Savodsizlikka undayotgan lug‘at-ma’lumotnoma (foto)
Qizim olti yoshda. Ingliz tilini o‘rganishga qiziqadi. Shu bois har doim ingliz tilidan o‘rgangan so‘zlari xotirasida muhrlanib qolishi uchun rasmli kartochkalarni sotib olamiz. Turmush o‘rtog‘im bilan kanselyariya do‘konidan «Meriuys» nashriyoti tomonidan chop etilgan «Alphabet» suratli lug‘at-kartochkalarni sotib oldik. Uning qulayligi old tarafida surat, harf va inglizcha so‘z yozilgan. Orqa tomonida esa so‘zning inglizcha talaffuzi, ruscha va o‘zbekcha tarjimasi bor ekan. Qiziqdim. Birato‘la qizim ham rus tilida, ham ingliz tilida so‘zlarni o‘rganib boradi. Kartochkalarning bir-ikkitasini qo‘limga olib ko‘rdim. Hali qizim o‘rganmagan so‘zlar ekan. Xursand bo‘ldim.
Kartochka olsang olibsan, shuni ham yozasanmi deyapsizmi? Shoshilmang. Maqolani oxirigacha o‘qisangiz, pushaymon bo‘lmaysiz. Qizimga «Antilope» — antilopa, «Bear» — ayiq, «Cock» — xo‘roz, «Tortoise» — toshbaqa, «Kangaroo» — kenguru, «Owl» — boyo‘g‘li, «Wolf» — bo‘ri ekanligini yodlatdim, navbat «Mouse»ga keldi. Kartochkada tarjimasi «sichkon» deb yozilgan ekan. Iye, buni rusiyzabon mutaxassislar tayyorlagan ekan, shekilli, sichqon deb talaffuz qilasan desam, qizim:
— Oyijon, kitoblar aldamaydi, axir o‘zingiz aytgansiz-ku. Nega yozilganidek o‘rgatmayapsiz? «Sichkon» deyish to‘g‘ri bo‘larkan-ku deb qolsa bo‘ladimi. Qizimga bir amallab bu nashriyotning xatosi ekanligini, ba’zan shunday xatolar ham bo‘lib turishini, to‘g‘ri-noto‘g‘rini aniqlash uchun hushyor va bilimli bo‘lishimiz kerakligini tushuntirgan bo‘ldim. Ammo yana ikkinchi qopqonga tushdim. «Lion» so‘zini o‘rganayotib qizim kulib yubordi.
— Oyijon, shu rasmdagi shermi, bu mushukcha-ku. Sherga umuman o‘xshamaydi-ku? — dedi. E’tibor berib qarasam, e’tirozi o‘rinli. Unga bu surat mushukchadek tuyulishi rost ekan. Bunga ham ko‘z yumdim. Qizimga ko‘p mahmadonalik qilmaslikni, undan ko‘ra so‘zlarni o‘rganishi kerakligini aytdim. O‘rganishda davom etdik. Bu safar esa o‘zim ham kulib yubordim. «Quil» — tarjimasi pat ekan. Ammo qani edi shu rasmdan patni topib bera olsam qizimga. Suratda ip-igna tasvirlangan edi. Pat esa qayerga ravona bo‘lganini bilmadim. Xullas, hafsalam pir bo‘ldi-da, kartochkalarni olib borib chiqindi qutisiga tashlagim keldi. Yo‘q, hali bor, qani oxirigacha ko‘raylik-chi, nima bo‘larkin? Xullas, qo‘limga «Yak» so‘zi tushdi. Kartochkada o‘zbekcha tarjimasi ham «Yak» ekan. Yak so‘zini qidirishga tushdim. «Yak» — bir deganimi? «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobining «Ya»ga oid sahifasini ochdim. Unda «yak» so‘zi bir, yakka, yagona degan ma’nolarda qo‘llanishi keltirilgan ekan.
Lekin ingliz tili kartochkasidagi suratda yovvoyi buqa tasvirlangan. Ingliz tilidagi «Yak» so‘zining o‘zbekcha tarjimasini qidiramiz. Tarjimasi «qo‘tos» ekan.
«O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da: «Qo‘tos — Markaziy Osiyoning baland tog‘li hududlarida yashaydigan, ho‘kizlar kenja oilasiga mansub kavsh qaytaruvchi hayvon», — deyilgan.
O‘zi bu kartochkalar tafakkurni charxlashga mo‘ljallanganmi yoki ingliz tili mutaxassislarining bilimlarini sinovdan o‘tkazish uchun mo‘ljallanganmi, bilmadimu, lekin lug‘at-ma’lumotning eng oxirgi sahifasida bu maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangani yozilgan ekan.
Bolalar ongi qabul qiluvchan, yangilikni tez o‘zlashtiruvchan bo‘ladi. Ularga noto‘g‘ri bilim berib chalg‘itish — kelajakka xiyonat emasmi? Lekin bu kartochkalar hamma uchun tushunarli, omma uchun, eng muhimi, bola uchun tushunarli tarzda chiqarilishi kerak edi-ku. So‘zning ma’nosini topish uchun olti yoshli qizim «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ni varaqlay olmaydi, albatta. U hali maktabga ham chiqmagan bo‘lsa. O‘sha kartochkadagi so‘zni o‘zlashtiradi-qo‘yadi, vassalom. Nashriyotlarning chiqarayotgan mahsulotlarini qat’iy nazorat qilish shart. Bu kechiktirib bo‘lmaydigan ish.
Nashr qilinayotgan kitobu qo‘llanmalarning ma’no-mazmuniga e’tibor qaratmay, mo‘may daromadiga oshiqayotgan nashriyotu savdogarlarning o‘zlari farzandlariga shunday xato qo‘llanmalarni ravo ko‘radimi? Afsuski, bunday kartochkalar hali do‘konda juda ko‘p edi. Uning ancha qismi allaqachon mamlakatimiz bo‘ylab tarqalgan bo‘lsa kerak. Hamma ota-onalar ham ingliz tilini mukammal bilmaydi, yoki ularning hammasi ham shu so‘zlar to‘g‘ri yozilganmikan deb lug‘at varaqlab o‘tirmaydi-ku. Ammo barcha ota-onalar bolasining chet tillarini, ayniqsa, ingliz tilini puxta o‘rganishini juda-juda xohlashi bor gap. Buning uchun bolalariga qo‘ldan kelgancha sharoit yaratib berishi tabiiy. Xuddi shunga o‘xshash kartochka va qo‘llanmalarni sotib olib beradi. Bolaning til o‘rganishi, bilimini charxlashi uchun nashr qilinayotgan ba’zi bir qo‘llanmalarning esa ahvoli bunday. Demakki, ularga ishonch yo‘q. O‘zbek tilidagi so‘zniki to‘g‘ri yozishmagan ekan, chet tilini bolalarga o‘rgatmoqchi bo‘layotgan bu kartochkalarda balki inglizcha so‘zlarning o‘zi ham noto‘g‘ri yozilgandir? Eng yomoni shundaki, kimlardir allaqachon ushbu qo‘llanmalarni sotib olib, undagi ma’lumotlarni to‘g‘ri deb bolasiga yodlatayotgan bo‘lishi ham mumkin. O‘zimiz bilmagan holda bolalarimizga yoshligidanoq xato-kamchiliklarga to‘lgan o‘quv qurollari bilan bilim bersak, ularning kelajagini qanday tasavvur qila olamiz?
Kitob yoki bilimni charxlovchi qo‘llanmalarni sotib olayotganda hushyor bo‘ling, azizlar.
Dilfuza Ergasheva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter