Moldova: sobiq prezident davlat pulini talon-toroj qilishda ayblanmoqda
Moldova sobiq prezidenti Igor Dodon davlat pullarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoiy ish bo‘yicha Bosh prokuraturaga chaqirildi.
Bu haqda tashkilot matbuot kotibi Marianna Kerpek xabar berdi.
«Dodon 27-dekabr kuni Bosh prokuraturada kutilmoqda», — deya ma’lumot bergan Kerpek jurnalistlarga.
Gap Dodon bosh vazir birinchi o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri bo‘lgan 2008-yildagi voqealar haqida ketmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda Moldovani elektr energiyasi bilan ta’minlashga mas’ul bo‘lgan «Energocom» kompaniyasi rahbariyati Energetikani tartibga solish milliy agentligi va bir qancha xorijliklar bilan shartnoma tuzgan.
Prokuratura ular birgalikda ish ishtirokchilariga elektr energiyasini sotib olish narxini asossiz ravishda oshirib ko‘rsatish va farqni o‘zlashtirish imkonini beruvchi sxemani amalga oshirgan deb hisoblaydi. Ushbu sxemadan davlatga yetkazilgan dastlabki zarar taxminan 12 million dollar miqdorida baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Igor Dodon 2016-2020-yillarda davlatni boshqargan va Mayya Sanduga saylovlarga yutqazgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter