Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent yer usti metropoliten liniyasida dastlabki relslar yotqizildi

Toshkent yer usti metropoliten liniyasida dastlabki relslar yotqizildi

Foto: «railway.uz»

Toshkent metrosining «Do‘stlik» bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan qismida «Ohangaron» bekati yo‘nalishi bo‘ylab dastlabki relslarni qo‘yish ishlari boshlab yuborildi. Ayni paytda ushbu yo‘nalishga 2 km.dan ortiq po‘lat izlar yotqizildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabar berdi.

Ushbu yo‘nalish 11 kilometrdan iborat bo‘lib, «Do‘stlik», «Ohangaron», «Tuzel», «Iltifot», «Rohat», «Yangiobod» hamda «Qo‘yliq» bekatlarini o‘z ichiga oladi. Mazkur metro qurilishida butunlay yangi texnologiya qo‘llanilmoqda. Estakadalar uchun monolit usulda beton ustunlar quyish jarayoni o‘zlashtirilib, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan materiallardan foydalanilyapti.

Temiryo‘lchilar mustaqillikning 28 yilligi bayrami arafasida «Do‘stlik» hamda «Ohangaron» bekatidagi qurilish ishlarini to‘liq tugatishni rejalashtirishgan.

«Do‘stlik» estakada yo‘nalishidagi birinchi bekatdir. Bir qavatdan iborat ushbu bekatda ayni paytda ma’muriy bino, chiptaxonalar, tibbiyot, xavfsizlik va texnik xodimlari uchun xonalari qurilib, so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda. 120 metrlik uzunlikdagi perronida ham sifatli qurilish mahsulotlaridan foydalanilib, yer qismi marmar bilan qoplandi. Perrondan poyezdga chiqish qismiga ko‘zi ojizlar uchun maxsus bo‘rttirilgan marmar toshlardan yotqizildi.

«Ohangaron» bekatida ham bunyodkorlik ishlarining so‘nggi bosqichi amalga oshirilmoqda. Ushbu bekat ikki qavatdan iborat bo‘lib, birinchi qavatda ma’muriy, chiptalar sotish va xavfsizlik xonalari qurildi. Ikkinchi qavat esa asosan perron qismi bo‘lib, unga chiqiladigan ikki tomonga yo‘lovchilarning chiqib tushishlari qulayligini ta’minlash maqsadida zamonaviy eskalatorlar o‘rnatildi. Ob’yektning ichki va tashqi qismida so‘nggi pardozlash ishlari bajarilib, milliy me’moriy uslubda bezatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, metro liniyasining yer usti halqa yo‘lining umumiy uzunligi 54,8 kilometrdan iborat bo‘ladi. Uning 53,1 kilometri balandligi 6 metr balandlikdagi estakadalar orqali o‘tkazilib, loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Istiqbolda yangi liniyada poyezdlarning o‘rtacha yurish tezligi soatiga 60 kilometrni tashkil etadi. Harakatlanish oraliq vaqti 4 daqiqadan iborat bo‘ladi. Ushbu liniyada 2 ta vagon deposi qurilishi ham rejalashtirilgan. Bekatlardagi perron 5 ta vagon to‘xtashi uchun mo‘ljallangan.

Rossiya Federatsiyasidan yangi metro liniyalarining estakada yo‘nalishida harakatlanadigan zamonaviy va yuqori sifatli, yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklarga ega vagonlar tayyorlanib, yurtimizga keltirilishi kutilmoqda.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring