Shohpur Gulto‘rayev: «Afsuski, O‘zbekistondagi aksariyat banklar uchun mahsulotlar va xizmatlar hamon birlamchi masala»
«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining navbatdagi suhbatdoshi Buyuk Britaniyadagi London Brunel universitetida MBA yo‘nalishida tahsil olayotgan Shohpur Gulto‘rayev bo‘ldi.
Shohpur Gulto‘rayev 2010-yili Toshkent moliya institutini, 2012-yili Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. «O‘zsanoatqurilishbank»da mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan.
Suhbatimiz O‘zbekiston bank sohasidagi muammolar, ularni bartaraf etish yo‘llari, bu borada Buyuk Britaniya tajribasi va boshqa mavzularda kechdi.
— Shohpur aka, nega aynan bank sohasini tanlagansiz?
— Bank sohasiga kirib kelishimga bolaligimdan matematika, fizika, iqtisodiyot kabi fanlarga qiziqishim sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak. Hatto 11 yoshimda ota-onamga oilaviy budjetni tuzish bo‘yicha «konsalting xizmati»ni taklif qilganman.
Universitetni tanlash vaqti kelganda qiziqishlarim nimaga to‘g‘ri kelishini bilgan ota-onam bank sohasi yo‘nalishida o‘qishga kirishni maslahat berishgan.
Shu tariqa 2006—2010-yillarda Toshkent moliya institutida «Bank ishi» yo‘nalishida tahsil oldim. O‘qishni tugatgach, salkam 10 yil «O‘zsanoatqurilishbank»da turli vazifalarda, xususan, 2-toifali mutaxassis, departament direktori bo‘lib ishladim.
2019-yilda «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi g‘olibi bo‘lib, hozirgi kunda Buyuk Britaniyadagi London Brunel universitetida MBA yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olyapman.
— Mutaxassis sifatida Buyuk Britaniya va O‘zbekiston bank tizimidagi o‘xshash va farqli jihatlarni nimalarda ko‘rasiz?
— Ochig‘ini aytganda, farq juda katta. Masalan, asosiy tafovutlardan biri banklarning faoliyat ko‘rsatish konsepsiyasi va axborot texnologiyalarini qo‘llash darajasi.
Dastavval faoliyat ko‘rsatish konsepsiyasi to‘g‘risida gapirsam. Buyuk Britaniyada barcha rivojlangan davlatlardagi kabi texnologiyalar rivojlanishi va yangi turdagi biznes modellar paydo bo‘lishi bilan korxonalar, jumladan, banklar faoliyatida mijozlar va ularning ehtiyojini qondirish birinchi o‘ringa chiqdi. Mijozlar va ularning ehtiyojlarini o‘z faoliyatining asosiy mezoniga aylantirish konsepsiyasini inglizlar «Customer-centric model» yoki «Outside-in model», deyishadi.
Afsuski, bizda buning aksi — O‘zbekistondagi aksariyat banklar hali hamon mahsulotlar va xizmatlarni o‘z faoliyatining asosiy mezoni sifatida ko‘rishadi. Misol uchun, mobil ilova ishlab chiqiladi va mijozlarga taqdim qilinadi. Ammo, mijozlarda ilovaga nisbatan qanday talablar borligi, nima ehtiyojlari qondirilmayotganligi deyarli o‘rganilmaydi. Bu konsepsiyaning nomi «Product-centric model» yoki «Inside-out model».
Umid qilamanki, O‘zbekistonda ham banklar yaqin kelajakda mijozlarga yo‘naltirilgan, sog‘lom korporativ madaniyat, to‘g‘ri motivatsion tizimlar va biznes jarayonlarni o‘rnatish orqali o‘z faoliyatlarini yaxshilaydi.
Axborot texnologiyalarini qo‘llashdagi farqqa to‘xtaladigan bo‘lsam, hozir Britaniyada «Neobanklar» jadal rivojlanib boryapti. Neobank deganda yangi texnologiyalar va yangi platformalar asosida faoliyat ko‘rsatuvchi filialsiz onlayn banklar tushuniladi. Misol uchun, bugungi kunda Buyuk Britaniyaning deyarli 50 foiz aholisi asosiy bank sifatida neobanklar xizmatidan foydalanmoqda.
Bundan tashqari, britaniyaliklar «Open banking» konsepsiyasidan unumli foydalanishyapti. «Open banking» nima o‘zi? U foydalanuvchilarga barcha banklardagi hisob raqamlari, omonatlari, kreditlari va boshqa ma’lumotlarini bitta mobil ilova yoki veb-sayt orqali boshqarish imkonini beruvchi texnologiya. O‘ylaymanki, bu texnologiyalar ham tez orada O‘zbekistonda ommalashadi.
— Mamlakatimizda bank sohasini yanada yaxshilash uchun sizningcha yana nimalar qilinishi kerak?
— Bu sohada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar sirasiga davlatning banklardagi egalik ulushini va banklar faoliyatiga aralashuvini keskin kamaytirish hamda bank va moliya bozorida barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlar yaratishni ayta olaman.
Mazkur choralarning amalga oshirilishi bank tizimini o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda samarali faoliyat ko‘rsatishi, ya’ni iqtisodiyotdagi jamg‘armalarning eng samarali ehtiyojlar va investitsiyalarga yo‘naltirilishini ta’minlaydi.
— Suhbatimiz avvalida moliyaviy supermarket loyihasi – depozit.uz loyihasini amalga oshirayotganingiz haqida gapirdingiz. U qanday muammo yechimiga qaratilgan?
— Buyuk Britaniyada olayotgan bilim va ko‘nikmalarimni qo‘llagan holda va ularni amaliyotda mustahkamlash maqsadida depozit.uz moliyaviy supermarket loyihasiga kirishdim.
Ko‘pincha, yurtdoshlarimiz kredit olish, bo‘sh mablag‘larini bank omonatiga qo‘yish yoki valyuta ayirboshlamoqchi bo‘lganlarida qaysi bankda eng yaxshi takliflar mavjudligini bilishmaydi. Barcha banklarning takliflarini o‘rganib, ularning shartlarini solishtirib chiqish ko‘p vaqt, ancha mehnat va ma’lum bilimni talab qiladi. Men amalga oshirayotgan loyiha bank-moliya sohasidagi barcha takliflarni bitta platformada jamlash va foydalanuvchilarga eng qulay va foydali taklifni tanlashda va bank-moliya xizmatlarini rasmiylashtirishda yordam beradi.
— An’anaviy savolimizga o‘tsak: kitob ham mutolaa qilib turasizmi?
— Kitob o‘qish — bolaligimdan eng yoqtirgan mashg‘ulotlarimdan. Avvallari ko‘proq badiiy kitoblar o‘qirdim, so‘nggi paytlarda biznes adabiyotlar va muvaffaqiyatli insonlar biografiyalarini o‘qiyapman.
Oxirgi o‘qigan kitobim Buyuk Britaniya tarixidagi eng ko‘zga ko‘ringan siyosiy arboblaridan biri Uinston Cherchillning biografiyasi. Uinston Cherchill ko‘p yillik siyosiy faoliyati davomida, xususan, 20 asrda insoniyat tarixida tub ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy voqealarda bevosita ishtirok etgan va ma’lum darajada mazkur jarayonlarga ta’sir qo‘rsatgan shaxsdir. Umri davomida harbiy xizmatchi, jurnalist, yozuvchi, rassom, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan taniqli siyosiy arbob Ikkita jahon urushlari davomida va o‘ta murakkab vaziyatlarda nostandart qarorlar qabul qilib, muvaffaqiyatga erishgan.
Bundan tashqari, biografiyada Buyuk Britaniya taraqqiyotida samarali ta’lim tizimi, o‘zaro tiyib turish mexnizmlariga asoslangan sud, qonunchilik va ijro tizimlari qanchalar muhim o‘rin egallagani yoritib o‘tilgan.
— Kelajakdagi rejalaringiz?
— Birinchi navbatda Londondagi o‘qishimni muvaffaqiyatli yakunlash. Keyin albatta O‘zbekistonga qaytib, moliyaviy sohadagi bir qancha loyihalarimni amalga oshirmoqchiman.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter