Shavkat Mirziyoyev kommunal xo‘jalik sohadasidagi sustkashlikni tanqid qildi
Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni energetika, transport, kommunal xo‘jalik va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Xalqaro ekspertlarning tahliliga ko‘ra, O‘zbekistondagi mavjud aeroportlarni modernizatsiya qilish uchun o‘rtacha 800 million dollar talab etiladi. Shu munosabat bilan, Jahon banki bilan birgalikda Toshkent, Buxoro, Farg‘ona va Urganch aeroportlarini “paket prinsipi” (zarar bilan ishlayotgan havo portlarini foyda keltirayotganlari bilan sheriklikka berish) asosida sheriklikka berish bo‘yicha texnik topshiriqlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Kommunal xo‘jalik sohasidagi loyihalar ham sinchiklab ko‘rib chiqildi. Tarmoqda islohotlar deyarli ko‘rinmayotgani, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Hozirgi kunda 31 ta yirik va o‘rta shaharlar, 156 ta tuman markazlarining kanalizatsiya tizimini qurish hamda modernizatsiya qilish vazifasi turibdi. Kanalizatsiya tizimi Qarshida 45 foiz, Andijonda 37, Nukusda 30, Namanganda 10 foizga ta’minlangan.
Faqat 18 ta yirik va o‘rta shahar uchun xalqaro moliya tashkilotlarining 912 million dollari jalb qilingan. Hisob-kitobga ko‘ra, barcha kanalizatsiya loyihalari uchun 2 milliard 600 million dollar talab qilinadi. Xususiy sheriklar bilan birgalikdagi shahar kanalizatsiyasi modernizatsiyasi ham budjetga yengillik bo‘ladi, ham xizmat sifati yaxshilanadi.
Undan tashqari, Buxoro, Namangan va Nukus shaharlari issiqlik ta’minotini sheriklikka berish modellari bo‘yicha takliflar kiritiladi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov va Sardor Umurzoqovlarga har chorakda davlat-xususiy sheriklikdagi barcha loyihalarning ijrosini muhokama qilib, zarur choralarni belgilab borish vazifasi yuklatildi.
Keskin tanqidiy ruhda o‘tgan taqdimot yakunida mutasaddilarga muhokama qilingan ishlarni tashkil etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Davlat-xususiy sheriklik bilan bog‘liq masalalar Prezidentimizning shaxsiy nazoratida bo‘lishi qayd etildi.
Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning borishi xususida yaqin kunlarda mas’ullar davlatimiz rahbari huzurida tanqidiy-tahliliy hisobot berishlari belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter