Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SSVga bir agentlik va jamg‘arma qo‘shilmoqda

SSVga bir agentlik va jamg‘arma qo‘shilmoqda

Foto: Xabar.uz

Prezidentimizning «Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, quyidagilar Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga o‘tkaziladi:

  • Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi;
  • 2024 yil 1 yanvardan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi.

Mazkur muassasalar Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga mustaqil yuridik shaxs maqomi hamda ular faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi manbalari va tartibini saqlab qolgan holda o‘tkaziladi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi farmatsevtika sanoati barqaror rivojlanishi uchun javobgarlikni to‘liq zimmasiga oladi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining kuzatuv kengashi tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun jalb qilinadigan yetkazib beruvchilar (davlat va nodavlat)ni, xarid qilinadigan tibbiy yordamlar hajmini mustaqil belgilaydi va o‘z budjetini shakllantiradi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi 2027 yil 1 yanvardan Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibidan chiqadi va mustaqil jamg‘arma sifatida faoliyat yuritadi.

Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha tasdiqlangan standartlarga muvofiq tibbiy xizmatlarning bazaviy narxlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan kelishgan holda belgilanadi.

Sog‘liqni saqlash vaziri va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijrochi direktori 2026 yilning yakuniga qadar tibbiy sug‘urtaning respublika bo‘ylab to‘liq joriy etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring