Markaziy vokzaldagi aksar poyezdlar qatnovi Janubiy vokzalga ko‘chirildi
Joriy yilning 15-sentyabrdan 15-oktyabrgacha «To‘qimachi» hamda «Toshkent-yo‘lovchi» temir yo‘l bekatlari oralig‘idagi temir yo‘lda texnik ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan «Toshkent-Markaziy» temir yo‘l vokzalidan harakatlanib kelayotgan aksariyat poyezdlar qatnovi «Toshkent-Janubiy» temir yo‘l vokzalidan amalga oshiriladi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llar» AJ Axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, «Olmaota – Toshkent – Olmaota», «Toshkent – Novosibirsk – Toshkent», «Toshkent – Samara – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari hamda «Toshkent – Xojikent – Toshkent» shaharlararo poyezdlaridan tashqari, bugungi kunda «Toshkent-Markaziy» temir yo‘l vokzalidan qatnovini amalga oshirib kelayotgan barcha yo‘lovchi poyezdlar, joriy yil 15 sentyabrdan 15 oktyabrgacha «Toshkent-Janubiy» temir yo‘l vokzaldan o‘z harakatini boshlaydi.
Bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari, «Sharq» (Toshkent – Buxoro – Toshkent), «Nasaf» (Toshkent – Qarshi – Toshkent), «O‘zbekiston» (Toshkent – Andijon – Toshkent), hamda xalqaro yo‘nalishlardagi «Toshkent – Volgograd – Toshkent», «Dushanbe – Toshkent – Dushanbe» yo‘lovchi poyezdlari «Toshkent-Janubiy» temir yo‘l vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.
Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida «Toshkent-Markaziy» hamda «Toshkent-Janubiy» temir yo‘l vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tunu kun faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari chiptalarni elektron tarzda ham xarid qilish mumkin.
«Toshkent-Janubiy» temir yo‘l vokzaldagi kutish zallari, vokzalga kirishda 3 ta bir bosqichli nazorat o‘tish punktlari doimiy ravishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Shuningdek, bir oy mobaynida «Toshkent-Markaziy» temir yo‘l vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo‘nashidan oldin chipta xarid qilgan, yoki yanglishib «Toshkent-Shimoliy» vokzalga kelib qolgan yo‘lovchilarni «Toshkent-Janubiy» temir yo‘l vokzaliga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter