Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatorlar alkogol va tamakini cheklaydigan qonunni nega rad etishdi?

Senatorlar alkogol va tamakini cheklaydigan qonunni nega rad etishdi?

Bugun o‘z ishini boshlagan Senatning yigirma yettinchi yalpi majlisida «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonun rad etilgan.

Mazkur Qonun «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi, «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlardagi normalarni o‘z ichida mujassamlashtiradi. Shu sababli ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish nazarda tutilgandi.

Biroq yalpi majlisda Senat a’zolari qonunning asosiy tushunchalariga aniqlik kiritish zarurligi, kollizion normalar mavjudligi, huquqni qo‘llash amaliyoti chuqur o‘rganib chiqilmagani bois uni rad etish haqida qaror qabul qilgan.

Rad etish uchun asosiy sabablar sifatida qator masalalar keltirib o‘tilgan. Jumladan:

  • alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning zarari to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot hamda profilaktika ishlari faqatgina voyaga yetmaganlar o‘rtasida olib borilishi;
  • bunday mahsulotlarni sotish va iste’mol qilish 21 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun taqiqlanishi, natijada 18 yoshdan yuqori va 21 yoshga to‘lmagan shaxslar qatlami chetda qolayotgani.
  • «nosvoy», «tamakili snyus» va «nikotinli snyus» tushunchalari chekilmaydigan tamaki mahsulotlari doirasiga kiritilgani.

Bunda «nosvoy» tushunchasining mazmuni alohida xatboshida ochib berilgan, biroq boshqa yangi turdagi chekilmaydigan tamaki mahsulotlari «tamakili snyus» va «nikotinli snyus» tushunchalari ochib berilmagan, ularning bir-biridan farqi bayon etilmagan.

Qonunda faqatgina O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarning reklamasiga qaysi hollarda yo‘l qo‘yilishi bayon etilgan. Biroq 2022 yil 7 iyundagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 39-moddasida tabiiy va ko‘piklanadigan vinolar bilan birga pivo reklamasiga ham yo‘l qo‘yilishi belgilangan. Bu esa normalar kolliziyasini keltirib chiqarmoqda. Shunga ko‘ra qonunning tegishli normasini «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga muvofiqlashtirish kerakligi aytilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring