Senat propiskaga oid o‘zgartish va qo‘shimchalarni ma’qulladi
Senat tomonidan «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun ma’qullandi.
Qonunda tizimni isloh qilishga qaratilgan yangiliklar nazarda tutilmoqda.
Xususan, «doimiy propiska» so‘zlari «yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» so‘zlariga almashtirilmoqda.
Bundan tashqari, fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularning egaligida bo‘lgan boshqa manzildagi uy-joy maydoniga ham doimiy ro‘yxatga turish imkoniyati yaratilmoqda.
Shuningdek, er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda propiskani yo‘qotish bo‘yicha qoidalar bekor qilinmoqda.
Lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar, shuningdek, ularning oila a’zolari belgilangan tartibda doimiy propiska qilingandan so‘ng, ular boshqa ishga o‘tishi yoki lavozimdan ozod etilishi yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan chiqarilishga olib kelishiga oid qoida chiqarib tashlanmoqda.
Davlat hokimiyati organlarida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq bo‘lgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) tegishli organ yoki tashkilot rahbarining ma’lumotnomasiga ko‘ra, shuningdek, ularning oila a’zolariga doimiy ro‘yxatga turish bo‘yicha yangi band kiritilmoqda.
Ma’qullangan Qonun Prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach rasmiy kuchga ega bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter