Shifokor iqrori yoxud qishloqni kim o‘ylaydi?
(Buni o‘qigandan keyin meni yomon ko‘rib qoluvchi ko‘plab do‘stlarim, hamkasb akalarim, ustozlarimga eslatma: «Kimdir baribir aytishi kerak-ku... »).
Ertalab budilnik jiringlaydi, zo‘rg‘a ko‘zni ochamiz. Uy sovuq, ko‘rpadan chiqish «O‘sha svetni o‘chirgan qo‘lingga o‘sha-o‘shalar...» bilan boshlanadi. Na iloj... Bir amallab pechkani tutatib, choyni naridan-beri ichamizu, ishga chopamiz. Rayondan shahargacha 30 daqiqali yo‘l. Yo‘lda keta-ketguncha yana o‘sha mavzu: «Ko‘mirning zo‘ri 1700 so‘mmish... Pechkaning «buqasi» chiqipti-yu, lekin qimmat ekan-da... va hokazo».
Ishxona viloyat markazida, svet yaxshi, konditsionerjon ishlab turibdi, issiqqina, kattagina reanimatsion intensiv davolash xonasi (qish kunlari qisqa-da, yo‘qsa, uydagi sovuqdan shu ishxona ham yaxshi).
Ertalabki «obxod boshlanadi. Bemor: A. Z. 5 oyli chaqaloq, falon rayon, falon qishloqdan. 20 kun avval falon bo‘limga yotqizilgan, ahvoli og‘irlashgach, jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan (kechagi alkashlikka bahona bo‘lgan norasida shu. Nega deysizmi, bu haqda quyida o‘qiysiz). Tashxis: «Pnevmoniya vnebolnichnaya tyajyoloye techeniye. Dixatelnoye nedostatochnost 2. Ensefalopatiya. Koma».
Bemor ahvoli dinamikada o‘ta og‘ir. Kasallik yigirma kun oldin burni oqib, aksa urib, shamollash va gripp yuqqanidan boshlangan. Onasini tergab ketaman, nega bolani ehtiyot qilmadingiz deb... Ko‘zlarini yerga qadagancha uy sovuq edi, deydi.
Bir necha marta nafas olish to‘xtab qolgani sabab bola sun’iy nafas berish apparatiga ulab qo‘yilgan. Lekin o‘pka shamollashidan tashqari asosiy noma’lum kasallik ham borki, to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun sharoit yo‘qligidan (ishoning, sharoit degani ko‘p narsalarni o‘z ichiga oladi) tashxis qo‘yilmayapti va asosiy kasallik noma’lumligicha qolib, 5 oyli qorako‘z, kimningdir jigarbandi, ko‘zining oqu qorasi shunchaki jon taslim qilyapti. Ko‘z oldimizda... (aslida jonlantirish bo‘limidagi shifokorlar kunda, kunora o‘lim bilan yuzma-yuz keladi. Taqvo degani bizda bo‘lishi kerak, aslida). Lekin negadir buning aksi – do‘xtirlar ichida eng piyanistasi shular bo‘ladi. Balki mana shu kabi go‘daklarning qaysidir iflosning savodsizligi, vijdonsizligi, hakalak otgan nafsi sabab jon berayotganini ko‘raverishganidan shundaydir. Xullas...) Kasalxona oynalarini urib sindirgim keladi, lekin foydasi yo‘q.
Sharoit yaratib berishi kerak bo‘lganlarga talabnomami, arizami ko‘tarib borsang, yumshoq kreslosiga yopishib ketgan mansabdorga xuddi uni amalidan ayirish uchun kelgandek ko‘rinasan. Ojizlik qilaman, jimman...
O‘ylab ketaman: savod degani, oliy ma’lumot degani faqat o‘qish-yozishni bilishmi, o‘qigan boshqa-yu, uqqan boshqami?.. Oliy ma’lumotli odamda, qolaversa, soha uchun mas’ul bo‘lgan rahbarda insoniylik, vijdon, boshqalarga, yurtdoshlariga g‘amxo‘rlik hissi bo‘lmasa, bu qanday savodu, qanday oliy ma’lumot?..
Qo‘lim qichib, miyam qizib, bir narsalar yozaman deb tursam, apparat nafas olish va yurak urishi to‘xtagani xaqida signal berib xonani boshiga ko‘taradi... Hamkasbim «atropi-i-in» deb baqiradi... O‘pka-yurak reanimatsiyasini boshlaymiz... Yurakni uqalayman... Xayriyat, yurak ritmi tiklanadi... Jarayonni hujjatlashtirishga tutinamiz...
Go‘dakka qarab, qachonki amaldor amakilarga gapini o‘tkaza oladiganlaru, xalq orasida yurib, ularning dardini ochiq aytadigan yuragi borlar ko‘paysa, rahbarlar ham xalqini chindan o‘ylay boshlasa, o‘shanda xammasi yaxshi bo‘ladi, deyman ichimda...
Bekzod Axmadaliyev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter