Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«SES» nega ikkiga bo‘lindi? Yangi agentlik rahbari ko‘pgina masalalarga oydinlik kiritdi (video)

Bugun rivojlanish sari dadil odimlab borayotgan davlat oldida uning taraqqiyotiga qisman bo‘lsa-da raxna soluvchi to‘siqlar bisyor. Buni inobatga olgan hukumatimiz har bir tarmoq faoliyatini tubdan takomillashtirish yo‘llarini izlamoqda. Galdagi e’tibor aholimizning sanitariya-epidemiologik nazoratiga qaratildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur muhim yo‘nalish ikkita tarmoqqa bo‘lindi.

«Xabar.uz» sayti fursatdan foydalanib yangi tuzilgan tarmoqlardan biri Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatovga intervyu berish taklifi bilan chiqdi. Rahbar kishi ishlari ko‘pligiga qaramay ertasi kunigayoq biz uchun vaqt belgilab, ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savollarga oydinlik kiritdi.

«Hozirga qadar aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashda asosiy boshqaruvchi organ – bu davlat sanitariya-epidemiologik nazorati tizimi bo‘lgan.

Joriy yilning 9 sentyabrida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan farmon bu yo‘nalishda yangi rivojlanish davrini ochib berdi. Unga muvofiq davlat sanitariya-epidemiologik markazlari negizida ikkita tizim – nazorat inspeksiyasi hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash agentligi shakllanadigan bo‘ldi. Shu paytgacha tizimning vazifalari bitta organda mujassamlashgan edi. Ya’ni ishlab turgan tizim ham ijro, ham nazorat funksiyasini olib borardi.

Shu o‘rinda nega bunga zarurat tug‘ildi, degan savol uyg‘onishi tabiiy. Sog‘liqni saqlash tashkilotiga taalluqli bo‘lgan 5000 dan ortiq davolash muassasalari ham epidemiologik jihatdan katta ahamiyatga ega. Ya’ni mazkur muassasalar yuqumli kasalliklar tarqalishi mumkin bo‘lgan maskanlar hisoblanadi. DSEM Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibida bo‘lgani uchun ushbu muassasalardagi epidemiyaga qarshi hamda profilaktik chora-tadbirlarning amalga oshirilishini nazorat qilish, tekshirish, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish yoki qarshi kurashishda turli muammolarga duch kelayotgandi. Bunda tizimli muammolar, ya’ni «manfaatlar to‘qnashuvi» yuzaga kelgandi», – deydi agentlik direktori Bahrom Almatov.

Biz rahbardan ilgari DSEM da ishlagan xodimlarning «Endi biz qaysi tarmoqqa ishga o‘tamiz yoki bo‘shatilamizmi?» degan xavotirlariga biror javob aytishini so‘raganimizda:

«Xodimlar masalasiga kelsak, albatta ko‘pchilikda «Agentlik bo‘ldi, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi tugatildi. Ertaga meni inspeksiyaga ishga olarmikan yoki agentlikkami?» degan har xil savollar tug‘ilishi tabiiy. Men shu fursatdan foydalanib, mazkur yo‘nalishdagi xodimlarimizga murojaat etmoqchiman. Hech kim ishdan bo‘shamaydi, hech kim ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilmaydi. Faqat ish beruvchi hamda muassasa nomi o‘zgarishi munosabati bilan qayta rasmiylashtirishdan o‘tiladi. Demak, hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Hozirgi o‘zgarishlar jarayonida yangi agentlik hamda yangi inspeksiyaning yuridik jihatdan qayta tashkil etilishida birorta mutaxassis va xodimning ishdan bo‘shatilishi ko‘zda tutilmagan», – degan javobni berdi.

Yangi agentlikning direktori Almatov Bahrom Ibragimovich bilan bo‘lgan dolzarb suhbatning to‘liq shakli bilan video orqali tanishishingiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring