Tokioda yog‘ochdan 70 qavatli osmono‘par bino quriladi
Yaponiyaning «Sumitomo Forestry» kompaniyasi o‘tgan yili Tokioda yog‘ochdan 70 qavatli osmono‘par binoni qurishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgandi. Kuni kecha esa kompaniya mazkur qurilishning batafsil ma’lumotlari bilan bo‘lishdi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kompaniya qurilish uchun salkam 5,5 milliard dollar sarflaydi va unga 185000 metr kub yog‘och ishlatadi, deb xabar berdi «Hi-News».
Balandligi 350 metr bo‘lgan osmono‘par bino yog‘ochdan qurilgan dunyodagi yagona inshoot hisoblanadi. Hozirda Yaponiyada yog‘ochdan qurilgan uylarning maksimal balandligi yetti qavatdan oshmaydi. Shu sababli loyiha o‘ziga xos hisoblanadi. Osmono‘par binoning konstruksiyasi po‘lat karkaslar bilan mustahkamlanadi — bu esa uni zilzilaga bardoshliligini oshiradi.
Ofislar, mehmonxona va kvartiralar joylashgan binoning umumiy maydoni 450 000 kvadrat metrni tashkil etadi. Loyiha mualliflari inshoot ichini dekorativ sharsharalar va yong‘inga bardoshli o‘simliklar bilan bezashni reja qilgan. Mazkur osmono‘parga ishlatiladigan yog‘och «Sumitomo Forestry» tomonidan quriladigan standart uylarning sakkiz mingtasiga yetgan bo‘lardi.
Loyihani 2041-yilda nihoyasiga yetkazish mo‘ljallangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter