Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«So‘g‘diyona» voqeasi: Hashar ortiga yashiringan noqonuniy mablag‘ undirish holatini kim fosh qilgandi?

«So‘g‘diyona» voqeasi: Hashar ortiga yashiringan noqonuniy mablag‘ undirish holatini kim fosh qilgandi?

Foto: «Xabar.uz»

Avvalroq Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining Jizzax viloyati hokimi farmoyishi bilan «So‘g‘diyona» futbol klubiga hashar ko‘rinishda o‘qituvchilardan noqonuniy ravishda mablag‘ undirilgani to‘g‘risidagi xabari e’lon qilingan edi.

Unda aytilishicha, vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati aralashuvidan so‘ng Jizzax viloyati hokimining 2018-yil 2-noyabrdagi «So‘g‘diyona» professional futbol klubining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to‘g‘risida»gi 360-F-sonli farmoyishi 2018-yil 10-noyabrdagi 369-F-sonli farmoyish bilan bekor qilingan.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi muassisligidagi «Ishonch» gazetasi voqeani o‘zgacha talqin qilib chiqdi.

Nashrning keltirishicha, aslida noqonuniy holatning fosh etilishi boshqacharoq bo‘lgan: «Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining xabariga e’tiroz bildirmagan holda shuni qo‘shimcha qilish joizki, mazkur holat bo‘yicha Jizzax viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tomonidan munosabat bildirilib, birlashma kengashi raisi N.Pardayev imzosi bilan Jizzax viloyati hokimi nomiga 2018-yil 8-noyabr kuni 01-01/141-sonli xat jo‘natilgan. Mazkur xat asosida Jizzax viloyati hokimining oldingi farmoyishi 2018-yil 10-noyabrdagi 369-F-sonli farmoyish bilan bekor qilingan. Ko‘rinib turganidek, bu masalaga Xalq ta’limi vazirligining Huquqiy-nazorat xizmati aralashuvidan avval chora ko‘rilgan. Bu Jizzax viloyati hokimining 369-F-sonli farmoyishining birinchi bandida ham o‘z aksini topgan. Shunday ekan, axborot berishda haqqoniylik va xolislik tamoyiliga barcha birdek amal qilishi zarur», deyiladi maqolada.

Eslatib o‘tamiz, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyevning 2018-yil 2-noyabrdagi «So‘g‘diyona» professional futbol klubining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to‘g‘risida»gi 360-F-sonli farmoyishi qabul qilinib, unga asosan viloyatda 3-4-noyabr kunlari umumxalq hashari tashkil etilgan. Farmoyishda umumxalq hashari doirasida boshqarmalar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘ «So‘g‘diyona» professional futbol klubining hisobraqamiga ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.

Umumxalq hashari doirasida Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim maktabi ishchi­xodimlari ish haqidan 272.156.729 so‘m «So‘g‘diyona» hisobiga o‘tkazib berilgan.

Hokimning bu farmoyishi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 349-sonli «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qaroriga zid ravishda qabul qilingan.

Hukumat qarorining 2-bo‘lim «a» bandiga ko‘ra, umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lgandagina tashkil etish mumkin.

Tegishli tashkilotlar aralashuvidan so‘ng Jizzax viloyati hokimining farmoyishi bekor qilingan.

Bu holat qay tarzda va kim tomonidan fosh qilinganidan qat’i nazar, u o‘z vaqtida bartaraf etildi va turli tashkilotlar xodimlaridan (jumladan, o‘qituvchilardan) majburiy undirilgan mablag‘ egalariga qaytarildi. Eng asosiysi — shu! Bu vaziyatda Xalq ta’limi vazirligi ham, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi ham noqonuniy harakatni bartaraf etishga uringani ijobiy hol. Buni kim birinchi bo‘lib qilgani emas, mas’ul tashkilotlar Jizzax hokimining zid qaroriga ko‘z yumishmagani va vaziyatga o‘z vaqtida aralashishgani muhimroq, nazarimizda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring