Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya Arabistoni bilan turizm sohasini birgalikda targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi

Saudiya Arabistoni bilan turizm sohasini birgalikda targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Saudiya Arabistoni turizm vaziri Ahmed bin Aqil al-Xatib bilan uchrashdi.

Aziz Abduhakimov UNWTO Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasidagi tashrifi uchun Ahmed bin Aqil al-Xatibga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Butunjahon turizm kuni muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 27-28 sentyabr kunlari Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida «Butunjahon turizm kuni 2023. Turizm va yashil investitsiyalar» xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etib, mamlakat turizm salohiyati taqdimotini o‘tkazdi.

Shuningdek, vazir Madridda bo‘lib o‘tgan saylovlar chog‘ida Samarqand nomzodini qo‘llab-quvvatlagani uchun tashakkur bildirdi va 2026 yilda UNWTO Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasi mezbonligi uchun saylovda Saudiya Arabistoni nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

O‘z navbatida Ahmed bin Aqil al-Xatib ikki davlat o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik tobora rivojlanib borayotganini qayd etdi.

A. Abduhakimov Xiva «Islom olamining turizm poytaxti» deb e’lon qilinganini ta’kidlab, Saudiya Arabistonining yetakchi ommaviy axborot vositalarini ushbu go‘zal shaharning boy tarixi va madaniy merosini namoyish etish uchun Xivaga taklif qildi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va sayyohlik blogerlari uchun oilaviy sayohatlar uyushtirish orqali O‘zbekiston va Saudiyaning turizm salohiyatini birgalikda targ‘ib qilishni oshirish, ikki davlat o‘rtasida parvozlar sonini ko‘paytirish, Saudiyaning yetakchi fotograflarini yurtimizga taklif qilib, ularning suratlari asosida «O‘zbekiston saudiyalik fotograflar nigohida» maxsus ko‘rgazmasini tashkil etish, 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma memorandum bo‘yicha harakatlar rejasi ishlab chiqish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda Saudiyadan O‘zbekistonga turizm oqimi tiklandi (1731 ta) va bu yil 60 foizdan ortiq o‘sish kuzatildi. O‘tgan yili turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanib, sayyohlar oqimini 100 ming nafarga yetkazish borasida kelishib olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring