«To‘g‘ri vaqtda, to‘g‘ri manzilga keldingiz» – Turkiya elchisi
Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar holatiga baho berdi. Bu haqda diplomat Turkish HVAC-R – Turkiyaning yirik ishlab chiqaruvchilar uyushmasining Toshkentdagi anjumanida so‘zladi.
«To‘g‘ri vaqtda, to‘g‘ri manzilga keldingiz. O‘zbekistonda ishbilarmonlik uchun qulay muhit yaratilgan. Mamlakatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabat sabab turli sohalar qatorida iqtisodiy aloqalar shiddat bilan rivojlanmoqda. Buni 2021 yilda o‘zaro savdo aylanmasi 3 milliard 645 million dollarga yetgani, bu borada 72 foizli o‘sish ko‘rsatkichi qayd etilgani ham tasdiqlaydi», – dedi elchi O.Bekar.
Bu hali so‘nggi marra emasligini ta’kidlagan diplomat turkiyalik ishbilarmonlarni O‘zbekistonga ko‘proq sarmoya kiritish, hamkorlikni yana kuchaytirish uchun yangi-yangi loyihalarni amalga oshirishga da’vat etdi.
Anjumanda qayd etilishicha, Turkish HVAC-R – Turkiyaning yirik ishlab chiqaruvchilar uyushmasi O‘zbekistonga mahsulot eksportini oshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Tahlillarga qaraganda, 2016 yildan boshlab O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni 2 barobar, mamlakat iqtisodiyotiga kiritilgan Turkiya sarmoyasi hajmi esa 10 barobar oshgan.
O‘zbekiston statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda mamlakatimizda xorijiy kapital ishtirokidagi yangi kompaniyalar soni bo‘yicha Turkiya birinchi o‘rinni egalladi. O‘tgan yillar davomida bu borada Xitoy yetakchilik qilayotgan edi. 2021 yilda turk sarmoyasi asosida 407 korxona ta’sis etildi.
Avval xabar berganimizdek, Turkiya statistika instituti (TÜİK) ham ikki davlat o‘rtasida ham eksport, ham import ko‘rsatkichlari oshayotganini qayd etgan.
O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazishni ko‘zlamoqda. Shu maqsadda mamlakatlar o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda Elektron tijorat sohasidagi bitim yuzasidan kelishuv jarayoni ketmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter