Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shakar vasvasasi» — Xavotirlanishga arziydimi?

«Shakar vasvasasi» — Xavotirlanishga arziydimi?

Foto: «Xabar.uz»

Bozorlarda shakarga navbatlar yuzaga kelgani, do‘konlarda sotuvga kam chiqarilayotgani yoki narxining balandlashi, yirik supermarketlarda shakar sotib olishga cheklov qo‘yilgani – bu mahsulotga ayni ehtiyoj ortgan bir paytda (sharbatlar yopish mavsumi) odamlarda xavotir uyg‘otishi tayin.

Bunday tanqislikka so‘nggi kunlarda mamlakatimizda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari qatori shakar narxi oshgani sabab, uni ortiqcha xarid qilib, g‘amlab qo‘yishga harakat qilish holatlari ham sabab bo‘lmoqda.

Xavotirlanishga jiddiy asos bormi o‘zi? Shakarni g‘amlab qo‘yish uchun qayta-qayta soatlab navbatlarda turish arziydimi?

«Xabar.uz» poytaxtimizdagi ayrim bozorlardagi holatlarni kuzatdi.

Sergeli dehqon bozori

Bozor ma’muriyatining qayd etishicha, bir nechta nuqtalarda bir kilosi uchun 10 ming so‘mdan shakar savdosi tashkil etilgan. Har bir xaridorga 5 kilogacha mahsulot sotib olish imkoni berilgan.

Qo‘yliq dehqon bozorida navbat uzunroq.

«Karzinka» supermarketlar tarmog‘ida 900 gramm shakar 9890 so‘mdan sotilmoqda. Bir xaridor ikki kilogacha sotib olishi mumkin. Kun davomida ayrim supermarketlarda sotuvdagi shakar tugab qolishi holatlari ham kuzatilmoqda.

Shakar siyosati har doim davlat nazoratida bo‘lgan. Yuzaga kelgan bir necha kunlik tansiqlikdan kelib chiqib, ayrimlarda shakar zaxiramiz yetarlimi o‘zi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati ichki bozordagi shakar mahsuloti narxlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Ma’lumotda tashqi va ichki bozorlarda shakar narxining o‘zgarish dinamikasi va unga ta’sir qiluvchi omillar keltirib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, qo‘shni va boshqa MDH mamlakatlarida narxlarning oshishi O‘zbekiston ichki bozorida shakar narxi bo‘yicha inflyasion kutilmalarning kuchayishiga ma’lum ma’noda ta’sir ko‘rsatgan.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining mintaqa va boshqa davlatlar iqtisodiyotlari bilan tashqi savdo borasida hamkorlikning kengayib va erkinlashib borishi holatida mamlakat ichidagi narxlarni qo‘shni davlatlardagiga nisbatan keskin farq qiluvchi darajada saqlab turishning deyarli imkoni bo‘lmaydi.

Xususan, joriy yilda mamlakatimizda shakar ishlab chiqarish hajmi yanvar-may oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 ming tonna yoki 16 foizga ko‘proqni tashkil etib (224 ming tonnadan 259 ming tonnagacha oshgan), ya’ni taklif hajmi oshganligiga qaramay (birja orqali sotilgan hajm 177 ming tonnadan 186 ming tonnagacha ko‘paygan) shakar narxi, asosan, tashqi omillar ta’sirida o‘sishi kuzatilmoqda.

Shakar narxining o‘sishiga, birinchi navbatda, mazkur mahsulot va uning xomashyosini Markaziy Osiyo mintaqasiga yetkazib berish bo‘yicha transport va logistika bilan bog‘liq muammolar hamda yoqilg‘i resurslari narxlarining o‘sishi ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan shakar mahsuloti aholi ehtiyojlarini ta’minlay oladimi?

Ushbu savolga javob olish maqsadida «Angren shakar» MChJ mas’ullari bilan bog‘landik.   

— Bizda ishlab chiqarish quvvati sutkasiga ming tonna hisoblanadi, — deydi zavodning bosh texnologi Bahrom Qurbonov. — Hozirgi paytda aholining shakarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida korxonamiz bir sutkada 1100 tonna shakar ishlab chiqaryapti. Aslida korxona yiliga 300 ming tonna shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona ortiqcha quvvat bilan ishlayotgani bois, har oyda 30 ming tonnadan ortiq shakar chiqarilyapti. Bu yiliga 360 ming tonna degani.  Ya’ni korxonamiz o‘z quvvatidan ham yuqori holatda ishlayapti. Demakki, aholining ortiqcha xavotir olishiga asos yo‘q. Biz imkoniyatlarimizni ishga solgan holda, aholini uzluksiz shakar mahsuloti bilan ta’minlay olamiz. Buning uchun bizda yetarli xomashyo bor. Shakar omborlarimizda tayyor mahsulotlar aholiga yetarli darajada jamg‘arilgan.

O‘zbekistonda shakar ishlab chiqaruvchi ikkita yirik zavod — «Xorazm shakar» va «Angren shakar» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyat yuritadi. Ular orasida 2014 yilda tashkil etilgan «Angren shakar» yirik ishlab chiqarish quvvatiga ega zavodlardan sanaladi.

Mutaxassisning qayd etishicha, shakar ishlab chiqarishda mazkur korxonada shakar tarkibida saxarozaning sofligiga katta e’tibor qaratiladi. Davlat standarti talabi bo‘yicha shakar tarkibidagi saxarozaning miqdori 99,7 foizdan kam bo‘lmasligi kerak. Ayni paytda korxonada ishlab chiqarilayotgan shakar mahsulotining tarkibidagi saxaroza miqdori 99,8 foizdan kam emas. Korxonada shakar mahsuloti shakarqamish xomashyosidan tayyorlanadi. Xomashyo esa, asosan, Braziliyadan, shuningdek, Meksika va Argentina davlatlaridan keltirilyapti.

Statistika ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimiz aholisining bir yillik shakarga ehtiyoji 650 ming tonnani tashkil etadi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi joriy yilda shakar ishlab chiqarish hajmi mamlakatimizda 720 ming tonna yoki o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga ko‘proqni tashkil etishini ma’lum qildi. Demak, aholi ehtiyojidan orticha mahsulot yetkazib beriladi. Ya’ni aholining shakarga bo‘lgan talabini uzluksiz qondirilish uchun imkoniyat yetarli darajada.

Bugungi kunda shakar atrofida yuzaga kelgan «ajiotaj» ko‘p ehtimol bilan bir necha kun ichida o‘tib ketadi. Bunday holat deyarli har yili shu mavsumda kuzatilib turadi. Shu sabab ayni kunlarda bu mahsulotni ortiqcha g‘amlab qo‘yishga urinishlarni joiz deb hisoblamaymiz. Har kim o‘z ehtiyojiga yarasha xarid qilsa, talabdagi keskinlik pasayadi va hammasi o‘z iziga tushadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring