Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tanasidan 16 dona igna topilgan bola sog‘ayib, uyiga qaytdi

Tanasidan 16 dona igna topilgan bola sog‘ayib, uyiga qaytdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bundan ikki oy muqaddam toshloqlik 11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani haqida xabar bergan edik. Bugun, 14-mart kuni ushbu kichkintoy Azizbek Abdumajidov sog‘ayib uyiga qaytdi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Azizbekning onasi farzandining bezovtaligi, injiqligidan xavotirga tushib o‘zi yashayotgan hududdagi tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan. Dastlabki tekshiruvlarda uning tomog‘i shishgani, isitmasi borligi tufayli shamollash tashxisi qo‘yilgan. Biroq bolaning ahvoli o‘nglanavermagach, unda rentgen tekshiruvi o‘tkazilgan va tanasida igna borligi ma’lum bo‘lgan. Bola va uning onasi zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga keltirildi. Joriy yilning 17 yanvar kuni operatsiya qilindi. 9 soat davom etgan operatsiyada 10 ga yaqin shifokorlar ishtirok etdi va bolaning tanasidan 13 ta igna chiqarib olindi.


Mavzuga doir:

Bosh prokuratura: Tanasidan 16 ta igna topilgan go‘dak ishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


— Ignalar bola tanasida turlicha joylashgan edi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bolalar xirurgiyasi bo‘limi shifokori Doniyor Asadullayev. — Chaqaloqning yo‘g‘on ichagi, siydik qopi, ko‘krak qafasi, bo‘yin qismi, umurtqa pog‘onasi, yurak ostidan topilgan ignalar bolani ikki oycha qiynagan. Bu operatsiya tibbiyotda kamdan-kam uchraydigan og‘ir va nozik amaliyotdir. Bola operatsiyadan keyin bir necha kun koma holatini boshidan kechirdi. Shifokorlar uning hayotini asrash uchun bor imkoniyatni ishga soldi. Shunday murakkab sharoitda bemor hayotining asrab qolinishi tibbiyotimizning o‘ziga xos salohiyatidan dalolat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni paytda, bola vujudida 3 ta igna uning hayotiga xavf solmaydigan joylarda turibdi. Tibbiy tahlillarga ko‘ra, hozircha ushbu ignalarning bola sog‘lig‘iga salbiy ta’siri mavjud emas. Agar u bolani bezovta qilsa, kelgusida operatsiya yo‘li bilan olib tashlash mumkin. Azizbek uyiga qaytgach, hududiy shifokorlar nazorati ostida bo‘ladi.  


Mavzuga doir:

Tanasidan ignalar topilgan chaqaloq haqida yangi tafsilotlar aytildi (video)


Bola tanasiga ignalar qanday tushib qolgani haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Shifokorlar 11 oylik chaqaloq hech qachon buncha ko‘p metallni yutib yuborolmasligi, qizilo‘ngach va oshqozonda hech qanday jarohat alomati yo‘qligini qayd etishdi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring