Senatning yalpi majlisi yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi (foto)
Joriy yilning 19-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy Majlis Senati tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Parlament yuqori palatasining barcha qo‘mita raislari va senatorlar ishtirok etgan matbuot anjumanida joriy yil 18-19-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan yigirma birinchi yalpi majlisda ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan OAV vakillariga batafsil axborot berildi.
Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan, Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali onlayn yoritilgan yalpi majlisda jami 14 ta masala ko‘rib chiqildi.
Ularning 5 tasi tegishli tashkilot rahbarlari axboroti, parlament so‘rovi natijalari, Senat qo‘mitalari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar va 9 tasi xalq farovonligini ta’minlash hamda aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladigan qonunlardir.
Ikki kun davom etgan yalpi majlisda inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar bajarilishi, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holatlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi senatorlar, Vazirlar Mahkamasi mutasaddilari, idora va tashkilotlar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida qizg‘in muhokama qilindi.
Shuningdek, xotin-qizlar mehnat muhofazasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar haqida ma’lumot berilib, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining 2020-yil va 2021-yilning o‘tgan davridagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Matbuot anjumanida yigirma birinchi yalpi majlisda muhokama qilingan «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonun, shuningdek gidrometeorologiya faoliyati, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlari va bola huquqlarini ta’minlash, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, soliq ma’muriyatchiligi, transport va moliya sohalaridagi ma’muriy jazolar liberallashtirish bilan bog‘liq va boshqa Qonunlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter