Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saneg: GRDC bilan hamkorlik ilg‘or texnologiyalar va ilmiy yechimlar sari intilmoqdir

Saneg: GRDC bilan hamkorlik ilg‘or texnologiyalar va ilmiy yechimlar sari intilmoqdir

O‘zbekistonda GRDC ilmiy-texnologik markazi geologiya-qidiruv, uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni ishlash, qazib olish, yig‘ish, tayyorlash va transportivka qilish tizimlarini loyihalashtirish bo‘yicha yetakchi tashkilot hisoblanadi. «Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) kompaniyasi tomonidan GRDC ilmiy-texnologik markazi ulushi sotib olinishi esa ilmiy g‘oya va ishlab chiqarishni birlashtirdi. Bugunga kelib yagona ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Uglevodorod xomashyosi qazib olish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bunga kuni kecha ilk bor GRDC ilmiy texnologik markazida jurnalistlarni kompaniya ishlari bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan ekskursiya jarayonida guvoh bo‘ldik.

– GRDC bilan hamkorlik bizning ilg‘or texnologiyalar va ilmiy yechimlar sari intilishimizni yana bir bor isbotlaydi, bu esa energetika sohasidagi maqsadlarimizga erishishning kalitidir. Bugungi kunda markaz nafaqat mahalliy kompaniyalarga ilmiy-texnologik xizmatlarni ko‘rsatmoqda, balki Qozog‘istonning chegara hududlarida yangi konlarni izlash bo‘yicha loyihalarni ham olib borayapti. Bu esa  markazning texnik malakasi hamda energetika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirgan  holda xalqaro miqyosda samarali faoliyat yurita olish qobiliyatini namoyon etmoqda, – deya ta’kidladi Saneg bosh direktori To‘lqin Yusupov.

 Darvoqe, GRDC va Saneg o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlik qazib chiqarish loyihalarida tijoriy samaradorlikka erishish uchun keng qamrovli yechimlarni yaratishga, shuningdek, neft va gaz muhandisligi bozorida innovatsion ishlanmalarni amalga oshirishga asoslanadi.

– Mutaxassislarimiz 556 ta geofizikaviy va kon-geofizikaviy tadqiqotlarni qayta talqin qilishdi, Saneg konlarining 63 ta uch o‘lchovli geologik-gidrodinamik modellarini ishlab chiqib, qurishdi, uglevodorod qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha 850 ta geologik-texnik tadqiqotlarni amalga oshirishdi, 140 dan ziyod quduqlarni kompleks o‘rganishdi va qatlam suyuqliklarining 1500 ga yaqin chuqur namunalarini olishdi, – deydi bosh direktorning strategik loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Nazarov.

Ekskursiya davomida fizika-ximiya laboratoriya xodimlarning ishini kuzatishga ham muvaffaq bo‘ldik.

Bu yerdagi laboratoriya jihozlari  Yaponiya, Germaniya kabi mamlakatlardan keltirilgan bo‘lib, O‘rta Osiyo bo‘yicha faqat O‘zbekistonda mavjud ekan. Laboratoriyada neft va gaz tarkibida boshqa moddalar qancha foizini tashkil etishi, trubalarga zarar yetkazadigan agressiv moddalarni zararsizlantirish, suv tarkibi kabi juda ko‘p tadqiqotlar va o‘rganishlar amalga oshiriladi.

Xuddi shunday tadqiqotlar, o‘rganishlar natijasi o‘laroq, o‘tgan yilning sentyabr oyidan boshlab GRDC Qashqadaryo viloyatidagi o‘zlashtirish bosqichida bo‘lgan to‘rtta «G‘arbiy Toshli», «Sharqiy Toshli», «Shimoliy O‘rtabuloq» va «Kruk» konlari bo‘yicha loyiha boshqaruvini ta’minlab kelmoqda. 125 ta geologik-texnikaviy chora-tadbirlar ishlab chiqib, amalga oshirildi, buning natijasida kuniga jami neft qazib olish hajmi 283 tonnaga oshdi.

Bundan tashqari, markaz tomonidan sayoz quduqlarni burg‘ilash va Farg‘ona viloyatidagi  3 ta ishlatib bo‘lingan  konlardan neft qazib olish darajasini oshirish usullarini qo‘llash orqali konlarni o‘zlashtirish darajasini yuksaltirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Ekspertlarning baholashicha, taklif etilayotgan chora-tadbirlar majmui  Sanegning kunlik qazib chiqarish darajasini ikki baravar oshiradi – 2033-yilga kelib ushbu ko‘rstkich 1600 tonnagacha oshadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring