Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Bolasi nogironligida ota-ona aybdor bo‘lganda – taniqli pediatr Mamatqul Azizov bilan eksklyuziv intervyu

Bolasi nogironligida ota-ona aybdor bo‘lganda  – taniqli pediatr Mamatqul Azizov bilan eksklyuziv intervyu

Foto: Xabar.uz

Butunjahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, yer yuzidagi bolalar (18 yoshgacha bo‘lgan insonlar)ning 10 foizi nogiron. Samarqand viloyati bo‘yicha bu ko‘rsatkich pasayib bormoqda va bugunda 18 yoshgacha bolalar o‘rtasidagi nogironlik 1 foizni tashkil etadi. 1 foiz degani – 1 mln 470 ming bola. Yevropa qismi, AQSh va qator rivojlangan davlatlarda nogironlar ko‘proq yashashi va ularning uzoqroq yashashi uchun infrastruktura, moddiy va ma’naviy quvvatlash azaldan mavjudligini ham unutmaylik.  Lekin, bugun bolalarning nogiron bo‘lishiga ota-onalar, o‘zlari istamagan holda sababchi bo‘lgan hollar ham kam emas ekan. Suhbatdoshimiz tibbiyot fanlari doktori, Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizov.

Har to‘rt nogiron bolaning biri qarindoshlik nikohidan tug‘ilgan

–Bolalar nogironligini kamaytirish yo‘lida qilingan eng katta ish bu skrining markazlarini tashkil qilinishi bo‘ldi. Bunday markazlarda barcha homilador ayollar homiladorlikning ilk kunlaridan boshlab ikki-uch marta homilani skrining qilib, agar shu homila kelajakda nogiron bo‘lishi ehtimoli bor bo‘lsa, homiladorlik to‘xtatiladi. Ma’lum qism nogironlikni shu usulda to‘xtatgan joylarimiz juda ko‘p. Lekin bizda boshqa omillar ham bor.

Eng birinchi o‘rinda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh. BIZDA HAR TO‘RT NAFAR NOGIRON BOLANING BITTASI QARINDOShLAR O‘RTASIDAGI NIKOHDAN TUG‘ILGAN. Bu ko‘rsatkich bundan ham ko‘p edi. 15-20 yil avval shunaqa qishloqlar bor ediki, ularda biror boshqa bir qishloqqa na qiz berardi, na olardi. Hozirda bu joylarda vaziyat biroz o‘zgargan. Lekin hamon yaqin qarindosh nikohlari kuzatilyapti. Samarqand tumanida bor, Urgut tumanida juda ko‘p. Hozir ham yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi oilalar tuzilishi natijasida irsiy, genetik xususiyatga ega kasalliklar paydo bo‘layapti.

–Qator davlatlarda yaqin qarindoshlargina emas, 4, 5-darajada qarindoshlikdan keyingina ZAGSdan o‘tkazishga ruxsat beriladi...

–  Hozir shuni aytmoqchi edim. Deputatlarimiz bu masalani olib chiqishga tayyorgarlik ko‘rayapti. Keyin qonun doirasiga kiritib yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni ta’qiqlash bo‘yicha hujjatlar qabul qilinishi va amalga tatbiq etilishi kutilayapti.

–  Qonun ishlasa-ku yaxshi...

–  Qo‘shni Tojikistonda 2016 yilda shunday qaror qabul qilindi. Yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh rasman ta’qiqlangan. Lekin qonunning ishlashi qay darajada bo‘lyapti bu ikkinchi masala. Shuning uchun qonun ham kerak, targ‘ibot ham kuchli bo‘lishi zarur. Hozir bizda yangi oila quradigan yoshlar ZAGSga bir oy oldin ariza beradi va shu bir oy davomida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Ko‘p tarmoqli poliklinikalar qoshida shunday komissiyalar tashkil qilingan, shu yerda chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Qon tahlillari o‘rganilib, ularning yaqin qarindoshmi-yo‘qmi aniqlanib, o‘sha yerda ham bu gaplar aytilyapti...

–  Ba’zan eshitib qolamiz, deylik, ikki xolavachchaning qonini tekshirtirib, ularning nikohlaridan bolalar nogiron tug‘ilmas ekan degan ishonch bilan to‘yni boshlab yuborishadi. Bunday tekshirishlar qanchalik asosli?

–  Nikohlanuvchilar o‘tadigan ko‘rikda bu darajada chuqur tekshirishlar yo‘q. Bu yerda asosan ularning sog‘lig‘iga baho beriladi, qiz bolaning homiladorlikka tayyormi-yo‘qmi, yigitdan sog‘lom farzand paydo bo‘ladimi, degan savolga javob izlanadi. Ko‘riklar kelajakda nogiron farzand tug‘ilmasligi barobarida oila mustahkam bo‘lishiga yo‘naltirilgan.

–  Bizda qiz bolaning kasalligini juda erta yoshdanoq yashirishadi, bu to‘siq vaqtida davolanishga yo‘l bermagan hollar haqida eshitamiz.

–  Shu holatning oldini olish maqsadida 15 yil muqaddam bu yerda qizlar ginekologiya bo‘limi tashkil qilingan. Chunki, bizda qiz bolani ginekologga ko‘rsatish uchun roddomga olib borilmaydi. “U roddomda bo‘lgan” degan gap bilan isnodga qolishi hech gap emas. Bolalar shifoxonasida esa qizlar bemalol davolanadi. Faqat shu bo‘limdagina yosh chekloviga amal qilinmaydi – turmushga chiqmagan qiz, u 20 yoshda bo‘ladimi, 25 dami qabul qilaveramiz. Zero, ular ham davolanish barobarida gap-so‘zdan saqlanishi, turmushga chiqishi kerak. Hozirda butun mamlakat bo‘ylab qiz bolalar ginekologiyasi bo‘limi faoliyat yuritadi.

Nogironligi ekranda ko‘ringan edi...

–  Bevosita mavzuga qaytsak. Ota-onalar o‘zlari bilmagan holda farzandi nogiron bo‘lishiga sabab bo‘ladigan keyingi, yaqin qarindoshlik nikohlaridan so‘nggi omil qanday?

  Yuqorida aytdik, skrining markazlar hozir juda yaxshi ishlayapti. Bir necha nogironlik turlari homila hali juda kichik bo‘lganida aniq-tiniq ko‘rinadi. Lekin ba’zi bir holatlarda, NOGIRON BOLA TUG‘ILIShINI BILA TURIB, UNING DUNYoGA KELIShIGA YO‘L BERILAYaPTI. Gidrotsefaliya degan kasallik bor, sodda qilib aytganda boshda suv to‘planadi. Uni radikal davosi yo‘q. 10 yillar avval  bizda bir yilda 30-40 ta shunday kasal bo‘lardi. Hozirda bir yilda 6-10 ta uchrayapti. Uni qanday davolaymiz? Bosh miyaga, teri ostiga shunt qo‘yamiz. Uning yordamida miyadagi suvni qoringa chiqarib qo‘yamiz. Qorinda u so‘riladi. Natijada miya endi kattarmaydi, ammo bu vaqtgacha qanchalik kattalashgan bo‘lsa, shu shaklda qoladi. Keyin u shunt yopiladi, sinadi, muammosi juda katta. Xullas, bola hech qachon sog‘lom bo‘lmaydi. U nogiron bola. Nogironlik skriningda ko‘rinadi. Bunday paytda o‘sha zahoti homiladorlikni to‘xtatish kerak. Skrining markazida vrachlar ota-onaga tushuntirib beradi. Bizda qaynona mexanizmi bor-ku, Xudo berdimi tug‘sin deydi. Yoki orqa miyasi churrasi deymiz. Orqa miya churrasini qayerda operatsiya qildirmang, bola nogiron bo‘ladi.

–  Bu ham skriningda ko‘rinadimi?

  Birinchi skriningdayoq ko‘rinadi. Bundan besh yillar muqaddam bir badavlat oila vakili keldi. Bolasida aynan shu kasallik. Skrining markazida ularga aytilgan ekan. “Biz rozi bo‘lmadik” dedi. Nogiron bola ota-onaning aybi bilan tug‘ildi. Endi ona butun umr nogiron bolani boqadi bola hech qachon yurmaydi, siydigini, axlatini tutolmaydi. O‘sha oila keyin farzandini Germaniyaga, Myuxenga olib bordi. O‘sha yerda operatsiya qildirib keldi baribir o‘sha asoratlar. Bunday kasalliklar kamayib bormoqda, ammo hamon uchrayotgani achinarli. Qaynotalar bu jarayonda unchalik rol o‘ynamaydi, lekin shunday qaynonalar bor ekanki, ular bilan gaplashish juda qiyin, gapini o‘tqazgan, kelin tug‘adi deb, oxiri nogiron bolani tug‘diradi.

–  Skriningda ko‘rinmaydigan nogironliklar haqida ham aytsangiz.

  Oligofreniya, shizofreniya, talassemiya, autizm kabi qator kasalliklar skriningda ko‘rinmaydi va ko‘p holatda aynan shu nogironlik qarindoshlar nikohi farzandlarida kuzatiladi.

“O‘zi tug‘adi dedikmi, o‘zi tug‘adi...”

Uchinchi, eng katta gruppa tug‘ish jarayonidagi asoratlardan paydo bo‘ladigan nogironlik. Bizda tug‘ishning standartlari aniq-taniq qilib belgilab qo‘yilgan. Fiziologik tug‘ruqlarda onasining ham bolaning ham hech qanday kasalligi bo‘lmaydi. Qo‘pol qilib aytganda, bunday bo‘lajak ona hatto uyda tug‘sa ham hech qanday xavf kutilmaydi. Bu toifadagi ayollar birlamchi bo‘g‘in tuman markaziy shifoxonasi tug‘ruqxonasida tug‘sa ham bo‘ladi. Ma’lum tug‘ilishlar borki, ozroq asorat bo‘lishi mumkin. Bolada bo‘lishi mumkin bola kattaroq, onada bo‘lishi mumkin chanog‘i kichikroq. Tug‘ish jarayonida qiyinchilik kutilayotgan bunday homiladorlar ikkinchi bosqich tug‘ruqxonalari deyiladi, shahardagi 1,2 va 3-tug‘ruqxonalar shu toifaga kiradi. Patalogiyasi bo‘lgan homiladorlarga alohida e’tibor zarur. Patalogiyasi bor degani, deylik, homila ichidagi suv loyqa yoki onasida qanaqadir, yuragida, buyragida kasallik bor. Bunday holatda tug‘ruq perinatal markazda o‘tishi kerak. Bu yerda xasta onani davolash uchun uskuna ham, dori ham, mutaxassis ham bor. Chaqaloq kasal yoki chala tug‘ilgandayam, uni  parvarishlash uchun u yerda hamma narsa bor. Ota-ona yoki ularning yaqinlari esa tug‘ruqxonani bosqichiga qarab emas, uylariga yaqin va qulay joy deb tanlashga harakat qilgan hollar kuzatiladi.

–  Tug‘ruqxonaga to‘g‘ri joylashtirilsa-da, tug‘ruq usulini o‘zlaricha tanlash ham noxush oqibatlarga keltirishi sir emas.

  Ginekologlar bilan ko‘p muloqotda bo‘laman. Bolaning boshi qisilib tug‘dirilgan bo‘ladi. “Nimaga bunday qildinglar?” desam, OPERATsIYaGA OTA-ONASI ROZI BO‘LMADI deydi. Misol, bola 4-5 kilolik, yirik. Ayolning birinchi tug‘ishi. Chanoq tor. Standartlar bor. Doktor bilganki, bu ayol tug‘olmaydi. Unda keserevo jarrohlik amaliyoti usulida olish kerak. Operatsiya uchun esa eri, qaynonasi, qaynotasi rozi bo‘lishi kerak. Ular esa “keyin-chi” deyishadi. Ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi bola qanday tug‘ilishini o‘ylashadi va “o‘zi tug‘sin” deyishadi. So‘ng kelin bechora tug‘ruq jarayoniga kiradi, bola yarim yo‘lda qisiladi, qisilib-qisilib, shipsilar bilan tortib olinadi. Keyin, ko‘ribsizki, bizga o‘tadi.

– Odatda bunday chaqaloqlar qaysi bo‘limda davolanadi?

Bizda chaqaloqlar reanimatsiyasi bor. Hozir ham 19 ta bola yotibdi. Bunday bolani qanchadir vaqt davolaymiz, keyin javob beramiz. Keyinchalik ularda bolalar serebral falajligi rivojlanadi. Miyasidagi o‘zgarishlar natijasida u bola o‘zini o‘zi uddalay olmaydigan nogiron bo‘lib qoladi.

Hammasi joyida edi, ammo...

– Tug‘ruq o‘tdi. Ona ham, bola ham sog‘lom. Hatto, bola 1 yoshga, 2, 3 yoshga to‘lgandan so‘ng ham aynan ona (ota, buvi, qo‘shni) aybi bilan nogironlikka yo‘l boshlanishi haqida ko‘p eshitayapmiz...  

Bola tug‘ildi. Uyga bordimi, birinchi 3 kunda polikinika xodimi kelib ko‘rishi kerak. Birinchi oyda yana 4 marta, keyin har 3 oyda bir marta, jami bir yil davomida 14 marta ko‘rishi kerak. Uyiga borib bo‘lsin, poliklinikaga chaqirib bo‘lsin, bu ko‘riklar tibbiyot muassasasi tomonidan tashkil qilinishi kerak. Lekin tibbiy dargohlar hamma vaqt ham bu standartga amal qilmayapti. Oxirgi misol: 3-tug‘ruqxonada egizaklar tug‘ilgan. Bittasi 1 kilo 650 gramm, ikkinchisi 1 kilo 900 gramm. Uni sakkizinchi kunda tug‘ruqxonadan javob berayapti. Birinchidan bolalarni bu vazn bilan uyiga javob berishining o‘zi noto‘g‘ri. Ular shifoxonamizga jo‘natilib vazni kam va chala tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘limida vazni biroz ko‘tarilishi kerak edi. Onasiga bolalarning qanday xususiyatlari borligi va qanday qarash kerakligini tushuntirilishi lozim edi. Amalda esa uyiga borgach, 10 kun ichida qanaqadir kasal bo‘lishgan, onaning o‘ziga ham, bolalarga ham qanaqadir dorilar berilgan. Bolani issiq joyda saqla deb qaynona aytganmi, qo‘shni aytganmi, xonani 35 darajagacha isitishgan. Shunda bolalar tanasida suv miqdori kamayib ketib quriy boshlagan. Natijada emishdan qolgan. Isitmasi tushib ketavergan. Shundan keyingina bizga olib kelishdi. Bu oila Tayloq tumanidan. Hozir yaxshi, isitmasi me’yorga keldi. Endi biz qanday yo‘l tutmoqchimiz. oilaviy shifoxona bosh vrachi bilan gaplashdim. Yashash hududida patronaj bor, uchastka shifoxonasi mas’ullari bilan birgalikda patronajni chaqirdik. Ular egizak chaqaloqlar haqida hali bilmas ekan. Vaholanki, 3 kun ichida borib ko‘rib, ulardan xabardor bo‘lib turishi kerak bo‘lgan. Biz egizaklarning vaznini oshirib beramiz. Lekin buyog‘i qo‘lma-qo‘l bo‘lishi, ya’ni joydagi tibbiyot dargohi xodimlari parvarishni davom ettirishlari kerak bo‘ladi. Onaning o‘zi ham ozroq qiziqqanda, harakat qilganda, patronaj 3 kunda kelmadimi, o‘zi chaqirtirishi mumkin edi.

– Ota-onalarda (buvi, bobolar, xola, ammalar)da oddiy tibbiy bilim desak xato bo‘lar, risoladagi tibbiy tushunchaning kamligi, yo‘qligi ko‘p kuzatilayapti...

 – Misol uchun dori-darmonlarga munosabat. Juda ko‘p oilalarda bolasi kasal bo‘ldimi, qayoqqa boradi? Aptekaga boradi. Bu noto‘g‘ri holat. Aptekachi shifokor emas, yaxshi holatda u farmatsevt, yomon holatda ma’lumoti qanday ekani noma’lum savdo xodimi. “Bolam isitma qildi, menga dori bering” deydi. U allambalo bir dorini beradi. Ona yoki ota (buvi, xola, amma) bolaga pala-partish tarzda o‘sha dorini beradi.

– Yosh ona isitma qilgan bolasiga paratsetamol tabletkasini beradi. Tezroq tuzalsin deb bir pasdan keyin yana beradi. Natijada, mana bir yildan ortiqroq vaqtdan buyon bolaning isitmasi vaqt-vaqti bilan tushib turadigan bo‘lgan.

–  Paratsetamol juda kam holatlarda ma’lum nogironlikka olib kelishi mumkin. Doza oshirilganda, u ko‘pincha gipotermiya beradi. Ketma-ket berilganda bolaning temperaturasi 36 dan pastga tushib ketadi, 33, 34 bo‘lgan holatlarda olib keladi. Keyin bolani yotqizib davolashga to‘g‘ri keladi. Umuman, biz onalarga aytamizki, bolaning isitmasi 38 mi dori bermang. Tana tashqi muhitga moslashayapti, tashqi muhitdagi yangi infeksiya bilan tanishayapti. O‘ziga immunitet paydo qiladi. 38 dan oshib ketsa, 38 yarim, 39 bo‘lib tutqanoq darajasiga boradigan bo‘lsa, ma’lum yordam kerakdir, u ham dori emas, tanasini spirt bilan artib mexanik usullar bilan isitmani tushurish mumkin. O‘rni kelganda aytishim kerak, PARATsETAMOLNING ORTIQChA BERILIShIDAN ZAHARLANGAN BOLAKAY KUNI KEChA OLAMDAN O‘TDI. Tayloqlik ona bolasi stomatitdan isitma chiqarayotganini bilmasdan to‘rt kun davomida 15 ta parsetamol shamini bola ichiga qo‘ygan. Kamiga shu toifadagi sirop ham bergan. Zaharlanish o‘n kun avval boshlangani uchun tibbiyot bolaga hech qanday yordam bera olmadi. 

– Doridan zaharlanishning boshqa usullari ham uchraydimi?

– Har bir uyda dori bor. Bolali uyda dori bolaning qo‘li yetmaydigan joyda saqlanishi kerak. Ular bola-ku, tushunmaydi, olib og‘ziga soladi. Bizda ko‘p onalarimiz beparvo. Bolalar o‘zlari dorini olib ko‘plab miqdorda ichgan holatlar uchrayapti. Oqibatda, u komaga tushishi mumkin, nogiron bo‘lib qolishi, hatto, o‘lib qolishi mumkin.

– Bir necha yil avvalgi voqea: biroz yo‘talayotgan va o‘ynab yurgan bolaga ona tabletka ichirmoqchi bo‘ladi va dorini barmog‘i bilan itarib yuborganda, u nafas yo‘liga tiqilib qolib bola nobud bo‘lgan...

– O‘yinchoqlarning kichikroq qismlari, tugma, igna, hatto kalit kabi turli mayda narsalarni bolalar yutib yuborganda bizga olib kelishadi. Bir oyda bir marta-ikki marta o‘pkada bronxoskapiya qilib o‘pkadan har xil narsalar olinadi. Shuningdek, oshqozondan ham olinadi. Bolasi sog‘lom o‘sib borishi uchun onalar ham harakat qilishi kerak.

– Rivojlangan mamlakatlarning faqat tabletka bilan davolash, in’yeksiyadan kechish uslubini qo‘llay boshlaganiga ancha bo‘ldi...

– Bugunda bemorni davolashda ko‘p miqdorda dori ishlatmaymiz. Bir vaqtlar oddiy shamollashda bola uchun 10-13 xil dori yozilardi, shulardan 2-3 tasi in’yeksiya bo‘lardi. Dunyo amaliyotini qo‘llay boshlaganimizdan keyin dorilar miqdorini keskin kamaytirdik, tuzalish ko‘paydi. Onalar orasida eski qarashlarga binoan hamon osma ukol qiling deydiganlari bor. Biz o‘ta jiddiy vaziyat bo‘lmaganda osma ukolni qo‘llamaymiz. Lekin chekka hududlarda hozirda ham yengil bir shamollash bo‘lsa-da osma ukol qilaveradi. Shifoxonada osma ukol asoratlari bilan kasallanganlar ham bor. Ammo bunday holatlar juda kam.

Hozir qancha kasalingiz bor. O‘zi necha o‘rinli shifoxona bu?

– Shifoxona 400 o‘rinli, bugunda 380 ta bemor bor. Kecha jami 1167 ta bemor murojaat qilgan, biz 141 tasini olib qolganmiz. Qolganlariga ambulator davolanish yozib, birlamchi bo‘limlarga yuborilgan.

Masalaning yechimini nimada ko‘rasiz? Masalan, hamshira bilmasa, tushunmasa, uni o‘qittirasiz, jazolaysiz. Lekin onalarni bolalari nogiron bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi uchun qanday tayyorlash mumkin?

– Onalarni sog‘lom bolani dunyoga keltirish va uni salomat ulg‘aytirishga tayyorlash jarayoni ketayapti. Ona homilador bo‘lganida 12 haftaligidan ro‘yxatga olinadi. O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish ustuvor bo‘lib borayotganini raqamlarda aytsam. Samarqand viloyatida 20 yil avval bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi  darajasi – 1000 ta tirik tug‘ilgan chaqaloqdan birinchi yili davomida 30 tasi nobud bo‘lardi. Bugun shu ko‘rsatkich 5,5 pramili, ya’ni 1000 ta tirik tug‘ilgan chaqaloqdan besh yarimtasi o‘ladi, qariyb olti marta kamaygan. Ikkinchidan, fertil yoshidagi (tug‘ish yoshidagi) ayollarda tug‘ruqlar orasidagi interval, bachadon tiklanishi uchun qulay bo‘lgan vaqtni 3-5 yilni ayollarimizning o‘zlari belgilayapti. 20 yil oldin tug‘ish yoshidagi ayollarning 15 foizi yilda ikki marta tug‘ardi, ya’ni yanvarda va dekabrda yana tug‘ardi.

Hozir ham yilda ikki marta tuqqan ayollar bormi?

– Bor. Juda kam. Ayrim istisno holatlar bunga imkon bergan.

Mavzuga oid yana qaysi jihatlarni ta’kidlashni istagan bo‘lardingiz?

– Eng muhim jihatlardan nogiron, kasalmand bolalar bo‘lmasligi uchun onalar sog‘lom bo‘lishi kerak. Ayol xasta bo‘lsa, avval davolanib, surunkali kasalligi bo‘lsa uni pasaytirib, so‘ng farzand ko‘rishga hozirlanishi muhim. Davolovchi shifokor endi bolali bo‘lishingiz mumkin degandagina homilador bo‘lish kerak

– Batafsil ma’lumotlar, fidoyilik uchun tashakkur!

Mustahkam Tangriyorova suhbatlashdi.

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring