste’mol qilgan holda 300 AQSh dollari qiymatidagi har xil turdagi tovarlarni qo‘shtirnoq ichidagi olibsotarlarning buyurtmasi asosida o‘tkazib berishni o‘ziga kasb qilib oldi. Natijada, o‘z oilasi ehtiyoji uchun emas, balki kimlarningdir cho‘ntagini qappaytirishni ko‘zlab qilingan bu harakatlardan oxir-oqibat kim ziyon ko‘radi? Axir kuniga bir necha marotaba tashilayotgan maishiy texnika buyumlari, ofis texnikalari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan boj to‘lovlari davlat budjeti orqali qayta taqsimlanib, oylik ish haqi, pensiya, stipendiya ko‘rinishida yana xalqimizning o‘ziga qaytishi sir emas.

Ammo ayrim shaxslar tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda, tovarlarni olib o‘tishning yangi normasi go‘yoki bojxona organlarida korrupsiyani avj oldiradi qabilidagi da’volar ham o‘rtaga tashlanmoqda.

Shuni unutmaslik kerakki, bugungi kunda bojxona nazorati jarayoni inson omili aralashuvisiz amalga oshirilishi, sohaga keng joriy etilgan zamonaviy informatsion texnologiyalar hamda videokuzatuv tizimi nafaqat bojxonachilar balki ayrim qonunbuzarlikka moyil shaxslarning nojo‘ya xatti-harakatlarini erta aniqlash imkonini bermoqda.

Eng asosiysi, joriy yilning 1-iyulidan mamlakatimiz chegara o‘tkazish punktlarida joriy qilingan ushbu tartib o‘z xonadoni ehtiyojlari uchun ushbu turdagi tovarlarni olib kirmoqchi bo‘lgan fuqarolarga hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, 2019-yil 1-yanvardan e’tiboran respublikamizga olib kiriladigan 3410 turdagi mahsulot pozitsiyalari bo‘yicha bojxona to‘lovlari stavkalari tushirildi. Bular sirasiga oziq-ovqat, go‘sht va sut mahsulotlari, kiyim-kechaklar, plastmassa mahsulotlari, elektron mashinalar va uskunalar kiritilgan. Shuningdek, 790 turdagi mahsulotlar pozitsiyasi bo‘yicha aksiz stavkalari ham tushirildi.

«Shunday ekan, chetdan noqonuniy yo‘llar bilan mahsulot olib kirishni o‘ziga kasb qilib olib, mo‘may daromad orttirishga ko‘nikib qolgan ayrim shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga berilmasdan o‘z faoliyatlarini qonuniy asosda olib borishi, halol tadbirkorlik ortidan daromad topishlari ayni muddao bo‘lar edi», deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring