Taniqli shoir Azim Suyun 72 yoshida vafot etdi
Bugun, 9-mart kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Azim Suyun olamdan o‘tdi.
Atoqli shoir, madaniyat va jamoat arbobi Azim Suyun (Suyunov Azimbay Alimovich) 1948-yil 22-fevralda Samarqand viloyatiga qarashli Nakurt qishlog‘ida tug‘ilgan. Ilk she’riy mashqlari, maqolalari o‘quvchilik kezlaridayoq yoritila boshladi. Birinchi kitobi «Mening osmonim» (1978) o‘ttiz yoshida dunyo yuzini ko‘rdi.
Shundan so‘ng shoirning «Zarb» (1979), «Zamin taqdiri» (1981), «Xayolot» (1984), «Ziyo yo‘li» (1986), «Javzo» (1987), «Olis tonglar» (1989), «Kuyganim — suyganim» (1992), «Sarbadorlar» (1994), «Qora ko‘zing sening» (1994), «Saylanma» (1997), «O‘zlik» (1999), «Sharq xikmati» (2000), «Ey do‘st» — she’riy qayirmalar (2005), «Vatan fasllari» (2007), «Muhabbat hayratlari» (2009), «Andiz o‘sgan yerlarda» (2012), «Ey do‘st» — nasriy qayirmalar (2014), «Navoiydan topdim» (2015), kitoblari nashr etildi.
Azim Suyun haqso‘z jurnalist-publitsist sifatida ham tanilgandi. 1990-1993-yillarda «Xalq so‘zi» gazetasida bo‘lim muharriri, 1993-2002-yillar «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalarida Bosh muharrir, 2002-yilning fevral oyidan 2013-yilgacha «Guliston» jurnali Bosh muharriri lavozimlarida ishladi.
Azim Suyun O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan Madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlagan. Birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati etib saylangandi.
Shoirning oxirati obod bo‘lsin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter