Toshkentda Muhammad (s.a.v.) O‘mon podshohiga yo‘llagan maktub nusxasi namoyish etildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida «Bag‘rikenglik, hamjihatlik, totuvlik: O‘mon islom risolasi» deb nomlangan ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma doirasida O‘mon sultonligi taraqqiyotida islomiy qadriyatlarning o‘rniga doir eksponatlar, xususan, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ushbu o‘lka hukmdoriga yo‘llagan maktubning fotonusxasi namoyish etildi.
Marosimda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, O‘mon sultonligi Vaqf va din ishlari vazirligi maslahatchisi, doktor Muhammad bin Said al-Me’mariy, mazkur mamlakatning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad bin Said al-Kasiriy hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Shuhrat Yovqochev ishtirok etdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov diniy bag‘rikenglik va totuvlik ko‘p asrlik tarixga ega qadriyatlarimizdan ekanini ta’kidladi. Mamlakat xalqaro maydonda ham diniy bag‘rikenglik g‘oyasini keng targ‘ib etmoqda. Xususan, O‘zbekiston rahbariyati taklifi bilan 2018-yil 12-dekabr kuni BMT Bosh assambleyasining yalpi sessiyasida «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyusiya qabul qilindi.
O‘mon sultonligining yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad bin Said al-Kasiriy keyingi yillarda tinchlik, totuvlik kabi qadriyatlar, axloqiy-ma’naviy fazilatlar xavf ostida qolayotganini qayd etdi.
«So‘nggi o‘n yilliklarda ona sayyoramiz tinchligi va barqarorligiga tahdid soluvchi talay ziddiyat va to‘qnashuvlarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ixtiloflarga batafsil to‘xtalmoqchi emasman, ammo aytishim joizki, urush hamda qashshoqlikning avj olishi bo‘ladimi, o‘z siyosiy maqsadlariga erishish uchun zo‘ravonlik yo‘lini tutayogan mahalliy va xalqaro tuzilmalarning ildiz otishi bo‘ladimi – bari insoniyatning yorug‘ kelajagiga rahna solmoqda», – dedi O‘mon elchisi.
Shu bois ham bugun millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etish har qachongidan ham muhimroq ahamiyat kasb «Bag‘rikenglik, hamjihatlik, totuvlik: O‘mon islom risolasi» ko‘rgazmasi ham ayni shu ezgu maqsadda tashkil etildi.
Tadbir mehmonlari O‘mon amaliy san’ati, xususan, sahhoflik, xattotlik namunalari, shuningdek, o‘lka xalqi hayotidan hikoya qiluvchi eksponatlar bilan tanishdilar.
Ko‘rgazma rahbari, doktor Muhammad bin Said al-Me’mariyning hikoya qilishicha, islom dini O‘mon hududiga Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hayotlik chog‘larida kirib kelgan. U zot 629 yilda O‘monning ikki podshohi Abd va Jayfarga maktub yo‘llaganlar. Keyinchalik bu borada elchilar almashilgan va pirovardida O‘mon ahli islom dinini ixtiyoriy ravishda qabul qilgan.
Tashkilotchilarga ko‘ra, «Bag‘rikenglik, hamjihatlik, totuvlik: O‘mon islom risolasi» ko‘rgazmasi hozirga qadar dunyoning qirqqa yaqin mamlakatida o‘tkazilgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter