Toshkentda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari ochildi
Poytaxtimizdagi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida Qozog‘iston tibbiyoti kunlari ochildi. Ushbu tadbir mamlakatimizda Qozog‘iston yili doirasida tashkil etilmoqda. Unda Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, tibbiyot fanlari doktori Yeljan Birtanov boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qozog‘iston tibbiyot kunlari doirasida ushbu mamlakat delegatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur delegatsiya tarkibiga neyroxirurgiya, bolalar kardiojarrohligi, ginekologiya, nevrologiya, reproduktologiya, urologiya, travmatologiya va ortopediya, terapiya va hujayra texnologiyasi, yadroviy tibbiyot va radiatsiya diagnostikasi, buyrak va jigar transplantatsiyasi kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari tashrif buyurishgan.
Tadbir doirasida bo‘lib o‘tadigan sessiyalar davomida ikki mamlakat mutaxassislari tibbiyotning turli sohalarida yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlarni joriy etish, bu borada zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sifatini yaxshilash masalalarini atroflicha muhokama qiladilar.
Tadbirda, shuningdek, har ikki davlatning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, ilmiy va ixtisoslashgan tibbiyot markazlari o‘rtasida qator memorandumlarni imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tadi.
Qozog‘iston tibbiyoti kunlari doirasida delegatsiya a’zolari mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida bo‘lib, o‘quv jarayoni, yurtimizda kasalliklarning oldini olish, tashxislash va davolashning zamonaviy innovatsion usullarning qo‘llanilishi bilan yaqin tanishishlari ham rejalashtirilgan. Qozog‘iston tibbiyoti kunlari 22 noyabrga qadar davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter