Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent — Urganch yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdlar harakati vaqti 2 soatga qisqaradi

Toshkent — Urganch yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdlar harakati vaqti 2 soatga qisqaradi

Foto: «Xalq so‘zi»

Buxoro — Miskin yangi temir yo‘l liniyasida yo‘lovchi poyezdlar harakati boshlandi, deb xabar bermoqda «Xalq so‘zi».

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-martdagi «Buxoro-Miskin temiryo‘l liniyasini qurish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra bunyod etilgan mazkur yangi temir yo‘l liniyasining umumiy uzunligi 355 km.ni tashkil etadi. 

Uning 335 kilometrida yangi po‘lat izlar yotqizilgan bo‘lsa, 20 km masofadagi temir yo‘l tubdan ta’mirlandi. Qurilish-montaj jarayonlari Buxoro tumanidan Miskin bekatigacha bo‘lgan oraliqda, bir vaqtning o‘zida har ikki tomonda olib borildi. Mazkur yo‘nalishda 121 ta sun’iy inshoot, 12 ta ko‘prik va 6 ta yo‘l o‘tkazgich qurib bitkazildi. Loyiha doirasida 21, 2 mln kubometr hajmdagi tuproq ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga ushbu yo‘nalishda 5 ta stansiya (Yangiobod, Tuztepa, Uchachiq, Suzakdor, Dautepa) va shuncha ra’yezd ( Mashak, Azanir, Alabuga, Jakasay, Akchuka) ham barpo etildi.

2018-yilning 20-martidan boshlab Toshkent — Urganch va Toshkent — Nukus — Qo‘ng‘irot yunalishidagi yo‘lovchi poyezdlar yangi qurilgan Buxoro — Miskin temir yo‘l liniyasi orqali harakatlanishi boshlandi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, hozirgi kunga qadar Toshkent — Urgench poyezdi 1027, Toshukent-Nukus-Qo‘ng‘irot poyezdi 1327 kilometr yo‘l bosib «Navoiy — Uchquduq — Miskin» magistrali orqali harakatlanayotgan bo‘lsa, ushbu loyihaning qurib bitkazilishi bilan poyezdlar qatnovi qariyb 100 km.ga qisqardi. Tabiiyki bu yo‘l uchun ketadigan vaqtni, yonilg‘ini va boshqa xarajatlarni tejashga zamin yaratadi.

Eng muhimi, Toshkent shahridan Urganch, Xiva, Nukus shaharlariga boradigan hamda mazkur shaharlardan Toshkent shahriga keladigan yo‘lovchi poyezdlarining harakatlanish vaqti qariyb 2 soatga qisqaradi.

Mazkur temir yo‘lning ikkinchi bosqichida elektrlashtirish ishlari amalga oshirilib, bu yo‘nalish orqali elektropoyezdlar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» zamonaviy poyezdlar qatnovi ham amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Buxoro — Miskin yangi temir yo‘l liniyasi orqali yo‘lovchi poyezdlar harakati boshlangani, yurtdoshlarimiz hamda diyorimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarga juda katta sovg‘a bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring