Toshkentda birinchi xalqaro «Tashkent Digital Marketing Forum 2023» tadbiri o‘tkaziladi
19-20 mart kunlari «Hilton Tashkent City» mehmonxonasida birinchi xalqaro dijital marketing konferensiyasi va 22 ta nominatsiya bo‘yicha brendlar, agentliklar va raqamli kontent mualliflarini taqdirlash marosimi – «Digital Marketing Awards» o‘tkaziladi.
Ayni vaqtda biznes dijitalga o‘tmoqda va bu fakt. Shu sababli, reklama va marketing bilan bir qatorda, iste’molchilarga o‘z mahsulotlari va xizmatlarini izlashlari hamda foydalanishlari uchun eng qulay sharoitlarni yaratayotgan biznes vakillari tomonidan Internet makonining samarali qo‘llanilishi bo‘yicha eng yaxshi namunalarni muhokama qilish, qiyoslash va baholash muhim sanaladi.
Keyingi yillarda qidirish tizimlari, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar eng yaqin do‘stga aylandi va muloqotning boshqa shakllarining o‘rnini bosdi, deyish mumkin. Dunyoqarashi ko‘p jihatdan internet-axborot va dijital formatlar bilan bog‘liq avlod shakllandi. Yuzaga kelayotgan tendensiyalar, biznes va umuman jamiyat istiqboli bo‘yicha ochiq muhokamalar davri keldi.
Jahonda dijital-marketingga bag‘ishlangan ko‘plab forumlar o‘tkazilishiga qaramay Markaziy Osiyo mintaqasining o‘ziga xosligi, iste’mol madaniyati, biznes rivojlanishi va darajasi alohida e’tiborni, shu sohadagi xalqaro mutaxassislar bilan tajriba va fikr almashishni talab qiladi.
Forum – o‘z yutuqlarini ko‘rsatish, g‘oyalar va kirib kelgan yildagi rejalar bilan o‘rtoqlashish, bozor yetakchilarini tanish,o‘tgan yilda dijital-metrika bo‘yicha forum sovrinini oladigan eng yaxshi loyihalarni ko‘rish imkoniyatidir.
Forum – mamlakatdagi brendlarning raqamli faoliyati va ilgarilash borasidagi yangi imkoniyatlarga bag‘ishlangan birinchi eng keng ko‘lamli voqea bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston marketing uyushmasi tomonidan hamkorlar ko‘magida tashkil etilgan. Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Norvegiya, Ukrainadan ko‘p yillik tajribaga ega va jahonning yetakchi brendlari bilan ishlovchi 20 dan ziyod spikerlar jamlanadi.
Ikki kunlik konferensiya davomida samarali raqamli strategiyani qanday yaratish, biznesda qanday dijital-vositalarni qo‘llash, Telegram va AliBaba’da qanday mahsulotlarni qanday targ‘ib etish va sotish, internetdagi reklama samaradorligiga qanday ta’sir ko‘rsatish, dijitalda kuchli brendlarni qanday qurish va boshqa ko‘plab qiziqarli mavzulardagi chiqishlar bo‘ladi. Forum spikerlari qatorida Yandeks, SAP, Admixer, WunderDigital, Alibaba.com va Beeline vakillari mavjud.
Forumdagi yirik bloklardan biri ta’sir marketingiga bag‘ishlangan. Sir emaski, brendlar mashhur shaxslar, blogerlar, inflyuenserlar va selebritiga reklama uchun tobora ko‘proq murojaat qilmoqdalar. Forumning maxsus mehmoni – 6,11 mln obunachiga ega ilmiy-ommabop YouTube-kanal muallifi Yan Toplesdir. Yan fizika, astronomiya, biologiya va boshqa fanlar, shuningdek san’at, madaniyat va gender tushunchasi hamda avlodlar nazariyasi kabi ijtimoiy ahamiyatga ega mavzularda ilmiy-ommabop videolar chop etadi.
Yan Toples, mahalliy influyenc-marketing yetakchilari Umid G‘ofurov («Tanish-bilish» agentligi) va Denis Roman («Wedigital» agentligi) bilan birgalikda, blogerlar va brendlarning o‘zaro muloqotlaridagi trendlar va muammolar muhokamasiga bag‘ishlangan panel muhokamasida qatnashadi. Muhokamada qatnashish uchun, shuningdek, Cho‘lpon Ashimova («Namba Media» agentligi, Qirg‘iziston) va Diana Laletina («2any1» agentligi, Qozog‘iston) ham taklif etilgan.
20 mart sanasida Digital Marketing Awards – forum kuratorlari tanloviga ko‘ra, blogerlar, raqamli kontent mualliflarini taqdirlash birinchi marosimi o‘tkaziladi. O‘zbekistonda rus va o‘zbek tillarida noyob kontent yaratuvchi raqamli kontent mualliflari 22 ta nominatsiyada sovrinlarga ega bo‘ladilar .
Instagram va Telegramning 2022-yilgi raqamli ko‘rsatkichlariga ko‘ra 11 ta alohida nominatsiyada eng xilma-xil, jozibali, mashhur postlar yaratuvchi agentliklar va brendlar taqdirlanadi. G‘oliblar MDH mamlakatlarida ijtimoiy tarmoqlarni tahlil qiluvchi, sharhlar monitoringini amalga oshiruvchi eng mashhur sanaladigan LiveDune ijtimoiy tarmoqlar tahlili servisining raqamli metrikalari bo‘yicha aniqlanadi.
Digital Marketing Awards ’ning ilk g‘oliblarini qutlash niyatida bo‘lganlarni taqdirlash marosimida qatnashishga taklif etamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter