Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda xavfli kasallik tarqalishi mumkin bo‘lgan hudud «dom» qurishga sotib yuborildi

Toshkentda xavfli kasallik tarqalishi mumkin bo‘lgan hudud «dom» qurishga sotib yuborildi

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumani aholisining Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hududidagi qurilish ishlaridan noroziligi aks etgan videomurojaat e’lon qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, 70 yil davomida yuqumli kasalliklarga qarshi vaksina va zardoblar ishlab chiqarilgan tadqiqot instituti o‘rnida ko‘p qavatli turar joy qurilishi boshlangan. Aholi bu hududda emdorilar sinab ko‘rilgan hayvonlarning jasadi ko‘milgani, ayrim infeksiya qo‘zg‘atuvchi sporalar o‘lmasligi va 100 yilgacha saqlanib qolishi, shu sababdan ham hududni qazish mumkin emasligini aytmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ushbu murojaat yuzasidan ma’lumot berdi.

Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti turli yuqumli kasalliklarni o‘rganish, tashxislash va ularning oldini olish kabi dolzarb muammolarni o‘rganuvchi yirik ilmiy markazlardan biri hisoblanadi. Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti 100 yildan ortiq vaqt davomida 120 turdagi mahsulotlar orqali kuydirgi, vabo, bezgak, quturish, sil, qoqshol va boshqa kasalliklarga qarshi vaksina ishlab chiqargan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 25 noyabrdagi «Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan mahalliy immunobiologik preparatlar yaratish, vaksina va zardoblar ishini hamda farmatsevtik biotexnologiyani rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlari qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, qarorga asosan institutda 13 ta laboratoriya tashkil etilib, bugungi kunda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Ma’lumki, xavfli kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilari uzoq muddat davomida tashqi muhitda, ayniqsa quyosh tushmaydigan nam joylarda saqlanib qoladi. Institut hududida turli yuqumli va o‘ta xavfli kasalliklarga qarshi vaksinalar ishlab chiqarilganligini inobatga olib, qurilish ishlari aholi salomatligiga qanchalik xavf tug‘dirishini aniqlash maqsadida bugungi kunda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish ishlari yakunlanganidan so‘ng qo‘shimcha ma’lumot beriladi, deyiladi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xabarida.

Qayd etilishicha, mahalla ahli bu qurilishlarga mutlaqo qarshi va qurilishga rozilik bermoqchi emas. Amaldagi tartibga ko‘ra, qurilishga doir loyiha hujjatlari tasdiqlanishi uchun shu yerda yashovchi aholining roziligini olish talab etiladi, biroq bu tartibga rioya qilinmagani aytilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring