Toshkent viloyati hokimi tasdiqlandi
Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda. Tadbir davomida Toshkent viloyati hokimligiga nomzod taqdim etildi va deputatlar tomonidan tasdiqlandi.
Davlat rahbari so‘zining avvalida yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi va Toshkent viloyati mamlakatimiz taraqqiyotida yetakchi o‘rin tutishini ta’kidladi.
— Toshkent viloyati respublika yalpi ichki mahsulotining 11 foizini, sanoat mahsulotining 18 foizini ta’minlaydi. Go‘zal tabiati, unumdor zamini, noyob qazilma boyliklari bilan alohida ajralib turadi. Bu yerda mamlakatimiz iqtisodiyotining faxri bo‘lgan yirik korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, ko‘pni ko‘rgan, hayot sinovlarida toblangan, mehnatkash, tadbirkor va olijanob xalqi bor, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident shu bilan birgalikda keyingi vaqtlarda viloyatda shunga yarasha dadil harakatlar sezilmayotgani, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha ulkan salohiyat to‘liq ishga solinmayotganini ta’kidlab o‘tdi. O‘tgan yili investitsiyalar hajmi 2019-yilga nisbatan 17 foizga kam bo‘lgan. Shu bois joriy yil yanvarda Toshkent viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan edi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlat rahbari Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Davron Hidoyatov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
D.Hidoyatov 1976-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1996-2009-yillarda bank tizimida, 2014 yilgacha avtosanoat tarmog‘ida faoliyat yuritgan. 2014-2020-yillarda Xususiylashtirish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi, Chilonzor tumani hokimi, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Xalq deputatlari, viloyat faollari so‘zga chiqib, nomzod haqida fikrlarini bildirdi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Davron Hidoyatov Toshkent viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter