Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surxondaryo hokimining sobiq o‘rinbosari vafot etdi

Surxondaryo hokimining sobiq o‘rinbosari vafot etdi

Mehnat faxriysi, xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi deputati Mavluda Qobulova bugun, 14 aprel kuni 63 yoshida olamdan o‘tgan. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.

«Mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson, yaqin do‘st Mavluda Qobulovaning yorqin xotirasi qalblarimizda abadiy saqlanib qoladi», deyiladi viloyat hokimi boshchiligidagi bir guruh mas’ullar ta’ziyasida.

M.Qobulova mehnat faoliyatini 1977 yil Denov tumani markaziy kasalxonasi bolalar bo‘limida oddiy hamshiralikdan boshlab, Denov tumani markaziy kasalxonasi tug‘ruq bo‘limi shifokor-internasi, shifokor neonotologi, bosh neonotologi, shifokor-statisti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti operativ xirurgiya va topografik anatomiya kafedrasi assistenti, dotsenti, o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i, Denov tumani “Hazarbog‘” qishloq shifoxonasi bosh shifokori, Denov tumani markaziy kasalxonasi bosh shifokorining tashkiliy-uslubiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari vazifalarida ishlagan.

Uzoq yillar Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari - xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritib, viloyatda xotin-qizlarning jamiyatdagi roli va mavqeini oshirish yo‘lida samarali mehnat qilgan. U xotin-qizlar qo‘mitasi tizimidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati bilan nafaqat viloyatimiz balki, mamlakat miqyosida salohiyatli rahbar ayol sifatida tanilgan.

Yetakchi rahbar ayol va yetuk tashkilotchi Mavluda Qobulova so‘nggi yillarda «Yuksalish» umummilliy harakatining Surxondaryo viloyatidagi hududiy bo‘linmasi rahbari lavozimida fidokorona xizmat qilib kelayotgan edi.

Mavluda Qobulova 2018 yilda «Mehnat shuhrati» ordeniga sazovar bo‘lgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring