Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda ruxsatsiz o‘tkazilgan «O‘lmas polk» tadbiri tashabbuskorlari nega jazolanmadi?

Toshkentda ruxsatsiz o‘tkazilgan «O‘lmas polk» tadbiri tashabbuskorlari nega jazolanmadi?

Toshkentdagi Birodarlik qabristonida «O‘lmas polk» tadbiri. 2018-yil 9-may.

Foto: «Podrobno.uz»

Borovskiy kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimov 2017 yil mayida do‘pposlangan, iyun boshida vafot etgan. Shundan so‘ng voqea aybdorlarini jazolash talabi bitilgan jamoatchilik murojaatini imzolash uchun bir necha yuz kishi Toshkentdagi sobiq «Bobur» (hozircha «Do‘stlik») bog‘ida to‘plangan. Toshkent shahar IIBB nazarida, toshkentlik Irina Zaydman bu «ruxsat etilmagan ommaviy tadbir»ning asosiy tashkilotchilaridan biri bo‘lgan.

O‘sha yilning 22-sentyabrida Toshkentning o‘sha vaqtdagi hokimi Rahmonbek Usmonov shahardagi daydi it-mushuklarni tun-u kun tutish haqidagi hujjatni imzolagan. Ijtimoiy tarmoqlardagi hayvon himoyachilari bu qarordan junbushga kelgan. 26-sentabr kuni jonivorlar muhofazasini yaxshilash bo‘yicha hukumatga murojaat uchun Pushkin haykali poyida imzo to‘plangan. Toshkent shahar IIBB nazarida, bu «ruxsat etilmagan ommaviy tadbir»da imzo to‘plash ishi bilan toshkentlik Mariya Legler shug‘ullangan.

10 noyabr kuni Mariya Legler Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK)ning uchta moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan, 10 kunga qamalgan va salkam 9 million so‘m jarimaga tortilgan. 15 noyabr kuni esa Irina Zaydman MJtKning ikki moddasi bo‘yicha aybli deb topilib, 15 kunlik qamoq va qariyb 7,5 million so‘mlik jarima bilan jazolangan.

O‘shanda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev «ayollar shahar ma’muriyatining ruxsatini olmay, xatoga yo‘l qo‘yganliklariga iqror bo‘lishgani»ni aytgandi. «Biz huquqiy davlatda yashayapmiz, qonunlarimiz va belgilangan tartib bor. Har qanday ruxsat etilmagan yig‘inlar, mitinglar, murojaatlar uchun imzo to‘plashlar qonun bilan belgilangan tartibda to‘xtatiladi. Tashkilotchilar esa qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi», — degandi Toshxo‘jayev.

Nohaqlik ustidan ommaviy norozilik bildirish yoki itlarning huquqlarini himoya qilish oldidan nega shahar ma’muriyatini ogohlantirish kerak? Doniyor Toshxo‘jayevning aytishicha, gavjum tadbirlar vaqtidagi turli ehtimoliy hodisalar va baxtsiz voqealarning oldini olish maqsadida fuqarolar xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi va jamoat tartibi ta’minlanishi kerak. Darhaqiqat, 200 kishi yig‘ilgan joyda biror falokat yuz bersa, yaqin atrofda shifokorlar, tartib posbonlari yo o‘t o‘chiruvchilar bo‘lmasa, haqiqiy vahima boshlanadi. Shahar hokimligini ogohlantirib, undan ruxsat olinsa, hamma shoshilinch xizmatlar tadbir bo‘layotgan joyda har ehtimolga qarshi navbatchilik qiladi. Mabodo itlarni yomon ko‘radiganlar it himoyachilariga hujum qilib qolsa ham, ruxsat etilgan tadbirda navbatchilik qilayotgan tartib posbonlari it himoyachilarini himoya qiladi.

Shu yilning 9-may kuni Toshkentdagi Birodarlik qabristonida «O‘lmas polk» tadbiri o‘tkazilibdi. «Kamtarona hisob-kitoblarga ko‘ra», unda bir necha yuz kishi qatnashibdi. Bundan bir necha kun avval shahar hokimligi «O‘lmas polk» tadbirini o‘tkazishga ruxsat bermagani, tadbir tashkilotchilariga yaxshisi urush faxriylarini uylariga yo‘qlab borishni tavsiya qilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Ya’ni, Birodarlik qabristonida amalda «ruxsat etilmagan ommaviy tadbir» o‘tkazilgan bo‘lib chiqyapti, shunday emasmi? Irina Zaydman va Mariya Legler voqealaridan kelib chiqsak, bu «ruxsat etilmagan ommaviy tadbir» tashkilotchilariga ham qandaydir kodekslar asosida jazo bo‘lishi kerak, shunday emasmi?

Toshkentdagi Birodarlik qabristonida «O‘lmas polk» tadbiri. 2018-yil 9-may.
Foto: «Podrobno.uz»

Menimcha — shunday. To‘g‘ri, Xotira va qadrlash kunida (G‘alaba kuni emas!) Birodarlik qabristonida odam juda, juda va juda ko‘p bo‘lishi oldindan aniq, katta ehtimol bilan, qurol-yaroqqa yaqinroq vazirlik, idora va tashkilotlar ham bu yerda biror tadbirlarni uyushtirgan bo‘lsa kerak. Shu bois oldindan har qanday xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Lekin «lekini» bor-da, menimcha.

Masalan, 1-sentyabr kuni Mustaqillik maydonida ham odam ko‘p bo‘ladi, deylik. O‘z-o‘zidan har turli xavfsizlik choralari ham ko‘rilgan bo‘ladi — bexavotir yurasan. Lekin bu ba’zi bir faollarga «Kataloniyaga yordam!», «Kataloniyadan qo‘lingni tort!» shiorlari ostida, yoki boring it-mushuklarning huquqlarini himoya qilish masalasida ruxsat etilmagan, lekin tinch marsh o‘tkazish huquqini bermaydi-ku, to‘g‘rimi? Vaholanki, marsh davomida biror ko‘ngilsizlik bo‘lmasligi uchun barcha sharoit bor — atrofda tartib posbonlari odamlar xavfsizligini ta’minlayapti, yaqin atrofda shifokorlar va o‘t o‘chiruvchilar navbatchilikda — yana qaytaraman, ular norozilik marshi sabab emas, balki bayram bahona jalb etilgan, tashabbuskorlar esa bundan foydalanib ruxsat etilmagan, lekin tinch marsh o‘tkazyapti.

Ular jazolanishi kerakmi? Agar Mariya Legler va Irina Zaydman jazolangan ekan, demak, tasavvurimizdagi «Kataloniyadan qo‘lingni tort!» shiori ostida ruxsat etilmagan, lekin tinch marshni uyushtirganlar ham, OAVlardagi axborot bo‘yicha ruxsat etilmagan, lekin tinch «O‘lmas polk» tadbirini tashkil etganlar ham jazolanishi kerak. Harakatlar tadrijiyligi shuni taqozo etadi. Mariya Legler va Irina Zaydmanning iqrornomasi shuni talab etadi. Chunki bu ikki ayol o‘zi uyushtirgan tadbirdagi xavfsizlikni ta’minlay olmasligidan ham avval bu tadbirlar uchun ruxsat olmagani uchun jazolangan.

Shuncha gap sotgandan keyin bir taklif ham bo‘lishi kerak, menimcha. Tunov kuni bir masjidda Hajga borishga tavsiya etilgan fuqarolar ro‘yxatini ko‘rib qoldim: ular orasida mendan atigi 10 yosh kattalar ham bor (qariyapmiz). 1978 yilda tug‘ilgan bir ayol nima uchun Haj safariga tavsiya etilgani izohlangan: mahalla arkasini qurishda eng katta homiy bo‘lgan, qidiruvdagi ikki kishining oilasida zo‘r targ‘ibot olib borgan va ular yaqinda taslim bo‘larmish, mahallaning konkret faollaridan. O‘ta ketgan shaffoflik, men sizga aytsam. Taklifim ham hech bo‘lmasa shunday shaffoflik bilan bog‘liq.

Rossiyada «O‘lmas polk»dan boshqa, «Kreml» nomli propaganda sharbati» bilan undan-da ko‘proq to‘yintirilgan marshlar, mitinglar, namoyish turlari juda ko‘p; «O‘lmas polk»ni uyushtirganlar ertaga boshqacha marshlarni ham istab qolishi mumkin. Ular ruxsat olib-olmay turli tadbirlar uyushtiraversa, boshqalar jim turadimi? Yo‘q, albatta: bir yoqdan diniy arboblar, boshqa yoqdan futbol ishqibozlari, yana bir tarafda mustaqil Kataloniya tarafdorlari-yu, it himoyachilari ham mitinglar o‘tkazgisi kelib qoladi. Albatta, ularning bari dastlab ruxsat olish uchun ariza topshirib ko‘radi — shahar hokimligining bunday arizalar bilan ishlash bo‘yicha bo‘limida ish qaynab ketadi. Mana shu bo‘lim ishini shaffoflashtirish kerak.

Bir guruh odamlar shaharning u yoki bu qismida u yoki bu tartibda o‘tkazmoqchi bo‘layotgan ommaviy tadbir bo‘yicha topshirgan arizasi hokimlik saytidagi maxsus bo‘limda ochiq ko‘rinib turishi kerak (arizalar ham onlayn topshirilaversin). Bu bo‘limda «Ruxsat etilgan» va «Ruxsat etilMAgan» degan ruknlar bo‘lishi kerak (tadbirlar esa turkumlangani ma’qul — sport tadbirlari (masalan, Superliga futbol uchrashuvi), madaniy tadbirlar (masalan, Piligrimning konserti yo Marvelning yangi filmi premerasi), namoyishlar (masalan, «O‘lmas polk» marshi yoki ish tashlashlar) va h.k.).

Har bir ruknda arizachi shaxs (yuridik, jismoniy) haqida ma’lumot, tadbir haqida ma’lumot (qanday, qachon, qayerda, taxminan qancha odam qatnashadi, tarqatma materiallar (masalan, bayroqchalar, flayerlar, futbolkalar, kepkalar va h.k.) bo‘ladimi va h.k.) va shahar rahbarlarining xulosasi ko‘rsatilishi kerak — tadbir qanday asoslarga muvofiq ruxsat etildi yoki ruxsat etilMadi. Ruxsat etilgan tadbirlar ro‘yxatida esa har bir tadbir uchun qancha tartib posboni, qancha shifokor, qancha o‘t o‘chiruvchi va boshqa maxsus xizmatlar jalb etilishi ham ko‘rsatilishi kerak. Yana, balki, tadbirning moliyalashtirish manbalari, jalb etiladigan maxsus kuchlarning xarajatlari qanday qoplanishi haqidagi bandlar ham kerakdir — xullas, aql to‘la boshimizga kelgan xomaki variant shunaqaroq.

Bu hokimlikning shaffoflik tomon dadil bir qadami bo‘lardi. Tag‘in, hokimlik saytida tavsiya etiladigan tadbirlarning tayyor ro‘yxati ham bo‘ladi. Keyin, «O‘lmas polk» rostdan taqiqlanganmidi yoki unga so‘nggi lahzada ruxsat etilganmidi, buni ham ochiq, oshkora bilib turardik.

Muhrim A’zamxo‘jayev


Ushbu blogpost «Ommaviy tadbirlar haqida» degan nom bilan O‘zbekiston blogerlari chempionatining birinchi bosqichiga taqdim etilgan. Uning muallifi saralashda 8-o‘rinni egallab, keyingi bosqichga chiqdi. Mukofot jamg‘armasi 60 mln so‘mdan ortiq chempionatga kelib tushgan boshqa ijodiy ishlar bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring