Samarqandning Darg‘om kanaliga oqizilgan neft chiqindisi yetkazgan zarar hisoblandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand tumani hududidan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanaliga neft mahsulotlari oqizilganlik holati bo‘yicha e’lon qilingan videomurojaatdagi holat shu kunning o‘zida Davlat ekologiya qo‘mitasi va Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan tezkorlik bilan o‘rganildi. Bu haqda Ekoqo‘mita rasmiy telegram-kanalida ma’lum qilindi.

Xabarga ko‘ra, Samarqand tumanining Andijoni MFYda joylashgan «NURSHOD UNIVERSAL SAVDO» MChJga qarashli suyultirilgan gaz saqlash omboridagi neft mahsulotlari (pech yoqilg‘isi) saqlash sig‘imidan oqib ketishi natijasida 1 tonna neft mahsulotlari joy relefiga to‘plangani va polietilen truba yordamida Darg‘om kanaliga oqizilib, suvni va joy relefini ifloslantirgan.

Shuningdek, korxona hududiga to‘kilgan neft mahsulotlari bilan ifloslantirilgan yer maydoni o‘lchanganda 86,4 m3 ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Ishchi guruh tomonidan holat bartaraf etilib, atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari hisob-kitob qilinganida 1 204 401 864,0 so‘mni tashkil etgan.
O‘rganishlar davomida hozirgi kunda korxonaning xavflilik darajasi 1-toifaga mansub ekanligi va korxona ekologik normativ hujjatlarsiz faoliyat olib borganligi aniqlangan.
Huquqbuzarlik holatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 65-moddasi 4-qismi bilan ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Korxona faoliyatini to‘xtatish va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun hisoblangan kompensatsiya to‘lovini undirish yuzasidan iqtisodiy sudga kiritish uchun da’vo arizasi tayyorlanmoqda, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter