Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent viloyatida «Obod qishloq» mablag‘i talon-toroj qilindi

Toshkent viloyatida «Obod qishloq» mablag‘i talon-toroj qilindi

Foto: «Huquq.uz»

Toshkent viloyati, Quyichirchiq tumanidagi «Kushek» qishlog‘i «Obod qishloq» dasturi doirasida olib borilgan ishlar vaqtida mablag‘ talon-taroj qilingan. Bu haqda Quyichirchiq tuman departament bo‘limi boshlig‘i Mirzoqul Yuldashev xabar berib o‘tdi.

2018 yilda Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi «Kushek» qishlog‘i ham «Obod qishloq» dasturiga kiritilib, hududda kompleks ravishda yangilash ishlari amalga oshirildi. Uy-joylar ta’mirlandi, yon-atrofi obodonlashtirildi. Ichimlik suvi tarmoqlari ta’mirlandi, qishloqni tuman markazi bilan bog‘laydigan hamda qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklari barpo etildi. Shu jarayonda Toshboy Ismoilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) rahbarlik qilayotgan «Agrotexsanoatxolding Qurilish» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ham ishonch bildirildi.

Mazkur MChJ bilan tuman obodonlashtirish boshqarmasi o‘rtasida shartnoma imzolanadi. Unga muvofiq, jamiyat tomonidan qishloqdagi uylar atrofi obodonlashtirilib, dekorativ yig‘ma devor bilan o‘rash belgilanadi. T.Ismoilov shartnoma shartlarini bajarishga kirishadi. U dastlab 4 million 800 ming so‘mlik dekorativ yig‘ma devor olib kelib o‘rnatadi. Qolgan ishlar esa o‘z holiga tashlab qo‘yiladi. Bu orada tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Farid Abilov MChJ rahbariga bir necha marta qo‘ng‘iroq qilib, qolgan ishlarni ham oxiriga yetkazishni talab qiladi. T.Ismoilov esa hisob raqamida pul yo‘qligi, shartnomada ko‘rsatilgan pullarni o‘tkazib bersa, ishni bitirishini aytadi.

Aslida shartnomaga muvofiq, bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar oxiriga yetkazilgach, ko‘rsatilgan mablag‘ MChJ­ning hisob raqamiga o‘tkazilishi kerak edi. Tuman obodonlashtirish bosh­qarmasi boshlig‘i Farid Abilov buni juda yaxshi bilsa-da, T.Ismoilovning nayrangiga «labbay» deya javob berib, barcha ishlar to‘liq bajarilgani haqida dalolatnoma tuzib, unga soxta ma’lumot va yozuvlar kiritib, rasmiylashtiradi. Ishlar bajarilmaganini bila turib, dalolatnomaga imzo chekib yuboraveradi. Oqibatda «Obod qishloq» das­turiga ajratilgan mablag‘lardan 123 mil­lion 234 ming so‘m pul «bajarmagan ishlari uchun» «Agrotexsanoatxolding Qurilish» MChJ hisob raqamiga o‘tkazib beriladi. Maqsadiga erishgan T.Ismoilov pul kelib tushishi bilan ularni o‘zlashtirib, talon-toroj qiladi. F.Abi­lov esa noqonuniy harakati oqibatida «chapak chalib» qolaveradi.

Qing‘ir ishning qiyig‘i, bir kun albatta oshkor bo‘ladi, deb bejizga aytishmaydi. Departamentning Quyichirchiq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda T.Ismoilov hamda F.Abilovning qilmishlari fosh etildi. Ularga jinoyat ishlari bo‘yicha Qu­yi­chirchiq tuman sudining hukmi bilan tegishli jazo tayinlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring