Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda Yevropa kuni qanday nishonlandi?

Toshkentda Yevropa kuni qanday nishonlandi?

Joriy yil 5-6 may kunlari Toshkentda Yevropa kuni festivali bo‘lib o‘tdi. Yevropa ko‘nikmalar yili doirasidagi tadbirlarda inson kapitalini rivojlantirish tamoyiliga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi ham diqqat markazida bo‘ladi.

Mazkur sana doirasida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi poytaxtimizda bir qator tadbirlar tashkil qildi. Jumladan, 5 may kuni Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik opera va balet teatrida klassik musiqa konserti o‘tkazildi.

6 may kuni esa Botanika bog‘ida Yevropa kuni festivali uyushtirildi. YeIning qirqqa yaqin loyihalari vakillari O‘zbekiston, umuman, Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z yutuqlarini taqdim etdilar.

«Avlodlar vorisiyligi – o‘zbek xalqining o‘ziga xos fazilati. O‘zbek xalqining «Ustoz–shogird» kabi ajoyib an’analari avloddan avlodga benuqson o‘tib kelmoqda. Yosh avlod  hunar va kasb ko‘nikmalarini yoshi ulug‘ ustozlar qo‘lida o‘rganadi. YeI ham ushbu tajriba va bilim almashinuvi halqasiga o‘z hissasini qo‘shayotganidan mamnun. Biz moliyalashtirayotgan loyiha va dasturlar orqali xotin-qizlar, yoshlar va qishloq aholisi bugun suv bilan havodek zarur bo‘lgan, ularning yanada unib-o‘sishi, rivojlanishiga ko‘mak beruvchi kasbiy ko‘nikmalar orttirmoqda», – deydi YeIning yurtimizdagi elchisi Sharlotta Adrian.

Yevropa kuni festivali davomida ko‘ngilochar dasturlar, estrada yulduzlarining chiqishlari namoyish etildi, ijodiy va sport tanlovlari, mahorat darslari tashkil qilindi.

Festival Yevropa va O‘zbekiston o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikning ahamiyati, YeI mamlakatlari madaniyati va an’analarining turfa xilligini namoyish etdi.

Ma’lumot o‘rnida, 1950 yil 9 may kuni Fransiya tashqi ishlar vaziri Robert Shuman yagona Yevropa uyi ta’sis etilishiga tamal toshi bo‘lgan tarixiy nutqini so‘zlagan edi. Fransuz davlat arbobining Yevropa birligiga doir taklifi «Shuman deklaratsiyasi» degan nom bilan tarixga kirgan. Ushbu sana butun dunyoda Yevropa kuni sifatida bayram qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring