Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentlik «Maugli». Uch yoshida ko‘chaga tashlab ketilgan nogiron bolaning hayratlanarli qismati

Toshkentlik «Maugli». Uch yoshida ko‘chaga tashlab ketilgan nogiron bolaning hayratlanarli qismati

Foto: Videolavhadan skrinshot

O‘rmonga tashlab ketilgan va yovvoyi hayvonlar orasida ulg‘aygan «Maugli»lar haqida eshitganmiz. Nogironligi bo‘lgan Shohruxni uch yoshligida o‘z onasi Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi ko‘p qavatli uylarning yoniga tashlab ketdi. U birovning qaramog‘isiz, uysiz, ko‘chada yotib ulg‘aydi.  

O‘zA Shohrux Allamov murojaati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi va shunday hayratlanarli qismatga duch keldi.

– Onam meni 3-4 yoshligimda ko‘p qavatli uylar atrofidagi o‘rindiqqa o‘tirib tur, hozir kelaman, deb tashlab ketganicha qaytib kelmagan, – deydi Shohruh Allamov. – Onam kelib qolar deb o‘rindiqda kuta-kuta qornim ochqadi. Ro‘parada do‘kon bor ekan. Do‘konga kirdim. Menga yegulik berishdi. Ota-onam yo‘qligini bilishgach, do‘konchilar menga yegulik, kiyim-kechak berardi. Kechalari gohida do‘kon atrofida, gohida ko‘p qavatli uylar pod’yezlarida, yerto‘lalarda yotib kun o‘tkazdim. Shu tariqa bolaligim o‘tib ketdi. Keyinroq do‘kon va do‘kon atrofini tozalash kabi ishlarni bajarganim uchun do‘konchilar menga qarab yurishdi. O‘qish va yozishni o‘rgatishdi.

Yetim, buning ustiga tug‘ma nogiron bola, 3 yoshidan buyon ko‘cha-ko‘yda kun kechirgani sababli, shu vaqtga qadar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi va fuqarolik pasporti ham yo‘q edi.

Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma hamda fuqarolik pasporti olish uchun Uchtepa tumani hokimligi, tuman FHDYo bo‘limi, mahallalarga, bundan tashqari 50ga yaqin tashkilotga yillar mobaynida ko‘p bora murojaat etgan. Ammo hech biri uning murojaatini tinglamadi. Ba’zi mutasaddi tashkilot xodimlari «Uka, cho‘pchagingni eshitishga vaqtim yo‘q. O‘rgildim sendaqa toshkentlik Mauglidan!» deya kinoyali zarda qilganlar ham bo‘ldi. Xullas, Xalq qabulxonalari tashkil etilguniga qadar u bormagan eshigi qolmadi.

Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma hamda fuqarolik pasportini olishda amaliy yordam so‘rab Toshkent shahar Xalq qabulxonasi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga murojaat etdi.

«Ochig‘ini aytganda, birdaniga Shohruxning gaplariga ishonish qiyin edi. Uch yoshida tashlab ketilgan bolakay hech kimning yordamisiz 25 yoshga to‘lishi aql bovar qilmas hodisa-da! Shu boisdan Shohruhning so‘zlarini tekshirish maqsadida uni atrofdagilardan surishtirdik va u yashaydigan manzilga bordik», deb yozadi maqola muallifi.

Toshkent shahri Chilonzor tumani 2-mavze sport maydonchasining bir burchagidagi tashlandiq joyda Shohrux yotishini, shu yerdagi tashlandiq garajlardagi kutichada narsa-buyumlarini saqlashini ko‘rsatdi. Uning aytishicha, kichkinaligidan do‘konu, kafelarni, qavatli uylar atrofini tozalash, qurilish ishlarida, hullas, kim nima ish taklif qilsa, bajarib, shuning orqasidan kun kechirgan ekan.

O‘zining hayotda borligini tushuntirish maqsadida eshikma-eshik mutasaddi rahbarlarga murojaat etdi. 25 yil davomida na mahalla, na hokimlik, na xalq ta’limi, na tuman tibbiyot xodimlari uning arzi- dodini eshitdi.

– Shohruh kelib o‘zining sharoitini tushuntirdi, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB M va FRB boshlig‘i, podpolkovnik Kozim Oripov. – U shu vaqtga qadar turli tashkilotlarga hujjatini rasmiylashtirishda amaliy yordam so‘rab bir necha bor murojaat qilgan. Bir necha bor Chilonzor tuman profilaktika noziriga ham uchragan. Ammo ish oxiriga yetmagan. Belgilangan tartibga ko‘ra, fuqarolik pasporti olish uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma kerak bo‘ladi. Uni olish uchun esa bolaning ota-onasini topish zarur. Xullas, bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lgan jarayonda doim ish oxiriga yetmasdan orqaga surilib qolib ketavergan. Shohruhning murojaatlarini o‘rganish natijasida shunga amin bo‘ldikki, haqiqatdan ham uning ota-onasi yo‘q. Yana FHDYo organlariga ariza orqali so‘rovnoma berdik. Ammo ular bunaqa bolaga tug‘ilganligi to‘g‘risida guvohnoma rasmiylashtirilmasligini aytishdi. Shohruh 3 yoshida tashlab ketilgani bois, ota-onasining ismini yaxshi eslab qololmagan bo‘lishi mumkin, deb o‘yladik. Keyin uning aqli joyida ekanligi, bergan ma’lumotlari to‘g‘riligini tekshirish maqsadida ekspertiza o‘tkazildi. Espertiza hulosasiga ko‘ra, uning sog‘lom va aqli raso ekani aniqlandi. Tekshirilgan barmoq izlari natijasida esa uning jinoyat sodir etmagani, boshqa bir shaxs sifatida o‘zini tanishtirmayotganligiga aniqlik kiritildi. To‘plangan hujjatlar bilan tuman prokuraturasi orqali tuman fuqarolik sudiga davo arizasi kiritildi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan fuqarolik sudida shaxsini tasdiqlash va jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun kurashgan, 25 yil oldin insonlarning e’tiborsizligi oqibatida jamiyatda nomsiz qolgan Allamov Shohruxga tug‘ilganlik haqida guvohnoma berilishi to‘g‘risida hukm chiqarildi.

– Demak, Shohrux Allamovga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma rasmiylashtirildi. Endi unga fuqarolik pasporti beriladimi?

– Albatta. Biz birinchi to‘siq – tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirib oldik, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB M va FRB boshlig‘i, podpolkovnik Kozim Oripov. – Endi bizda hech qanday to‘siq yo‘q. Endilikda pasport olish jarayonlari boshlandi. Yaqin kunlarda Shohruxga fuqarolik pasporti beriladi.

– Bugun hayotimda unutilmas kun, – deydi Shohrux Allamov. – Bugundan e’tiboran men ham shu Vatanda borligimni his qildim. Guvohnoma va fuqarolik pasportini olish uchun necha yillardan buyon kirmagan eshigim qolmadi. Hayotdagi eng katta orzularimdan biri ro‘yobga chiqdi. Orzularim juda ko‘p. Ilgarilari hujjatim bo‘lmagani uchun hech bir korxona va tashkilotlar ishga qabul qilmas edi. Endi biron bir joyga ishga kiraman. Ishlab, pul yig‘ib, o‘zimga uy olaman. Aytishadi-ku, uy Vatan ichra Vatan deb. Men o‘zligimni topdim. Men Allamov Shohrux Sherzod o‘g‘li O‘zbekiston Respublikasining fuqarosiman. Men shu jamiyatning a’zosiman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring