Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandlik uch bekorchi «millioner»ga aylandi!

Samarqandlik uch bekorchi «millioner»ga aylandi!

Foto: «Xabar.uz»

Bekorchilik jonidan o‘tgan odamga ish masalasiga oid shubhali takliflar ham haqiqatdek tuyuladi. Samarqandlik uch fuqaro (ularning kimligini so‘ramang, ishga joylashish ilinjida chuv tushayotganlar kammi?) ham «Koreyada ish bor» degan gapga laqqa tushib, hamshahri J.P. va boshqalarning ostonasiga bosh urib borishdi. «Hojatbarorlar»ning  to‘lov-po‘lovga oid hech narsa demasdan, faqat ularning  fuqarolik pasportlarini olib qolgani shubhalarni tarqatgan bo‘lsa, ehtimol. Chunki, «xorijga ishga jo‘natayotganlar»ning aksariyati gapni  to‘lovdan boshlab, to‘lovdan tugatadi-da.

Qisqasi, ana-mana «Koreyaga ketaman» deb yurganlar o‘zlari bilmagan holda «N.C.» MChJning ta’sischilariga  aylanib, «millioner» bo‘lishdi (so‘mda bo‘lsayam-da)?!

Qanday qilib?

Gap shundaki, A.N. va boshqa «hojatbarorlar» uch nafar hamyurtining fuqarolik pasportini qo‘lga kiritgach, ularni «ta’sischi qilib», yuqorida nomi tilga olingan MChJni ochishadi. Va... 2019-yilning iyul-avgust oylarida 7,4 mlrd. so‘mlik tovar aylanmasini amalga oshirishadi. Tovar aylanmasini hisobotlarida kamaytirib ko‘rsatish orqali 1,4 mlrd. so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashadi. Bundan tashqari, ular «Paynet» xizmatidan tushgan 4,2 mlrd. so‘m naqd pul mablag‘larini bank muassasasiga topshirmaganliklari ham aniqlangan.

Shovvozlarning bu «o‘yini» Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fosh etildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ayni paytda A.N. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring