Cheklovlar olib tashlandi. Toshkentda yangi qurilgan uydan ko‘chmas mulk sotib olganlar propiskaga o‘tishi mumkin bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 845-son qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom» hamda «Chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda «Norma» xabar bermoqda.
Xabaringiz bor, 2017 yil iyul-avgustdan boshlab joriy etilgan tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari va chet el fuqarolari yangi qurilgan uyda ko‘chmas mulk sotib olish sharti bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskadan o‘tish imkoni berilgan edi. Unga ko‘ra, bitimning eng kam summasi haqidagi shart joriy etilgan edi:
- Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga respublikaning boshqa mintaqalaridan kelgan va o‘sha mintaqalarda doimiy propiskaga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — qiymati 2 500 EKIHdan kam bo‘lmagan (material e’lon qilingan sanada — 460 mln 750 ming so‘m). Shuningdek, oldi-sotdi bitimini notarial tasdiqlaganlik uchun 5 foizlik boj to‘lash ham talab etilgan;
- Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga boshqa davlatlardan kelgan va yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan — qiymati 600 mln so‘mdan kam bo‘lmagan. Shuningdek oldi-sotdi bitimini notarial tasdiqlaganlik uchun 10 foizlik boj to‘lash ham talab etilgan.
Ushbu talabni bajarganlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskadan o‘tish uchun hujjatlarni taqdim etish huquqiga ega edilar.
Endi esa, O‘zbekiston fuqarolari uchun bitim summasi bo‘yicha cheklovlar to‘liq olib tashlandi. Bitim summasi miqdori hatto 1 so‘m bo‘lgan taqdirda ham propiskadan o‘tish uchun hujjat topshirish imkoni bo‘ladi.
Chet el fuqarolari esa, qaysi toifaga mansubligidan qat’i nazar, 3 300 EKIH (material e’lon qilingan sanada – 608 mln 190 ming so‘m) to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
Adliya vazirligi 2018 yil fevralda tayyorlagan loyihadan farqli ravishda, qabul qilingan hujjatda propiskaga ega bo‘lmay turib, ikkilamchi bozorda turar joy sotib olishga ruxsat berilmagan. Garchi bekor qilish taklif etilgan bo‘lsa ham, turar joy uchun hisob-kitobni bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirish tartibi ham saqlanib qoldi.
Nashrning eslatishicha, yangi turar joyni ipotekaga sotib olish propiskadan o‘tishga to‘sqinlik qilmaydi.
Yangiliklarning amalda joriy etilishi muayyan darajada Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (30.03.2010 yilda 2090-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) qabul qilingan hujjatga muvofiqlashtirilishiga ham bog‘liq. Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolari uchun bitim summasining eng quyi chegarasi bekor qilingan ekan, demak, turar joyning oldi-sotdi bitimini notarial tasdiqlaganlik uchun davlat bojini yuqorida bayon etilgan tartibda hisoblab chiqarish mexanizmiga ham o‘zgartirish kiritiladi.
Hujjat 2018 yil 24 oktyabrdan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter