Toshkentda farmatsiya bo‘yicha muhim anjuman o‘tkazilmoqda
15-16-noyabr kunlari Toshkent farmatsevtika institutida «Farmatsevtika sohasining bugungi holati: muammolar va istiqbollar» mavzusida halqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda. Anjumanda Koreya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, Ukraina, Hindiston, Misr Arab Respublikasi, qo‘shni davlatlardan Qozog‘iston va Qirg‘izistondan mehmonlar tashrif buyurishgan. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Toshkent farmatsevtika instituti tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan tadbirda soha mutaxassilari va professorlardan tashqari pedagog-o‘qituvchilar, olimlar, ilmiy tadqiqotchilari, magistr talabalar ishtirok etmoqda.
—Ushbu xalqaro anjumanni o‘tkazishdan maqsad raqobatbardosh dori-darmonlarni yaratish istiqbollari, farmatsevtika fanlari va texnologiyalarining asosiy muammolari, yechimlari va yutuqlarini muhokama qilish, fikr alshmashishdan iborat, — deydi Toshkent farmatsevtika instituti rektori I.Alimdjanov. — Anjuman yetti yo‘nalishda o‘z ishini olib bormoqda: farmatsevtik ta’lim sohasidagi islohot, sanoat farmatsiyasidagi dolzarb muammolar, farmatsiyada marketing va menejment, milliy dori siyosatining ustivor yo‘nalishlari, dori vositalari sifatini nazorat qilish, standartlash va sertifikatlash, yangi dori vositalarini yaratish, farmakologiya va klinik farmatsiya, sud va klinik toksikologiya shular jumlasidan. Bu yo‘nalishlar bo‘yicha xorij olimlarining ma’ruzalari biz uchun juda katta ahamiyatga ega, deb o‘ylayman.
Anjuman doirasida Rossiya «Farmokonadzor»— farmatsevtika nazorat qo‘mitasi hamda O‘zbekistonda farmatsevtika sohasi mutasaddi tashkilotlari ishtirokida alohida bahs-munozaralarga boy suhbat ham uyushtirildi. Xorijiy investitsiyalarni hamda yetakchi xorijiy kompaniyalarni investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish, innovatsion farmatsevtika mahsulotlarini yaratishni rag‘batlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish hajmlari va eksport salohiyatini kengaytirish maqsadida o‘tkazilgan ushbu xalqaro anjuman farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga hissa qo‘shishi shubhasiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter