Suv, elektr, tabiiy gaz — «Paxtakor» obod qilinmoqda (foto)
Jizzax viloyatining Paxtakor tumani 1967 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda aholi soni 72 ming 800 nafarni tashkil etadi. Asosiy infratuzilma ob’yektlari barpo etilgan vaqt Jizzax cho‘llarini o‘zlashtirish jarayoniga to‘g‘ri keladi.
Afsuski, o‘zining qadoq qo‘llari bilan rizq yaratgan, cho‘llarni obod qilishda jonbozlik ko‘rsatgan cho‘lquvarlar faoliyati, ularning mehnatiyu, yutuqlari haqida maqtov gaplar ko‘p gapirilsada, amalda ularning turmush ahvoli o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Salkam yarim asr davomida tumanda sanoat, uy-joy, ijtimoiy ob’yektlarni bunyod etish bilan bog‘liq arzirli ishlar bajarilmadi. «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturi hamda «Ilg‘or hudud» loyihasi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Bosh rejaga muvofiq, tuman markazidagi bir holatga kelib qolgan ko‘pqavatli va yakka tartibdagi uy-joylar, bog‘cha, maktab, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, servis, xizmat ko‘rsatish, savdo nuqtalari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Tuman markazidagi asosiy ko‘cha – Sharof Rashidov nomidagi ko‘chaning avvalgi xira manzarasi barham topib, qiyofasi kundan-kunga tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib bormoqda. Yo‘l chetidagi beton ariqlar yangilanib, piyodalar yo‘lakchalari qurilmoqda, o‘rtaga tungi yoritgichlar o‘rnatildi, yashil maysazorlar tashkil qilinib, daraxt ko‘chatlari va gullar ekilmoqda. Shu ko‘chada joylashgan uylar, ijtimoiy soha ob’yektlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining ichki va tashqi qismlari hamda atroflarida ham qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilyapti.
Bosh reja asosida yangi qurilayotgan 23 ta, kapital rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari bajarilayotgan 49 ta, jami 72 ta ob’yektning salmoqli qismi ham ana shu ko‘chada joylashgan. Misol uchun, tuman tibbiyot birlashmasi binosi ham dastur asosida zamonaviy holatga kelitirildi. Ayni paytda qayta ta’mirlangan va zarur jihozlar bilan ta’minlangan maskanda aholi salomatligini muhofaza qilish uchun barcha sharoitlar bor.
Hududda uzoq yillardan beri og‘riqli masala bo‘lib kelayotgan kanalizatsiya, ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlarini ta’mirlash hamda yangilarini barpo etish ishlari jadal olib borilyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter