Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardoba. Bu yerda hammaning o‘z hikoyasi bor

Sardoba. Bu yerda hammaning o‘z hikoyasi bor

2020 yil, 1 may. Sardoba fojiasini boshidan o‘tkazgan har bir odamning bu sana bilan bog‘liq o‘z hikoyasi bor. Va o‘sha hikoyaning oxiri ko‘pincha shunday tugaydi — «biz ko‘rdik, endi farzandlarimiz ko‘rmasin».

Jo‘rayeva Dilfuza opa ham o‘sha kuni tongda baqir-chaqirlardan uyg‘onib ketdi. Qolgani xuddi tushdagidek kechdi, bolalarni olib chiq, duch kelgan mashina bortiga chiqib ol, joningni qutqar. Kim yengil mashinada, kim yuk mashina va yana kimdir traktor pritsepida xavfsiz joyga chiqib olishga urinardi.

«O‘zimiz bilan hech narsa olishga ulgurmadik. Hamma narsani tashlab, faqat jonimizni qutqardik. Unaqa vaqtda ko‘zga nimayam ko‘rinardi, bolalarni saqlab qolganimizga xursand bo‘ldik», — deydi Dilfuza opa.

Kelajak uchun qayg‘u sal keyinroq, bexavotir joyga chiqib olgandan so‘ng paydo bo‘ldi. Uch kun o‘tgach, uylariga qaytganda to‘rt devordan boshqa hech narsa qolmagani ko‘rgach, qayg‘u yana-da kuchaydi. «Yiqqan-terganimizdan hech narsa qolmagan ekan. Darvoza oldida bizni faqat bittagina itimiz kutib oldi. Boshqa hech narsamiz qolmagandi», — deydi to‘rt nafar farzandning onasi.

Yangilangan uyida hammani duo qilayotgan Javlon bobo Jo‘rayev. 

Shukrki, Dilfuza opa ham, o‘sha fojiadan jabr ko‘rgan boshqalar ham yordamsiz qolishmadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev fojia ro‘y bergan kuniyoq Sardobaga yetib bordi. Sirdaryoliklarga butun mamlakat yordam berdi. Bu yog‘i Qoraqalpog‘istondan tortib, Surxondaryogacha ko‘mak karvonlari Sardoba tomonga tizildi.

Loy bosgan uylar tozalandi, ta’mirlandi. Dilfuza opaning uyini ham hozir tanib bo‘lmaydi. Hamma tomon ozoda, sarishta. Hovliga issiqxona qurilgan. Davlat tomonidan uyni jihozlash uchun 40 million so‘m berilgan bo‘lsa, qo‘shimchasiga xolodilnigu televizordan tortib, dazmolgacha sovg‘a qilindi.

Uyi qayta tiklab bo‘lmas darajada buzilib ketganlar uchun esa yangi uylar qurildi. Baxtiyor Mirzayev o‘sha uylar qurilishida qatnashgan sardobaliklardan biri bo‘ldi.

***

Suv ombori o‘pirilib, toshqin boshlangan vaqtda Baxtiyor Mirzayev ham el qatori o‘z uyida edi. To‘polon boshlanganda tibbiyot kollejida o‘rganganlari qo‘l keldi — vahimaga berilmadi, avval oilasini, keyin esa boshqalarni qutqarishga harakat qildi. O‘sha kuni FVV va Milliy gvardiya xodimlari falokat ro‘y bergan joyga tezda yetib kelishdi. Baxtiyor ular qatori hamqishloqlariga yordam berishga urindi. Shoshilinch tibbiy yordamda ishlab ko‘zi pishib ketgani uchun ancha-muncha vaziyatda esankirab qolmadi. «Mening 32 yillik umrim shu qishloqda o‘tgan. Toshqin bo‘lgan kuni ertalab soat 5 dan to bir yarimgacha qutqaruvchilar bilan bo‘ldim. Faqat suv batamom bosib kelgandan keyin ketdim», — deydi u.

Baxtiyor oilasini xavfsiz joyda qoldirib, tug‘ilgan qishlog‘iga tezda qaytdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev: «Eng muhimi — odamlarimiz qishning sovuq kunlariga qolmasdan yangi uylariga ko‘chib o‘tishi shart», — degan edi. Shunga monand Sardoba, Oq oltin va Mirzaobod tumanlarida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi boshlab yuborildi. Baxtiyor Mirzayev ana shu jarayonda faol ishtirok etdi va kasbi taqozosi vaqtinchalik tibbiyot punktida quruvchilarning sog‘ligini nazorat qilib bordi, tibbiy yordam ko‘rsatdi.

Mana endi mehnatining rohatini ko‘ryapti. Bugun u yangi uyiga farzandlarini boshlab kiradi. «Shahar biz tomonlarga kelyapti», — deydi u yangi uyida jurnalistlar bilan qilgan suhbati vaqtida. Darhaqiqat, bunaqa sharoitga ancha-muncha shahar aholisi ham havas qiladi. Xonadon so‘nggi urfga ko‘ra ta’mirlangan, yangi jihozlar o‘rnatilgan hamda gaz, elektr va suv bilan ta’minlangan.

«Do‘stlik» mahallasida umumiy hisobda 5 qavatli uylardan 37 ta qurildi. Xonadonlarning umumiy soni esa 1480 tadan iborat. Bu esa 1480 ta oilada bayram bo‘ladi, deganidir. E’tiborli tomoni, qurilish ishlarida boshqa hududlardan kelgan ishchilar qatori mirzaobodliklar ham mehnat qilishdi. Ular ham o‘z uylarini ko‘tarishdi, ham buning uchun maosh olishdi.
***
Darvoqe, bir savol: cho‘lda shaharsozlikning so‘nggi namunalariga ko‘ra qurilgan bu uylarda yashaydigan odamlar nima ish bilan shug‘ullanadi? Savolning javobi ham shu yerning o‘zida topiladi — yangi mahallaning shunday yonginasida 600 ish o‘rniga mo‘ljallangan trikotaj fabrikasi qurildi.

«Sardoba Oqsaroy tekstil» fabrikasi roppa-rosa 120 kun deganda qurib bitkazildi. Dastlab bu yerda 500 kishi ish bilan ta’minlanadi, korxona to‘liq quvvat bilan ishga tushib ketgandan so‘ng ishchilar sonini 600 nafardan oshirish ko‘zda tutilgan. O‘shanda yiliga 1,4 mln.dona tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.


Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish va fuqarolardan xabar olish maqsadida Sirdaryoga tashrif buyurdi. Tashrif davomida turli idora va tashkilotlar tomonidan rejadagi loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring