Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkorga tegmang. Lekin kontrafakt nima bo‘ladi?!

Tadbirkorga tegmang. Lekin kontrafakt nima bo‘ladi?!

«Iyul-avgust oylarida barcha joylarda maktab bozorlari tashkil etilib, ularda daftar va kitob savdosi chaqqonlashadi», — deb yozmoqda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi rasmiy sayti.

Mo‘may daromad ilinjida yurgan ayrim shovvoz tadbirkorlarning shu paytga kelib «kuni tug‘adi». «Davring keldi sur begim» degan matalni dastak qilib «otini qamchilaydi». Qaysi bir yerto‘lalarda bekinib olib kontrafakt mahsulotlar tayyorlashga kirishadi, turli aylanma yo‘llar bilan bojxonachilar ko‘zini shamg‘alat qilib, ta’lim standartlariga mos kelmaydigan matbaa mahsulotlari bilan bozorlarni to‘ldiradi.

Natijada chizsang yirtilib, bo‘yasang ranglari chaplashib ketadigan rasm daftarlari, katak va yozuvlarini ko‘z bazo‘r ilg‘aydigan, muqovasida milliy ma’naviyatimizga mutlaqo zid turli suratlar aks etgan daftarlar o‘quvchilar sumkasidan joy oladi.

Nostandart mahsulotlar. Darslikning keyingi beti teskari holatda chop etilgan.

Xorijiy multfilmlar va ertak qahramonlari aks etgan, behayolik, «ommaviy madaniyat» targ‘ib etilgan rasm daftarlari (raskraskalar) esa farzandlarimizni «tarbiyalay» boshlaydi.

Kontrafakt mahsulotlari. Milliy ma’naviyatimizga zid rasm daftarlari.

Birinchidan, bu soxta tadbirkorlar «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Davlat ramzlari to‘g‘risida»gi qonunlar, davlat standartlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni oyoqosti qilayotgan bo‘lsa, ikkinchidan, qoida bo‘yicha halol ishlayotgan, soliq va majburiy to‘lovlarni vijdonan to‘layotgan tadbirkorlarning manfaatiga, eng muhimi, jondan aziz bo‘lgan farzandlarimizning sog‘ligiga ziyon yetkazayapti.

Kontrafakt mahsulotlari. Milliy ma’naviyatimizga zid rasm daftarlari.

Ularni sotib olayotgan bizlar-chi? Soxta «tadbirkorlar»ning gullab-yashnashiga, qing‘ir ishlarini rag‘batlantirishga hissa qo‘shmayapmizmi?! Nazarimizda, har bir ota-ona bugun ana shu savollarni bir marta bo‘lsa-da dilidan o‘tkazishi kerak.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘quv qurollarida davlat ramzlaridan foydalanish mumkin emas 

Aytish kerakki, bugun tadbirkorlik — davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlarga keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Ularning faoliyatiga aralashish, turli tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlangan. Ammo bu ishonch, imkoniyat va imtiyozlar istagan narsani amalga oshirish, amaldagi qonunlarni oyoqosti qilish mumkin degani emas-ku! Ular o‘zlarining nomaqbul faoliyatini tadbirkorlik deya xaspo‘shlashga haqqi bormi?

Ayrim «tadbirkor»lar esa darsliklarni noqonuniy chop etib, sotuvga qo‘yishmoqda. Bu, o‘z navbatida, bilim olish sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. O‘quv darsligi sifatida taqdim etilgan kitoblar haddan tashqari kichik formatda, imloviy va uslubiy xatolar bilan, sifatsiz qog‘ozlarda chop etilmoqda. Bunday kontrafakt mahsulotlar bugun xalq tilidagi «Solnechniy» (Ilm shu’lasi) bozorida «bijg‘ib», «bolalab» yotibdi. Viloyatlarga mashina-mashina qilib tashib ketilyapti.  

Darslikning asl varianti va kontrafakt mahsuloti
Darslikning asl varianti va kontrafakt mahsuloti

Shu bois O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh prokuratura, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, «O‘zstandart» agentligi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va boshqa tashkilotlarni hamda jamoatchilikni mazkur muammoni bartaraf etishda hamkorlikka chorlaydi. Amaldagi qonun hujjatlariga chap berayotgan bu kabi «tadbirkor»lar faoliyatini tartibga solish, ularga nisbatan keskin ta’sir choralarini qo‘llash kechiktirib bo‘lmas vazifa. Zero, ushbu muammo bevosita kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlod taqdiri, uning ertangi kuni bilan bevosita bog‘liq.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring