Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Stalinning Afg‘onistonga bosqini haqida eshitganmisiz?

Stalinning Afg‘onistonga bosqini haqida eshitganmisiz?

Afg‘onistondek tog‘lar bag‘ridagi geopolitik hududda murakkab siyosiy jarayonlar 1929 yilga kelib avjiga chiqqan edi. O‘sha paytdagi amaldor hukmdor Omounullaxonga (1892 – 1960) qarshi muxoliflardan Habibullo-Bachai Saqo o‘z maslakdoshlari bilan dehqonlar va xorijliklar madadiga tayanib, 1929-yil 18- yanvarda Kobulni egallaydi. Shu tariqa Kobul atrofidagi tojik dehqoni oilasida tug‘ilgan, 39 yoshli afg‘on armiyasining zobiti Habibullo o‘zini amir, deb e’lon qildi...

Bu paytda Buxoroning sobiq amiri Olimxon va boshqa muhojirlar ham Afg‘onistondan panoh topgan, ularning siyosiy guruhlar o‘rtasidagi bunday kurashlarda qo‘g‘irchoqqa aylanish xavfi bor edi. Zotan, oldingi amir Omonullaxon Buxoroning sobiq amiri va boshqa muhojirlarga yashash uchun zarur shart-sharoit yaratib bergandi. Hatto, 1924 yil sentyabrda sho‘rolarning Afg‘onistondagi elchisi Strak undan buxoroliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish masalasini qo‘yganidayam ko‘nmagan edi. Amir almashib, Habibulloxon hukmdor bo‘lgach, 4000 kishilik qurollangan muhojirlar uning aytganiga ko‘nib, murosaga kelishi, ya’ni xizmatiga shay turmog‘i lozim edi.

Sobiq amir Omonulloxon buxoroliklar masalasida sho‘rolar talabiga ko‘nmagan bo‘lsa-da, boshqa masalada qo‘shni davlat sifatida bolsheviklar bilan murosaga kelardi. Habibulloxonning hokimiyat tepasiga kelishida esa ingliz maxsus xizmatining qo‘li borligi uchun sho‘ro rahbarlari yonginasida vaqti kelib «kapitalizm balosi» o‘rnashishini hohlamasdi. Shu sababli, qolaversa, Omonullaxonning taxtga qaytish niyati borligi bois, sho‘ro davlati rahbarlari sobiq amir bilan muzokara olib bordi.

Tabiiyki, agar taxtga qaytarish opreatsiyasi amalga oshsa, Omonullaxon Stalinning bu yordami uchun butunlay sho‘rolar talabi va ta’siri ostida siyosat yuritardi. Bularning bari esa «kapitalizm balosi»ni sho‘rolar davlati chegarasidan ancha nariga uloqtirardi. Shuningdek, endi bu gal buxorolik muhojirlarni afg‘on zaminidan chiqarib yuborishga sobiq amir Omonullaxon ko‘nmog‘i lozim edi.

Stalin vaziyatni obdon o‘rganib, darhol Omonullaxon vaqtida tashqi ishlar vaziri bo‘lgan G‘ulom Siddiqxon va Moskvadagi Afg‘onistonning elchisi G‘ulom Gabixon Charxiyni qabul qildi. 1929-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Stalin sobiq amir tomonining keyingi rasmiy takliflarini o‘rganib chiqdi. Natijada, maxsus reja tuzilib, Afg‘onistonga bostirib kirish boshlab yuborildi.

1929-yil 14-aprelda Termizdan chiqqan 2000 kishilik sho‘roviy askar 15 aprel kuni Amudaryoning Pattakesar degan joyidan kechuvdan o‘tdi. Ular afg‘on armiyasining harbiy formalari, musulmoncha kiyim, salla o‘rab olishgan edi. Ana shunday ushbu «antiqa» qo‘shinga Ukraina kazaklarining atamani V.Primakov boshchilik qilgan. U 1927-yildan beri Afg‘onistonda sho‘ro davlati elchixonasida harbiy attashe bo‘lib ishlar, o‘lkadagi vaziyat, Afg‘onistondagi xalqlar hayoti bilan oldindan tanish edi. Primakov sho‘roviylarning bostirib kirgan qo‘shinida turk zobiti Rog‘ibbey nomi bilan faoliyat ko‘rsatardi.

Ana shunday vaziyatda sho‘roviylarga qarshi Habibulloxon qo‘shinidan tashqari muhojirlikdagi Ibrohimbek yigitlari ham qattiq kurashdi. Bu paytda vataniga kelib, taxtga qaytish niyatidagi Omonullaxon Afg‘onistonda yashirib qoldirib ketgan oltinu javohirlarni to‘plab, avval Hindistonga, keyin esa Shveysariyaga o‘tib ketadi. Vaziyatning bu tarzda o‘zgargani, qolaversa, dunyo jamoatchiligi va matbuotining, endigina oyoqqa turgan sho‘ro davlati bosqinchilik qilmoqda, degan g‘alvalari tufayli Stalin qo‘shinni ortga qaytarishga qaror qildi.

 Shu tariqa 1929-yil 31-mayda sho‘ro qo‘shini bosqini to‘xtadi. Biroq Stalin maxsus xizmat orqali general Muhammad Nodirxonning, Habibulloxonni taxtdan qulatishiga yordam berdi. Shundan so‘ng sho‘roviylar yordami bilan taxtga chiqqan Nodirxon davrida buxorolik muhojirlar ahvoli og‘irlashib, ularga yaratilgan shart-sharoitlar bekor qilindi. Stalin shu tariqa qisman bo‘lsa-da, niyatiga yetgan edi.

Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring