Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Topganing to‘yga ketsin! Bu duomi, qarg‘ishmi?

Topganing to‘yga ketsin! Bu duomi, qarg‘ishmi?

Yiliga o‘rtacha o‘ttiz ming nikoh bekor qilinayapti ekan...

Foto: «Sputnik»

Kunlar isib qoldi... Kunlar isisa, o‘zbek nima qiladi? Eng avval to‘y qilishni o‘ylaydi. Bu yog‘i qor tushguncha keyeyeyetdi! «Xabar.uz» saytida ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining «Bunday holat er kishi uchun or» nomli maqolasini o‘qib, oldinroq men ham to‘ylar xususida maqola yozganim esimga tushdi. Sizlarning e’tiboringizga o‘sha maqolamni havola qilmoqchiman.

Bu safar hammasi jiddiy

To‘y haqida, to‘ylardagi isrofgarchilik haqida, to‘ydagi dabadababozlik haqida ko‘p va xo‘b yozildi. Qarorlar qabul qilindi, tavsiyalar ishlab chiqilib, ommalashtirildi. Ammo natijasi sezilmayotgandek. Hammasi avvalgidek, hatto avvalgidan ham oshib tushmoqda.

Yana  to‘y haqida yozmoqchiman. Ammo shunchaki maqola emas, bir bosilib, unutilib ketadigan maqola emas, O‘zbekistondagi har bir yurtdoshimizning qalbiga yetib boradigan, tafakkurini uyg‘otadigan, fikrlashga undaydigan shunday maqola yozmoqchimanki, natija sezilsin! Maqolani el o‘qib, muhokama qilsin! Maqola ommani g‘aflatdan uyg‘otib, to‘y haqida bir to‘xtamga kelsin!

Yaqinda Tojikistonga borganimizda shu mavzuda gaplashib, ochig‘i, ularga tan berdim. Hukumat qonun bilan to‘ylardagi odam sonini ham, vaqtini ham, nikohdagi mashina sonini ham cheklab qo‘yibdi. Qoidani buzgan odam avliyo bo‘lsa ham otning kallasidek jarimani to‘lar ekan.

Nega bu ishga bel bog‘laganimizning sabablarini va bizning eng katta maqsadimizni esa maqolani o‘qigach, bilib olasiz.

Duomi bu?

O‘zbek azaldan bolajon xalq. To‘y-tomoshani sevadi. To‘y qilsa, yaqin-yiroqdan barcha qarindoshlarini, tanigan-tanimaganini chaqiradi. To‘yda keksalar duo qiladi:

− Topganing to‘yga ketsin!

Ana shu duo qabul bo‘ldi. Yillar davomida tirnoqlab yiqqanimiz bir kunlik to‘yda ketayapti.

Ana shu duo aslida, duomi, qarg‘ishmi?

O‘zbekning topgan-tutgani faqat to‘yga ketmayaptimi? To‘ydan boshqa ishga pul orttirolmayotgan o‘zbek, ming kishiga osh bergan o‘zbek to‘ydan keyin arzimagan bitta shamollashini davolatishga pul topolmay, o‘lib ketmayaptimi?

To‘y o‘zbek millatining fojeasiga aylanib ketmayaptimi?

Arifmetika darsi

Gapni o‘zimizning o‘zbeklar qilayotgan Mayamida, Dubayda, Yaltada o‘tayotgan, butun boshli mehmonxonalar, qimmatbaho yaxtalar band qilinadigan, bir necha yuz ming AQSh dollari sarflanadigan to‘ylari haqidagi gaplar bilan boshlamoqchi emasmiz. Gapni OAV xodimi sifatida, millionlab oddiy O‘zbekiston fuqarolari qilayotgan o‘rtamiyona to‘ylardan boshlaymiz.

To‘g‘risini ayting, hozir qo‘lingizda o‘n ming dollar pulingiz bo‘lmasa, to‘y boshlaysizmi? Barakalla!

O‘zbekiston adliya vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, bir yilda uch yuz ming atrofida nikoh qayd qilinmoqda. Bu 300.000 nikoh to‘yi degani!

Endi ozgina arifmetika bilan shug‘ullanamiz: 300.000 x 10.000 = 3.000.000.000.

Demak, O‘zbekistonda faqat nikoh to‘ylariga bir yilda o‘rtacha UCh MILLIARD AQSh dollari sarflanayapti ekan. Keling, buni so‘mga aylantirib ko‘raylik. Tabiiyki, «qora bozor» narxida: 3.000.000.000 x 8.000 = 24. 000.000.000.000.

Demak, yurtimizda nikoh to‘ylari uchun yiliga o‘rtacha YIGIRMA TO‘RT trillion so‘m sarflanayotgan ekan!

Uch yuz mingta to‘ydan keyin teng yarmi «charlar» qilib, unga ikki ming dollardan sarf qildi, deylik. Natija salkam IKKI TRILLION SO‘M.

O‘rtacha O‘N TRILLION SO‘Mga sunnat to‘ylari bo‘layotgan bo‘lsin, deylik.

Demak, O‘zbekistonda bir yilda nikoh to‘yi, «charlar» va sunnat to‘ylariga O‘TTIZ OLTI TRILLION SO‘M sarflanayapti ekan. Fotiha to‘ylarini, «Non sindirdi», «Somsa keldi», «Libos kiydi» marosimlarini sanamadik. «Kelin salom», «Kuyov salom»larni hisobga ham qo‘shmadik. Bir oy Ramazonda to‘ydan ko‘p bo‘ladigan, bir to‘yning puli ishlatiladigan iftorliklarni bu hisobga qo‘shmadik. Qo‘shsak, ELLIK TRILLION SO‘M pulni O‘zbekiston aholisi faqatgina o‘yin-kulguga sarflayotganiga amin bo‘lardingiz.

Ana shu xarajatni besh baravar kamaytirsak, nima bo‘ladi?

O‘zbekiston xalqi yiliga QIRQ TRILLION SO‘M pulni O‘ZIDA saqlab qolgan bo‘ladi. Yiliga xalqimiz qirq trillion so‘mga boy bo‘laveradi. Bu pul davlat budjetidan olinmaydi, chet ellarning bankidan qarzga olinmaydi, birovga sarg‘aymasdan, bor-yo‘g‘i to‘ylardagi sarf-xarajat va dabdabani besh marta kamaytirish bilan bunga erishiladi.

Endi tasavvur qiling, O‘zbekiston xalqi yiliga o‘sha, iqtisod qilingan QIRQ TRILLION SO‘M pulni o‘z farzandlarining bilim olishlariga, davolanishlariga, dam olishlariga sarflashsa, nima bo‘ladi? O‘zbekiston dunyoda tengi yo‘q mamlakat, dunyoda eng ilg‘or davlat bo‘lib ketadi!

Ammo o‘zbeklar hozircha, nahorda osh, saharda osh, kuni bilan, tuni bilan to‘y yeyapti, o‘yin-kulgu qilayapti!

Vatandoshimizning e’tirofi

O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, turli sabablar bilan Vatandan chiqib ketgan yurtdoshlarimiz Vatanga kela boshladilar. Jidda shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshimiz Samarqandga tashrif buyurdi. Juma namozida mikrofonni olib, yurtdoshlarimizni Vatanimiz mustaqil bo‘lgani bilan tabrikladi.

Bir oy o‘tib, safari nihoyasiga yetgan vatandoshimiz yana mikrofonni so‘rab olib, shunday dedi:

− Vatandoshlarim, mustaqil bo‘libsizlar, hur bo‘libsizlar, muborak bo‘lsin! Ammo bir gapni aytib ketay, sizlar yaqin orada boy bo‘lmaysizlar! Nega? Mana, bir oydan beri O‘zbekistonda yuribman. Har kuni sahardan to‘y, kunduzi to‘y, kechasi to‘y. Ming kishilik to‘ylarni ko‘rdim. Axir bu ochiqdan-ochiq isrof, noshukurchilik-ku? Ming kishiga osh berganing bilan ertaga o‘sha ming kishi «Falonchi zo‘r to‘y berdi», deya ovqat yemasa ekan. Yana yeydi. Biz ham to‘y qilamiz. Sunnat to‘ylarimizda o‘ttiz kishini chaqiramiz. Nikoh to‘ylarimiz kattaroq bo‘ladi. Chunki unda ikki oila qarindosh bo‘ladi. Shuning uchun nikoh to‘ylarimizda qirq kishi ishtirok etadi. Ming kishiga osh berish Fir’avnga o‘xshab Xudolikni da’vo qilgan singari, shirk va noshukurchilikdan boshqa narsa emas. Odamlarning rizqini siz emas, Alloh beradi.

O‘sha vatandoshimiz mustaqillikning ilk yillarida kelgan edi. Bugun kelsa, nimalarni ko‘rardi? Nima der edi?

Bilmadim, balki yuragi yorilib o‘lardi!

Bugungi nikoh to‘ylari

Bugun nikoh to‘ylari to‘y emas, shou, festival.

Uch yilcha oldin Samarqanddagi nikoh to‘ylarida dabdababozlik haddan ortib ketayotganligi uchun viloyat hokimi maxsus yig‘ilish chaqirib, to‘ylardan olingan suratlar, videotasvirlarni ko‘rsatib, to‘ylarda nimalar bo‘layotganini tahlil qildi. Bu yig‘ilish viloyat televideniyesi orqali namoyish etildi. Unda to‘ylarda nihoyatda ko‘p odam ishtirok etayotgani, ming kishilik, hatto bir yarim ming kishilik to‘yxonalar odamlar bilan to‘layotgani, kelin bilan kuyov tushgan qimmatbaho mashinalar shaharda hammaga xalaqit berib, ko‘chalarni butunlay egallab olib, baland sirenalar chaldirib, xalqning tinchini buzayotgani, yo‘lda falokat ro‘y berishiga sabab bo‘layotganliklarini, ayrim haddidan oshgan to‘ychilar mislsiz katta feyerverklar qilayotganini, bir necha million so‘mlik to‘y albomlari, videofilmlar qilayotganini, to‘yxonalardagi shovqinning zo‘rligidan o‘tirish amrimahol ekanini aytib o‘tdi. Yig‘ilish so‘ngida tegishli idoralarning rahbarlariga to‘ylarda odam soni uch yuzdan oshmasligini, kelin-kuyovlar minadigan mashinalar sonini, to‘yxonadagi ovoz kuchaytirish moslamalarining balandligini nazorat qilishlarini vazifa qilib topshirdi. To‘yxonalarda shovqin o‘lchagich asboblar o‘rnatilishini shart qilib qo‘ydi.

Afsuski, hokim vazir bo‘lib ketdi-yu, o‘rniga kelgan biror hokim o‘sha qarorning natijasi bilan qiziqmadi ham. Dabdabalar esa, undan ham battar davom etmoqda.

Koshki edi, bunaqa haddidan oshishlar faqat poytaxtda yoki Samarqandda bo‘lsa. Hamma shaharlarda, hatto qishloqlarda ham ahvol bundan yaxshi emas.

Bugungi nikoh to‘ylarida har birimiz ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan antiqa ishlarga guvoh bo‘layapmiz. Qarang, kelin bilan kuyovni to‘yxona tashqarisidan to kelin-kuyov o‘tiradigan «taxt»gacha qullar, ha-ha, ishonavering, to‘rttadan qul taxtiravonda ko‘tarib, olib borishmoqda! Bunaqasini qadimgi podshohlar haqidagi kinolarda ko‘rar edik. Kelinning «qadamiga gullar sochilmoqda», yon-atroflarida olovli favvoralar otilmoqda.

To‘yga avvallari niyat qilib, mashhur hofizlarni chaqirishardi. Ular to‘y egasi ko‘nglidan chiqarib bergan pulni olib ketishardi. Ko‘pincha o‘rtadan tushgan pulga qanoat qilishardi. Bugungi to‘ylarga aytilgan, aytilmagan o‘nlab hofizu, hofizalar tashrif buyurishmoqda. Ularning baxtiga fonogramma degan narsa bor. Konsertlar, televideniyeda chiqishlar, katta bayramlar mayli edi, endi to‘ylarda ham birorta xonanda jonli qo‘shiq aytmay qo‘ygan. Yaqinda Samarqanddagi to‘yga bir «juftlik» keldi. Kelin kirib kelayotganda «Kelibdiyo-kelibdi» degan qo‘shiqni boshlab yuborishdi. Ajablandim, yigitning ham, qizning ham ovozi xuddi Farrux Zokirovning ovoziga o‘xshar edi. Surishtirsam, ular uyalmay-netmay, F.Zokirovning fonogrammasiga og‘iz qimirlatib turishgan ekan. Yuzsizlikning ham chegarasi bo‘lsin ekan. Yana «fonandalar»ning har birining «birrov» tashrifi falon dollar!

Hozir birgina Samarqandning o‘zida «O‘zbeknavo», «Muhabbat navolari», «Registon navolari», «To‘y navolari» kabi antiqa nomdagi o‘nga yaqin to‘yingizni artistlar bilan ta’minlovchi va faqat shu ish bilangina boy bo‘layotgan firmalar bor. Ularning reklamalarini ko‘rsangiz, hayratdan yoqa ushlaysiz: «To‘yingizga Yulduz Usmonovadan tortib, Alla Pugachyova-yu, Jenefer Lopasgacha, Sherali Jo‘rayevdan tortib, Fillip Kirkorov-u, Toto Kutuniogacha olib kelib beramiz. Sizning pulingizga sizning to‘yingizni betakror qilib beramiz!»

To‘ylarda raqs guruhlarning tabriklari an’ana bo‘lib qoldi. Bu to‘ychining ixtiyoridan tashqari. To‘yxona hisobidan deyishadi, ba’zilari. Ammo ularning ham xizmat haqi olinadi. O‘sha raqs tabriklarining aksariyatini shayton ko‘rsa, shayton bo‘lib yurganidan uyalib ketardi. Bir to‘yda sakkiz qiz shunaqa tabrikka chiqdi. Sakkiz qiz chiqdimi, sakkiz suv parisi chiqdimi, sakkiz baliqchi chiqdimi, bilolmadim. Ularning egnilarida faqatgina baliqchilarning to‘ri bor edi, xolos! To‘r ham katta baliqlarnigina tutadigan xilidan!

Toshkentga to‘yga bordim. O‘shanaqa raqqosalar to‘rt marta chiqish qildi. Uchtasi hindcha, bittasi lo‘licha. Toshkentda necha foiz odam hind, necha foizi lo‘li ekanini hisoblay olmadim...

Yaqinda bir to‘yga guvoh bo‘ldik. Katta basseyn atrofida o‘tgan to‘y davomida suvda sinxron suzish ustalari bo‘lgan qizlar «tabrik» qilib turishdi. Suvdan goh boshlar chiqadi, goh oyoqlar, goh ...

Nima deysiz, to‘y egasi shunaqasini yaxshi ko‘rar ekan-da!

Qurilishda g‘isht, sement kabi ashyolarni hov, tepaga chiqarib beradigan «ko‘tarma kran»da to‘yxonaga «tushirilgan» kelin-kuyovni ko‘rganmisiz? Ana shu kelin-kuyovlar bizga o‘n ikki qavatli uyning balandligidan yuz dona chinnigul otishdi. Pastdagilar esa ular tarafga qarata yuzta mushak otishdi. Shunaqa qilishsa, yuz yil baxtli umr ko‘risharmish. Ko‘rishsin, ammo texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilishni ham unutishmasin!

O‘zbekiston prezidenti Sh.Mirziyoyevning nutqidan – Toshkentda «Kelin navkar» chiqqanini ham eshitdik. «Oldin kuyov navkarlar bo‘lardi, endi bunaqasi ham chiqibdi. Kelin 10 nafarcha dugonalarini bir xil kiyintirib, kelin navkar bo‘lar ekan», dedi prezident. Shu yig‘ilishda davlat rahbari to‘ylarni ortiqcha hashamlarsiz o‘tkazish uchun bosh vazir A.Aripov va bosh vazir o‘rinbosari T.Norboyevaga tegishli qaror loyihasini tayyorlash bo‘yicha vazifa ham topshirdi.

Ammo u yig‘ilish o‘tganiga ancha bo‘ldi...

To‘y biznesi

Bugun to‘y O‘zbekistonda eng zo‘r biznesga aylandi. To‘yni bugun to‘y egalari, kelin yo kuyov yoki, qadimdagidek, sovchilar belgilashmaydi. To‘yni, uning kunini, tartibini, undagi sarf-xarajatlarni to‘yni tashkil etuvchilar belgilaydi. «Yo‘q, men o‘zim hal qilaman!» deb borgan mardlar ham to‘yxonaga borgach, qanday qilib ularning domiga ilinganini bilmay qoladi.

− Akajon, hammasini bizga qo‘yib bering, to‘yingizni bir umr esda qoladigan qilib o‘tkazib beramiz, xursand bo‘lasiz! – deydi ular. – To‘yga ikkita karnaychi, ikkita surnaychi, nog‘orachi, doirachi chaqiramiz. To‘yxona tashqarisidan to kelin-kuyovning taxtigacha gullardan poyandoz to‘shaymiz. To‘yni videofilm qilib beramiz. Bor-yo‘g‘i ming dollarga tushadigan bu film bir umrga esdalik bo‘lib qoladi. Kelinning bo‘yanishidan boshlanadigan bu film uning yotog‘iga kuyovning kirib kelishi, kelinni to‘shakka yotqizishi bilan nihoyasiga yetadi. Filmda siz, ota-onalarni ham ko‘rsatamiz. Sizlar hovlida «Hammasi yaxshi o‘tsin!» deb duo qilib yurgan bo‘lasizlar. Besh yuz dollarginaga shunday fotoalbom qilib beramizki, ko‘rgan do‘stu-dushmaningiz hasaddan kuyib o‘ladi. Uning birinchi betiga yangam bilan tushgan sizning suratingizni qo‘yamiz. Ming kishiga mana bunaqa to‘rt xil, istasangiz, besh xil taomlar tortamiz. Oxirida yogurt va muzqaymoq ham beramiz. Mehmonlaringiz maza qilib yeb-ichib, yayrab, sizni maqtab ketishadi.

− Yo‘q, men kamroq odamga, kamchiqim qilib, to‘y qilmoqchi edim, − deysiz.

Ammo to‘y tashkilotchilari «qitiq patingiz»ga tegishadi.

− Yaxshi, unaqa variantimiz ham bor, ammo narigi hafta qo‘shningiz (mahalladoshingiz, hamkasbingiz, ...) Falonchi ming kishilik to‘yni bizda xuddi mana shunday qilib o‘tkazdi. Ana, hammaning og‘zida o‘sha to‘yning ta’rifi-da, akajon.

Ana shunda «o‘zbekona oriyatingiz» qo‘ziydi-da.

− Mening Falonchidan kam joyim bormi? – deysiz. – Nima qilsang, qil, Falonchinikidan zo‘r bo‘lsin!

− E, yashang! – deydi tashkilotchi o‘zini sizga yaqin olib. – Bu tomonini bizga qo‘yib bering! Toshkentdan zo‘r artistlarni chaqiramiz. Raqqosalarning «yondiraman» deydiganlarini chaqiramiz. To‘yxonani endi ochilgan atirgullar bilan, zamonaviy sharlar bilan bezatamiz. Feyerverkning zo‘ri sizning to‘yingizda bo‘ladi. Kelin-kuyovga shunqangi kortej yuboramiz-ki, hali bunaqasi shaharda bo‘lmagan. Kelinga yangi chiqqan ko‘ylak bor, unga qadalgan munchoqning o‘zi naqd yetti kilo. Isroildan olib kelganmiz. Bir kecha kiyishi bor-yo‘g‘i ming dollar bo‘ladi. Sizning to‘yingizga antiqa taklifnomalarni tavsiya qilaman. Donasi bor-yo‘g‘i ellik ming so‘m turadigan bu taklifnomalarni mehmonlaringiz uzoq yillar esdalik sifatida saqlab qo‘yishadi.

Uyog‘i nimalar bo‘lishini tasavvur qilayotgandirsiz?

Yaqinda ana shunday to‘y tashkilotchilarining biri bilan suhbatlashib qoldim. Ming kishilik to‘yxona qurgan bu yigit yarim million dollarga to‘ylarda kelin-kuyovlar minadigan mashinalar sotib olganini aytdi. Bitta uzun qora mashinasining o‘zi yuz ming dollardan ortiq turar ekan. Bu mashinani bir soat «kataysa» qilish kuyovga ikki ming dollarga tusharkan. «Tinchlik bo‘lib tursa, yarim yilda xarajatim qoplanadi», deydi.

Ishqilib, tinchlik bo‘lsin! «Tinchlik bo‘lsa», bu yigit mashinalarning o‘zidan bir yilda bir million dollar (Oltmish milliard so‘m) topar ekan-da! Baxtingga shu mashinalaringga minadigan ahmoqlar bor ekan, qandingni ur!

Yana bir xizmat yo‘lga qo‘yildi: kelin-kuyovlarga, endi ularning ota-onalariga ham to‘yda vals tushishni o‘rgatishayapti. Bor-yo‘g‘i yuz dollar evaziga! Ana, hunari o‘tmay qolgan raqqosalarga ham bu biznesda ish topildi.

Samarqandda yangicha savdo nuqtalari ochilgan. Ularda kechasi, to‘ydan keyin to kuyovning uyigacha yoqib boriladigan yurak shaklidagi katta-katta mash’alalar sotiladi. Pirotexnika vositalari, mushaklar sotiladi. Ularni sotib olgan kuyov va kuyovnavkarlar tungi soat bir-ikkilarda o‘sha mash’alalarni yoqib, mushaklarni otib, ayni el uxlaydigan soatlarda mahalla ahlining, keksalarning tinchini buzib, o‘zlaricha sho‘xlik, aslida, qip-qizil jinniliklar qilishadi. Ularning tungi soat ikkida baqirib aytgan almoyi-aljoyi «Yor-yor»laridan o‘sha soatda endigina orom olayotgan bemorlar, og‘ir xastalik bilan kurashib yotganlar qanchalik bezovta bo‘lishini, ozor topishini xayollariga ham keltirmaydilar.

Endi ayting, to‘y biznesichalik jadal rivojlanayotgan, yutqizmaydigan, o‘tgan yilgidan kam daromad qilmaydigan biror soha bormi? Yo‘q! Na qishloq xo‘jaligi, na sanoat, biror soha, aqalli savdo, tijorat sohasi ham bunchalik rivojlanmaydi. Ana shuning uchun ham bu biznesning boshida kichik odamlar turgani yo‘q. Aqlli, qo‘li uzun, puldor, o‘zbeklarning psixologiyasini yaxshi bilgan odamlar bu sohani monopolistik industriyaga aylantirib olishdi!

To‘ydan keyin

Yashirmasdan, tan olib ayting, «Otdan qolma, eshagim», deb, «El qatori to‘y qilaman», deb, «Falonchinikidan kam qilmayman», deb bir kunlik to‘yni dabdaba bilan o‘tkazib, to‘ydan bir oy o‘tib yo o‘tmasdan kuyov ham, ba’zan kuyovning otasi ham bo‘yniga ilingan millionlab qarzini to‘lash uchun pul topib kelish maqsadida Rossiyaga ketayotganini ko‘rmayapsizmi?

Men ko‘rayapman, eshitayapman. Bizga kelayotgan yuzlab maktublarda ana shunday oilalar buzilib ketayotgani afsus va nadomatlar bilan bayon etilmoqda. Uyda qolib, bir oygina kelinlik gashtini surgan kelin erini yillar davomida qaytib ko‘rmasa, ustiga qaynona, qayinsingillarning fitnasi bilan yuzma-yuz qolsa, kim kafolat beradi, uning ostona hatlab, ko‘chaga chiqmasligiga? «Kelin bo‘lib nima ko‘rding? Yoshliging o‘tib ketayapti, kel, o‘ynab qol, yayrab qol!» deb imlayotganlarning da’vatiga «ko‘nib qo‘ymasligi»ga?

Adliya vazirligidan olgan ma’lumotimizga ko‘ra, yiliga o‘rtacha o‘ttiz ming nikoh bekor qilinayapti ekan. Bu har o‘nta oiladan bittasi barbod bo‘layapti, degani! Biz yuqorida ta’riflagan dabdabali to‘ylarning O‘N FOIZI bekor bo‘layapti, ularga sarflangan milliardlar havoga uchib ketayapti, degani!

Oxirgi olgan ma’lumotimiz undan ham xavotirli: har uch nikohdan biri, ya’ni 30 foiz nikoh buzilayapti ekan!

Buzilayotgan nikohlarning akasariyatiga kuyovlarning bo‘yniga to‘yda ilingan qarz sabab bo‘lmoqda.

Payg‘ambarimizni to‘yiga aytmagan sahoba

Bir sahoba yonlaridan o‘tib ketayotganida undan kelayotgan xushbo‘y hidni sezgan Payg‘ambar alayhissalom uni to‘xtatdilar.

− Sendan xushbo‘y hid kelayapti, uylandingmi? – deb so‘radilar.

− Ha, Rasululloh (sav), uylandim, − dedi sahoba.

− Ziyofat qilmadingmi? – so‘radilar Rasululloh (sav).

− Qildim, − dedi sahoba. – Kichikroq ziyofat qilib, eng yaqin qarindoshlarimizni chaqirdik.

Anglayapsizmi? Payg‘ambarimiz (sav) bilan bir vaqtda, bir shaharda yashagan, u zot (sav)ga ergashgan sahoba uylanibdi-yu, yaqinlarini chaqirib, ziyofat, qilibdi-yu, Payg‘ambarimiz (sav)ni to‘yga aytmabdi!

Biz-chi? O‘zini musulmon sanab, Payg‘ambar (sav) ummatiman, deb yurganlar-chi? Yaqinlarimiz qolib, shaharning, viloyatning eng ko‘zga ko‘ringan kazo-kazolari, og‘zi polvonlarini chaqirib, to‘y qilamiz. O‘z hududining birinchi rahbarlari kelmaguncha boshlanmay turgan to‘ylarni, vaqti o‘tib ketgan iftorliklarni ko‘rmadikmi? «Falonchi Pismadonochiyevich kelmasalar, kelin mashinadan tushmas ekan», degan gaplarni eshitmadikmi?

Boy mamlakatlarning to‘ylarida

Arablarning to‘yida ishtirok etdik. Bizdagi as’asa-yu, vasvasani ko‘rmadik. 30-40 kishi kelin-kuyovni tabriklashdi, shirinlik yeb, suv ichib, yoshlarning haqiga duo qilishdi. Kuyov kelinni o‘z uyiga olib ketdi. Biz, O‘zbekistondan borganlar to‘y qizishini, arablarning Ozodbegi kelishini, to‘rt-besh xil taomlar kelishini kutib o‘tirgandik, to‘y tugagani aytishdi.

Istanbulda to‘yda qatnashdik. O‘ttiztacha kishi tashrif buyurgan to‘yda bitta kattaroq tort va sharbatlar bor edi, xolos. Kelin-kuyovni tabriklagan mehmonlar bir bo‘lakdan tort yeb, bir finjondan sharbat ichib, ketaverdilar. Istaganlar kelin-kuyov bilan suratga tushdi. Boyning to‘yi bo‘lgani uchun Ibrohim Tatlisas, Mustafo Sandal, Sardar O‘rtach, Tarkan deganlarining hammasi «birrov»ga kelsa kerak, deb umid qilgandim. Magnitofondan to‘rtta musiqa yangradi, xolos!

Xitoyda yashayotgan dindoshlarimizning to‘yi kattaroq bo‘ldi. Ellik kishiga dasturxon tuzaldi. Hammaga bir kosadan lag‘mon tortildi. Shundan keyin kelin-kuyovning haqiga duo qilindi.

Nima qilmoq kerak?

To‘y qilishdan maqsad nima edi?

Ikki yoshning nikohini bildirish edi. Buni ikki oila va ularning eng yaqin qarindoshlariga bildirish yetarli. Butun dunyoga jar solish shart emas! Ming kishini yig‘ib, o‘zini, boyligini, qo‘li uzunligini ko‘z-ko‘z qilishning aslo hojati yo‘q!

Biz barcha yurtdoshlarimiz mushohada qilib ko‘rishlari uchun quyidagi tavsiyalarni taqdim etamiz:

  1. To‘ylar oilaviy bayram bo‘lsin, unga oilaning eng yaqin qarindoshlarigina taklif etilsin;
  2. To‘ylarga yuz kishidan ortiq odam chaqirilmasin;
  3. Ming, ikki ming kishilik to‘yxona qurganlarning koshonalari davlat ixtiyoriga sotib olinib, ular muzey, kutubxona, o‘quv markazlariga aylantirilsin;
  4. To‘ylarda BITTA san’atkor RAQQOSALARSIZ xizmat qilsin;
  5. To‘ylarda bir xil taom berilsin;
  6. To‘ylarda aroq qo‘yilmasin;
  7. To‘ylar bir soatdan ortiq cho‘zilmasin!

Buni kim qiladi?

Bu tavsiyalar ko‘p berildi, aytildi, yozildi, ko‘rsatuvlar qilindi, katta yig‘ilishlar qilindi va hokazo. Demak, aytgan bilan, yozgan bilan bo‘lmas ekan. Bu muammoni yig‘ilishda hal qilib bo‘lmas ekan.

Demak, yuqoridagi tavsiyalarni davlat qonun bilan tasdiqlashiga, shu talablar bajarilishini nazorat qilishiga, bu talablarni bajarmaganlarni jazolashiga erishmog‘imiz kerak!

Buning uchun har safar bunday maqolani o‘qiganda, «To‘g‘ri yozibdi, rahmat!» deydigan, eshittirishni eshitganda, ko‘rsatuvni ko‘rganda «Barakalla, otangga rahmat!» deydigan millionlab odamlar, ya’ni xalqimiz ana shu narsani davlat rahbarlaridan, qonun qabul qiluvchi parlamentdan talab qilishi kerak.

Men shu masalada, kerak bo‘lsa, umumxalq REFERENDUMini o‘tkazishga chaqiraman!

Hozir mening talablarim ko‘pchilikka kulguli tuyulayotgandir, balki xomxayol, amalga oshirib bo‘lmayotgan ish tuyulayotgandir, ammo, bilib qo‘ying, «XALQ KUChDIR, XALQ DENGIZDIR»! Xalq birlashib, biz ko‘zlayotgan maqsadga erishsak, O‘zbek xalqining kelajagi, yosh avlod kelajagi uchun eng buyuk xizmatni qilgan bo‘lamiz!

Men XALQni shunga da’vat qilaman!

Aziz yurtdoshlarim! O‘z farzandlarimiz kelajagi uchun shu ishni qilaylik! Bir kunlik to‘y uchun sarflab yuborayotgan millionlab mablag‘imizni ularni BUYuK qilish uchun sarflash maqsadida to‘ylarni OILAVIY BAYRAM darajasiga olib kelaylik! Unda faqat ikki oila vakillarigina ishtirok etishiga erishaylik!

Ana shunda biz boy bo‘lamiz! O‘zbekiston boy bo‘ladi!

Farzandlarimiz yana dunyoni lol qiladigan farzandlar bo‘ladi!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring