Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqanddagi quyosh stansiyasi qurilishi to‘xtatildi

Samarqanddagi quyosh stansiyasi qurilishi to‘xtatildi

Foto: «Sof.uz»

Samarqand viloyatida fotoelektrli quyosh stansiyasining qurilishi to‘xtatildi. Bu haqda «O‘zbekenergo»ning strategik rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Eso Sa’dullayev «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Loyiha bilan bog‘liq texnik va iqtisodiy hujjatlarni o‘rganilganda uni qayta ko‘rib chiqish kerakligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda u Toshkentda elektr energiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada aytib o‘tdi.

Samarqandda Markaziy Osiyodagi ilk fotoelektr stansiyasining qurilishi 2014 yilda e’lon qilingan edi. 2016 yilda qurilish tenderida Xitoyning «Zhuhai Singyes Green Building Technology» shirkati g‘olib bo‘lgandi. 275,8 million dollarlik loyiha Osiyo taraqqiyot banki kreditlari, O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot fondi hamda «O‘zbekenergo» mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi kerak edi.

Hozirgi vaqtda «O‘zbekenergo» xususiy sektorni elektr energiyasi ishlab chiqarish va yetkazib berish tizimiga jalb qilish ustida ish olib bormoqda, — dedi Eso Sa’dullayev.

Shu maqsadda bahorda Kanadaning SkyPower Global kompaniyasi bilan 1000 MVt quvvatga ega bo‘lgan quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha ob’yektlarni qurish bo‘yicha bitim imzolandi. Kompaniya Toshkent, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kerakli ob’yekt qurilishi uchun 1,3 milliard dollar investitsiya ajratish niyatida.

Keyingi to‘rt yilda amalga oshiriladigan loyiha elektr energiyasi ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, energiya ta’minotini yaxshilash va aholini munosib energiya bilan ta’minlashga yordam beradi, deya ta’kidladi «O‘zbekenergo» vakili.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring