Toshkent Janubiy vokzali ochilishidan fotoreportaj
Kechadan boshlab Toshkentdagi Janubiy vokzal o‘z faoliyatini qayta tikladi. Ancha yillar oldin faoliyatini noma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtatgan vokzal butunlay qayta qurildi. Kecha ana shu vokzal bilan tanishtirish maqsadida jurnalistlar uchun media tur tashkil etildi.
9 gektardan ko‘proq joyni egallagan vokzal 650 metrlik uchta perronga ega. Atrofida havo haroratining mo‘’tadilligini ta’minlash uchun diametri 14 metrga teng ikkita favvora qurilgan.
E’tiborli jihati — yo‘lovchilarning hujjati, chiptasi va yuklari endi faqatgina vokzal ostonasida tekshiriladi. Yuki og‘irroq bo‘lgan yo‘lovchilar bu yerda bepul aravachalardan foydalanishi mumkin.
Vokzal binosida kutish, «VIP» zallari, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, mehmonxona, dam olish xonalari, bufet, ko‘chma savdo nuqtalari, gazeta va jurnallar, «Wi Fi» internet xizmati, elektron kutubxona, shirinlik va milliy sovg‘alar sotish shoxobchasi, elektron ma’lumotlar tablosi va boshqa qulayliklar mavjud. Bordiyu uzoq yo‘lga chiqishdan oldin telefoningizni quvvatlab olmoqchi bo‘lsangiz, buning uchun ham zarur sharoit yaratilgan.
Yo‘lovchilarning vaqtini tejash uchun vokzalda 12 ta chiptaxona xizmat ko‘rsatyapti.
Janubiy vokzal bir kunda 17 ta mahalliy poyezdni kutib oladi va shuncha poyezdni yo‘lga kuzatadi. Bir kunda 11 mingdan ko‘proq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
Kecha xabar berganimizdek, barcha mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha poyezdlar bosqichma-bosqich mana shu vokzalga o‘tkaziladi. Shimoliy vokzal esa xalqaro yo‘nalishdagi poyezdlar hamda yuqori tezlikdagi «Afrosiyob» poyezdlariga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter