Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat halok bo‘lgan IIB xodimi oilasiga e’tibor qaratdi. Vazirlik-chi?

Senat halok bo‘lgan IIB xodimi oilasiga e’tibor qaratdi. Vazirlik-chi?

Foto:«Xabar.uz»

Ijtimoiy tarmoqlarda vatan uchun qurbon bo‘lgan IIB xodimining muhtoj oilasiga nega yordam ko‘rsatilmayotganiga oid xabarlar Senat a’zolarining e’tiborini tortdi. E’tibor qilmasa bo‘lmaydigan masala edi-da, sirasi. Qarang-da, 2000-yil antiterror tadbirlarida yurt tinchligini ta’minlash yo‘lida qurbon bo‘lgan serjant Ikrom Saidahmedovning bevasi Barno opa, II guruh nogironi bo‘lgan o‘g‘li Saidolim ayni kunda qiynalib yashayotgan bo‘lishiga qaramasdan pandemiya davrida muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “temir daftar”ga kiritilmagan. Ushbu oila moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanmagan.

Parlament yuqori palatasi saytida bildirilishicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mazkur masalani o‘rganib, o‘z nazoratiga oldi hamda tegishli mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Qayd etilishicha, Ichki ishlar sobiq serjanti Saidahmedov Ikromjon Satimboyevich Toshkent viloyati IIB Yong‘in xafsizligi boshqarmasiga bevosita bo‘ysunuvchi 18-yong‘in xavfsizlik qismi katta yong‘in o‘chiruvchisi lavozimida 1996-yilning mart oyidan 2000-yilning sentyabr oyiga qadar xizmat qilgan.

2000-yilning 23-sentyabr kuni Bo‘stonliq tumani tog‘li hududlarida o‘tkazilgan “Antiterror” tadbirida yong‘inni o‘chirish vaqtida alanga ichida qolib ketgan va jarohatlanishiga qaramay, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va davlat mulkini saqlash yo‘lida halok bo‘lgan.

Vafotidan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 12-yanvar kunidagi Farmoniga asosan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.

2020-yil 12-avgust kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi aralashuvi bilan marhumning oila a’zolari holidan xabar olindi. Ularga 1 mln. so‘m miqdorida naqd pul shaklida moddiy yordam, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Shu bilan birga, hozirda B.Saydahmedova va uning o‘g‘li II guruh nogironi Saidolim Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasida davolanishi, davo muolajalari tugagach, ularni ish bilan ta’minlash masalasi ham ijobiy hal etildi. Qolaversa, Bo‘stonliq tuman hokimligi tomonidan ushbu oila “temir daftar”ga kiritilib, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘ldi.

Ichki ishlar vazirligi-chi? Vazirlik  mard va marhum  xodimining oilasi shu ahvolga kelib qolguncha  nahot e’tibor qilishmagan? Bu savol javobi vazirlik mutasaddilariga tan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring