Sportchi va san’atkorlar Sardoba fojeasi jabrdiydalari holidan xabar olishdi
Kecha Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda Sardoba fojeasi natijasida Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida joylashgan 532-sonli harbiy qism yotoqxonasiga vaqtincha evakuatsiya qilingan aholi bilan uchrashdi. Mazkur harbiy qismga Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod hamda Oqoltin tumanlaridagi «Birlik», «Navbahor», «Tinchlik» va «Shodlik» mahallalarida istiqomat qiluvchi jami 195 nafar fuqaro joylashtirilgan.
Sardoba fojeasi jabrdiydalari bilan do‘stona uchrashuvda xalqimizning sevimli san’atkorlari, jumladan O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev, taniqli rejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Mirzaahmedov, shuningdek taniqli sportchilar, dzyudo bo‘yicha Osiyo chempioni, harbiylar o‘rtasida jahon chempionati g‘olibi Ramziddin Saidov, taekvondo VTF bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi Jasur Boyqo‘ziyev, shaxmat bo‘yicha ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Sarvinoz Qurbonboyeva, erkin kurash bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni Jamshid Ma’rufov, Bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarish bo‘yicha jahon chempioni, «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohibi Javohir Qurbonov, sportning Universal jang turi bo‘yicha 8 karra jahon chempioni Alisher Abdullayevlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda dastlab san’atkorlar o‘z chiqishlari bilan yig‘ilganlarni xushnud etdi. Shundan so‘ng davrada mahalliy sportsevar yoshlar o‘z mahoratlarini namoyish etishdi va ular taniqli sportchilarimiz tomonidan rag‘batlantirib turildi. Ehtimol, sirdaryolik yoshlarga berilgan sovg‘alarning qiymati yuqori emasdir, ammo buni jahon chempionlari, qaysiki xalqaro arenalarda vatanimiz bayrog‘ini yuqorilarga ko‘tarib kelayotgan sportchilar qo‘lidan qabul qilib olish o‘sha bolakayning murg‘ak qalbida sportga mehr uyg‘otishiga shubha yo‘q.
Shuningdek, tadbir davomida Sarvinoz Qurbonboyeva mahalliy shaxmat ishqibozlariga o‘ziga xos master-klass (mahorat darslari) o‘tdi. Tadbir so‘ngida fuqarolarni bo‘sh vaqtlarida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari, qolaversa kitob o‘qishlari uchun sport formalari va badiiy asarlar taqdim etildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter