Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sergelidagi «O‘zgarish» mahallasida uzluksiz badbo‘y hid tarqalmoqda (video)

Sergelidagi «O‘zgarish» mahallasida uzluksiz badbo‘y hid tarqalmoqda (video)

Toshkent shahar hokimligi poytaxtning Sergeli tumani «O‘zgarish» mahallasida istiqomat qiluvchi aholi uzluksiz, yoqimsiz hid kelayotganidan shikoyat qilayotgani haqida videolavha tayyorlagan.

Ma’lum qilinishicha, mahallada muntazam yoqimsiz, badbo‘y hid tarqaladi, kechalari esa u yanada kuchayadi. Aholining aksariyat qismi buni shu hududda joylashgan «Salar» to‘yintirish inshooti faoliyati bilan bog‘lamoqda.

«Shunaqa sasiydiki, bunga chidab bo‘lmaydi. Bu soat oltigacha davom etadi. Ushbu hid pardalarimizga ham o‘tirib qolgan, uyni ichida niqobda o‘tiraman. Atir va boshqa narsalarni sepaman — foydasi yo‘q. Yoz yaqinlashyapti deraza-eshiklarni yopa olmasak… Badbo‘y hid qayerdan kelayotganini bila olmayapmiz. «Vodokanal»mi yoki Terini qayta ishlash sexi. Sexning yonidan o‘tsangiz, u yerda ham chidab bo‘lmas hid», — deydi mahalla fuqarolaridan biri.

Mahalla fuqarolaridan yana biri 26 yildan buyon shu hududda yashashi, ammo bu yilgidek hali hech badbo‘y hid chiqmaganini ta’kidlagan. «Badbo‘y hid uyga kirib qolgach, uni hech narsa bilan yo‘qotib bo‘lmaydi. Hatto «osvejitel»lar allergiya bervordi», — deya qayd etadi ayol.

Mutaxassislarning izohiga ko‘ra, yoqimsiz hid taralishining asosiy sababi «Salar» to‘yintirish inshooti hamda Bo‘zsuv kanaliga turli korxona va tashkilotlar tomonidan oqava suvlar va chiqindilar oqizilishidir.

Ta’kidlanishicha, «Bektemir» va «Salar» oqava suv tozalash inshootidagi korxonalarga yuzlab ogohlantirish berilgan. Laboratoriya tahlillari muntazam olib borilib, kompensatsiyalar undirib kelinadi.

«Tadbirkorga qo‘llanilayotgan choralari hali o‘zining amaliy natijalarini bermayapti. SES bilan qilingan murojaatga asosan arzimagan jarimasini to‘lab, ishlashni davom ettiryapti. Misol uchun, tekstil korxonasi yoki Terini qayta ishlash sexini oladigan bo‘lsak, ularning lokal inshootini qurish bir necha ming dollar turadi, har oy ishlatishga katta mablag‘ talab etiladi. Xarajatdan qochgan tadbirkorlarning maqsadi — kechqurun hech kim bilmaganda oqizib yuborish», — deydi «Toshkent shahar suv ta’minoti» bosh muhandisi Abduqodir Alimov

Aholining so‘zlariga ko‘ra, Terini qayta ishlash zavodi ichida temir sexi ochilgan bo‘lib, ularning hojatxonasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalga tushadi. Suv pasayganda ularning trubalari ko‘rinadi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi mazkur holatga munosabat bildirib, suv tozalash inshooti va uning atrofidagi korxonalar tomonidan atrof tabiiy muhitga yetkazilayotgan zarar atroflicha o‘rganib chiqilishi hamda bunday salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi lozimligini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, bu borada «O‘zsuvta’minot» AJ, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda boshqa aloqador tashkilotlar tomonidan ishchi guruhi tuzilib, o‘rganishlar tashkil etilishi maqsadga muvofiq.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring