Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tanasidan ignalar topilgan chaqaloq bo‘yicha jinoyat ishi yopildi. Aslida nimalar bo‘lgandi?

Tanasidan ignalar topilgan chaqaloq bo‘yicha jinoyat ishi yopildi. Aslida nimalar bo‘lgandi?

A.Abdumajidovning rentgen suratlari

Kadr: «YouTube»

Bundan bir necha oy muqaddam toshloqlik 11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Joriy yilning 14- mart kuni ushbu kichkintoy Azizbek Abdumajidov sog‘ayib, uyiga ham qaytgan edi.

Shu bilan mazkur holat unut bo‘lgandek edi go‘yo. Chaqaloq uyiga sog‘ holatda qaytganining o‘zi barchasini unutishga sabab bo‘lishi mumkin. Lekin tanganing boshqa tomoni ham bor. Igna va sim bo‘laklari go‘dak tanasiga qanday kirib qolgani haqida hech kim so‘nggi ma’lumotni bermadi.

Holbuki, Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Gulnoza Rahimova sodir bo‘lgan ushbu hodisa bo‘yicha haqiqatni aniqlash hamda qonuniy qaror qabul qilinishini ta’minlash maqsadida 2018-yil 24-yanvarda Toshloq tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va A.Abdumajidovning tanasiga ignalarning tushish sabablarini aniqlash maqsadida qator ekspertizalar tayinlanganini aytgan edi.

Biz ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida, A.Abdumajidovning ishi bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni bilish uchun Farg‘ona viloyat prokuraturasiga rasman murojaat qildik va quyidagicha javob oldik:


«Farg‘ona viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan 2017-yil 11-fevralda tug‘ilgan A.Abdumajidovning ichki a’zolaridan ko‘plab ignalar topilgani yuzasidan JKning 25, 97-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borildi.

Aniqlanishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona viloyat filiali tomonidan A.Abdumajidov qabul qilinib, 2018-yil 15-yanvarda o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvda uning ichki a’zolari turli joylarida ko‘plab ignalar borligi aniqlanib, zudlik bilan Respublika ilmiy markazi jarrohlik bo‘limiga yuborilgan va markazning jarrohlik bo‘limi tomonidan A.Abdumajidovning ichki a’zolaridan jami 11 dona po‘lat igna va sim bo‘lagi chiqarib olinib, qolgan 3 dona ignalar olinmagan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, jarrohlik operatsiyasida A.Abdumajidovning qorin bo‘shlig‘i va uning atrofida joylashgan ichki a’zolaridan jami 10 dona igna hamda to‘g‘ri ichak va siydik qopi orasidan 1 dona sim bo‘lagi olib tashlangani, ignalarni xarakteri va xususiyatlariga ko‘ra, og‘iz orqali qizilo‘ngachdan so‘ng oshqozon bo‘shlig‘iga tushib, tananing harakati, muskullarning qisqarishi, qizilo‘ngach, oshqozon ichaklar peristaltikasi oqibatida migratsiya bo‘lib, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkinligi, chaqaloqning chap bo‘yin va chap yonbosh sohalarida aniqlangan ignalar tashqi kuch ta’siri ostida tanaga kiritilgan bo‘lishi mumkinligi, mazkur aniqlangan jarohatlar hayot uchun xavfli bo‘lgan «og‘ir» shikastlar toifasiga kirishi qayd etilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan Sh.B.ning aytishicha, 2017-yil noyabr oyining o‘rtalarida farzandi A.Abdumajidov kasal bo‘lgani uchun shifoxonada davolanib chiqqan. Dekabr oyida farzandining chap chov, orqa bel va bo‘yin sohalarida shishlar paydo bo‘lgan, shifokor maslahati bilan shishgan joylarga maz surtgan, farzandi istimalashni boshlagandan so‘ng, shifoxonaga olib borganida uning ichki a’zolarida ignalar borligi aniqlangan. Keyin Toshkent shahriga yuborilgan farzandi shifoxonada davolangan, farzandiga biron-bir shaxs tomonidan igna yuttirilmagan, balki uning o‘zi ignalarni yutib yuborgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, onasi do‘ppi tikish bilan shug‘ullangan, havo harorati sovuq bo‘lgani bois oila a’zolari barchasi bitta xonada yashab kelishgan. Onasi X.B. 2017-yil noyabr oylarining boshlarida mahallasida joylashgan bozordan sotib olgan ignalari yo‘qolib qolgan, ushbu ignalar o‘ralgan holda bo‘lgan va farzandi ularni o‘ralgan holda yutib yuborgan bo‘lishi mumkin. Chunki go‘dak so‘nggi vaqtlarda qo‘liga kirgan buyum va narsalarni og‘ziga solishga o‘rganib qolgan. Ona farzandining ko‘k yengli futbolkasidan aniqlangan qon dog‘i uning yonboshiga ukol qilinganidan so‘ng u yerdan chiqqan qon dog‘lari ham bo‘lishi mumkinligini, farzandini ichki a’zolarida ignalar topilgani holati bo‘yicha biron-bir shaxsdan gumoni yo‘qligini bildirgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan X.B. tirikchilik uchun ayollar do‘ppisini tikishini, 2017-yil noyabr oyi boshlarida Navbahor qishlog‘ida joylashgan bozordan 6000 so‘mga bir to‘plam igna va sovun sotib olganini aytgan. Keyin ushbu ignalarni qo‘ygan joyidan, ya’ni yashash xonasi tokchasidan topa olmayotganini, havo sovuq bo‘lgani sababli qizi, nabirasi va turmush o‘rtog‘i bilan bitta xonada yashayotganini, nevarasi o‘zi ignalarni yutib yuborgan bo‘lishi mumkinligini, chunki nevarasi qo‘liga kirgan buyumni og‘ziga solishini bildirgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan Marg‘ilon shahar bolalar shifoxonasi jarrohi D.Mallaxanov o‘z ko‘rsatmasida, 2017-yil dekabr oyida A.Abdumajidovni qabul qilib, uning tanasidagi shishlar bo‘yicha maz surtishni tavsiya qilgan. Lekin tanada jarohat izlari yoki jarohatdan qolgan asoratlar bo‘lmagani, tashqi kuch ta’sirida ignalar tanaga kiritilgan taqdirda jarohat izlari qolishini bildirgan.

Chaqaloq A.Abdumajidov shifoxonadan uyiga qaytmoqda
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan Toshloq tumani markaziy shifoxonasi bolalar bo‘limi shifokori X.Hoshimova o‘z ko‘rsatmasida aytishicha, 2017-yil 18-noyabr kuni soat 19.45 larda Toshloq tumani tibbiyot birlashmasi qabulxona bo‘limiga Toshloq tumani, Nayman QFY, Istiqlol ko‘chasida yashovchi 11.02.2017 yilda tug‘ilgan Abdumajidov Azizbek olib kelingan. Shundan so‘ng navbatchi vrach bo‘lgani uchun uni ko‘rikdan o‘tkazib, unga «o‘tkir laringotraxeit, gipertermik sindrom, birinchi darajali hiqildoq stenozi» tashxisini qo‘ygan. Bolachaning ahvoli og‘ir bo‘lib, 2 kundan buyon tana harorati ko‘tarilib turgan, ovozi bo‘g‘ilib yo‘talgan, og‘iz qismidan nafas olishi qiyinlashgan. Bolaning tomog‘ini shpatel yordamida ko‘rganida, limfa tugunlari kattalashmagan, tomog‘ida qizarish bo‘lmagan, o‘tkir laringotraxeit, ya’ni o‘pka nafas yo‘llarining shamollashi tashxisini qo‘ygan. Bolaning tomoq qismida o‘zgarishlar sezmagan. Bola shifoxonada 25-noyabr kuniga qadar davolanib, so‘ngra uyga ruxsat berilgan. Uni yechintirib, badanini ko‘zdan kechirgan, biroq tanasida jarohat izlari yoki jarohatdan qolgan asoratlar bo‘lmagan.

Jinoyat ishi bo‘yicha voyaga yetmagan A.Abdumajidov bilan birga istiqomat qilib kelgan onasi Sh.B., buvilari X.B., U.Q., opoqilari M.B. va A.X., tog‘asi S.U., xolasi Z.U., kelinoyisi J.U.ning ruhiy holatini tekshirish yuzasidan o‘tkazilgan sud psixiatriya ekspertizasi xulosalariga ko‘ra, ular ruhiy sog‘lom bo‘lib chiqqan.

Sud-tibbiy ekspertizasining 2018-yil 7-martdagi 49-sonli xulosasiga ko‘ra, jarrohlik operatsiyasida A.Abdumajidovning qorin bo‘shlig‘i va uning atrofida joylashgan ichki a’zolaridan jami 10 dona igna hamda to‘g‘ri ichak va siydik qopi orasidan 1 dona sim bo‘lagi olib tashlangan. Ignalar og‘iz orqali qizilo‘ngachdan so‘ng oshqozon bo‘shlig‘iga tushib, tananing harakati, muskullarning qisqarishi, qizilo‘ngach, oshqozon ichaklar peristaltikasi oqibatida migratsiya bo‘lib, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin. Bu jarohatlar hayot uchun xavfli bo‘lgan «og‘ir» shikastlar toifasiga kirishi, biroq voyaga yetmagan A.Abdumajidovning badaniga tashqi tomondan kiritilganini xarakterlovchi izlar va belgilar mavjud emasligi ko‘rsatilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha guvoh tariqasida so‘roq qilingan M.Nizomitdinov o‘z ko‘rsatmasida, voyaga yetmagan A.Abdumajidovning qorin bo‘shlig‘idan 2 dona igna qayta charvi xaltasiga o‘ralgan va mustaqil holatdaligi, 2 dona igna qorin bo‘shlig‘i chap yonbosh kanalida qiyshiq ko‘ndalang holatdaligi, 1 dona igna ingichka ichak tutqichida to‘g‘ri joylashgani, 1 dona igna ko‘ndalang chambar ichak tutqichida, 1 dona igna qorin oldi devori chap tomonida, 1 dona igna qorataloqda ko‘ndalang joylashgani, 1 dona ignasimon ichak bo‘shlig‘ida, sim bo‘lagi to‘g‘ri ichak va siydik qopi orasida yopishgan «V» ko‘rinishdaligi, 1 dona igna chap bo‘yin mushak orasidan ko‘ndalang-qiyshiq holatdaligi, shuningdek, bo‘yin qismining o‘ng tomonidan ham 1 dona igna ko‘ndalang turgani, ko‘ksi oralig‘ida ikkita igna va bo‘yin umurtqa pog‘onasi oralig‘ida bitta igna aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 22-moddasida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz bergani, uning sodir etilishida kim aybdorligi, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shartligi, ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun faqat ushbu kodeksda nazarda tutilgan tartibda topilgan, tekshirilgan va baholangan ma’lumotlardan foydalanish mumkinligi, gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan, sudlanuvchidan, jabrlanuvchidan, guvohdan va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslardan zo‘rlash, qo‘rqitish, huquqlarini cheklash va qonunga xilof bo‘lgan o‘zgacha choralar bilan ko‘rsatuvlar olishga harakat qilish man etilishini, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerakligi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek, uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida voyaga yetmagan A.Abdumajidovning ichki organlaridan ignalar topilgani holatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish yoxud boshqa biron-bir jinoyat tarkibi aniqlanmaganini inobatga olib, 2018-yil 31-mart kuni jinoyat ishi bo‘yicha JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan harakatdan tugatish haqida qaror qabul qilingan».


Xullas, ko‘rib turganingizdek, hech qanday jinoyat alomatlari va xarakterlari topilmagani sababli mazkur ish yopilgan. Muhimi, chaqaloq hozir sog‘-salomat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring