To‘rtko‘lda shoh ko‘chadagi ko‘prik qulash arafasida: mas’ullar nega jim?
«Xabar.uz»ga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumanidan murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha, hududdagi «Beruniy» shoh ko‘chasi, «Bog‘yop» kanalini kesib o‘tuvchi ko‘prik qulash arafasida.
Murojaatga ilova qilingan suratga ko‘ra, inshootga jiddiy zarar yetgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, kattaroq noxushliklar kelib chiqishi mumkin.
- Men shaxsan deyarli xar kuni shu ko‘prikdan mashinamda o‘taman, ko‘prik xuddi bir tomonga og‘ib borayotgandek... Hokimiyat vakillari avariya belgilarini qo‘yish bilan cheklandilar xolos,- deydi to‘rtko‘llik fuqaro Sherzod Matsapayev. - Shu yerda savol tug‘iladi, ko‘prik umuman foydalanishga yaroqlimi? Ekspertlar xulosasi tuzilib, tuman budjeti, yo‘q bo‘lsa respublikadan mablag‘ so‘rab tuzatishni iloji yo‘qmi? Ko‘prik qulab, birovlar aziyat chekishini kutmaslik kerak!
Fuqaroga ko‘ra, tuman hokimligi va boshqa tashkilotlar bu masalada sukut saqlab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati, Qumqurg‘on tumanidagi ko‘prik ham munozaralarga sabab bo‘lgandi. Bir necha yil avvalgina qurilgan ko‘prikni ta’mirlash uchun yirik mablag‘ ajratilgani ham jamoatchilik e’tiborini tortgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter